Samarqandda 113 ta suv inshootlarini qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan

16:18 24 Mart 2025 Jamiyat
261 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Payariq tumani markazidagi toʻrtta mahalla aholisini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash maqsadida “Birdamlik” loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar yakunlandi. Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tantanali tadbirda viloyat va shahar hokimliklari masʼullari, mahalla faollari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Ichimlik suvi taʼminoti boʻyicha olib borilgan ishlarda jonbozlik koʻrsatgan “Samarqand suv taʼminoti” MCHJ Payariq filiali xodimlari tashakkurnoma hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirladi.

“Samarqand suv taʼminoti” aksiyadorlik jamiyati maʼlumotlariga koʻra, viloyatda oʻtgan yili 154,3 milliard soʻm mablagʻ ajratilib, 588,5 kilometr ichimlik va oqova suv tarmoqlari hamda 602 ta ichimlik suv inshootini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilgan. 6 ta oqova suv tozalash inshooti qurilgan.

— Viloyat prokuraturasi yordami bilan jamiyat tasarrufida boʻlgan 509 ta suv inshootida taʼmirlash, raqamlashtirish va obodonlashtirish ishlari olib borildi, — deydi “Samarqand suv taʼminoti” AJ direktori Tolib Boboyev. — Jumladan, 317 ta suv inshootida raqamlashtirish tizimini oʻrnatish maqsadida va doimiy ishlashini taʼminlash, nazorat qilish uchun 155 ta suv inshootida video kuzatuv kameralari, 326 ta quyosh panelli tungi yoritish chiroqlari, 63 ta zararsizlantirish uskunalari oʻrnatildi.

Joriy yilda viloyat aholisining ichimlik suv taʼminotini yaxshilash maqsadida 134 ta obyektda 113 ta suv inshootlarini qurish va rekonstruksiya qilish hamda 671,1 kilometr ichimlik suv tarmoqlarini tortish boʻyicha takliflar berilgan.

Xalqaro moliya institutlari, jumladan, Jahon banki ishtirokida Kattaqoʻrgʻon shahrida 66 million AQSH dollari miqdorida mablagʻ sarflanib, sutkasiga 20 ming metr/kub quvvatli oqova tozalash inshooti, 3 ta suv inshooti, 64 kilometr suv va 48,9 kilometr oqova tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish belgilangan. Ushbu loyiha natijasida 36 ta mahallada yashovchi 85,6 ming aholi ichimlik suvi va oqova xizmati bilan taʼminlanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер