Samarqandda aqlli shaharcha bunyod etilmoqda

12:34 22 Oktyabr 2021 Jamiyat
597 0

Foto: Abdulaziz Yo'ldoshev / “Xalq soʻzi”

Dastlab “Humo Smart City  – aqlli shahar haqida ikki og‘iz so‘z. Uning bunday nomlanishiga sabab eng so‘nggi innovatsion texnologiyalardan andoza olingani bilan bog‘liq. Bunda barcha komponentlar o‘z o‘rnida bir-biri bilan uzviy va chambarchas bog‘liq bo‘lib, hudud videokuzatuv orqali to‘liq qo‘riqlanadi va  yagona markazdan boshqariladi. Shaharchaga kirishda qo‘riqlash xizmati faoliyat ko‘rsatadi va doimiy kuzatuv kameralari o‘rnatiladi.
– 2019 yilning noyabr oyida “Humo Smart City” – yuqori qulaylikdagi zamonaviy aqlli shaharcha qurilishini boshladik, - deydi “Nurli kelajak ishonch servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi Akbarali Qayumov. – Uning qurilishi uch bosqichdan iborat bo‘lib, birinchi bosqich 2022 yil mart oyida, ikkinchi bosqich 2022 yil sentabr oyida va uchinchi bosqich 2023 yilning uchinchi choragida nihoyasiga yetkaziladi.
Ayni vaqtda mazkur loyihaning birinchi bosqichi bo‘yicha bunyodkorlik ishlari jadal sur’atda davom etmoqda. Bugungi kungacha 384 ta xonadonni o‘z ichiga olgan 8 ta sakkiz qavatli turar joy binolari qurilishi yakunlanish arafasida turibdi.
Loyihaning ikkinchi bosqichida xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi, umumta’lim maktabi, yuz o‘rinli ayollar markazi, 17 ta ko‘p qavatli turar joy binolarini topshirish hamda uchinchi bosqichda 9 ta ko‘p qavatli turar joy binosi, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, 70 ta oila istiqomat qilishga mo‘ljallangan “taunxaus”lar va qulay infratuzilmani yaratish ko‘zda tutilgan.
10 mingdan ortiq aholiga mo‘ljallangan aqlli shaharning umumiy maydoni 12 gektar, loyiha qiymati esa 720 milliard so‘mni tashqil etadi. 
– Shaharchada aholiga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan 25 ta ob’ekt mavjud, – deydi “Humo Smart City” shaharchasi ijrochi direktori Karim Safarov. – Yana bir afzalligi shundaki, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari tunnel orqali o‘tkaziladi. Shaharcha hududida 1100 metr uzunlikdagi eni 2 metr 70 santimetrni, balandligi 2 metr 10 santimetrni tashkil qiluvchi tunnel quriladi. Bu esa shaharchadagi ko‘cha va xiyobonlarning noo‘rin buzilishining oldini olib, kommunikatsiya tarmoqlaridagi nosozliklarni qisqa fursatda bartaraf etishni ta’minlaydi.

  Abdulaziz YO‘LDOSHЕV, “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?