Samarqand viloyatida baliqchilik yoʻnalishida bu yil 54 ta loyiha amalga oshiriladi

20:32 16 Mart 2022 Jamiyat
1463 0

Foto: Халқ сўзи

Samarqand viloyati Paxtachi tumanida 30 ta baliqchilik xoʻjaligi mavjud boʻlib, ularning umumiy sunʼiy suv havzasi 277 gektarni tashkil qiladi. Oʻtgan yili tumandagi baliqchilik fermer xoʻjaliklari va qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan 1066 tonna parhez goʻsht isteʼmol bozoriga chiqarildi.

Paxtachidagi «Baliq Al Said» fermer xoʻjaligi koʻp tarmoqli boʻlib, jami yer maydoni 73 gektardan iborat. Shundan 55 gektari baliq yetishtirishga moʻljallangan suv havzasi hisoblanadi. Suv havzalariga 78 ming dona tovar baliq, 420 ming dona segalatka tashlangan. Baliq yetishtirishga moʻljallangan suv havzasining 13 gektari yarim intensiv, 4 gektari intensiv.

— Bugungi kunda aholi isteʼmoli uchun karp, tilapiya, oq amur, oq doʻngpeshona kabi oʻnga yaqin turda baliqlarini yetishtiryapmiz, — deydi «Baliq Al Said» fermer xoʻjaligi rahbari Dilshod Karimov. — 2022-yilda xoʻjaligimiz tomonidan Qirgʻiziston Respublikasiga 20 ming AQSH dollari miqdorida Karp baligʻi chavogʻi, Qozogʻiston Respublikasiga 100 ming AQSH dollari miqdorida tilapiya baligʻi chavoqlarini eksport qilish uchun shartnoma imzoladik.

Tumandagi “Ahmadjon Orzu koʻllari” fermer xoʻjaligi ham ayni sohaga ixtisoslashgan boʻlib, 2021-yilda bu yerda 200 tonna sifatli va arzon baliq mahsulotlari yetishtirildi.

— Mazkur fermer xoʻjaligi rahbari Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan Chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik xoʻjaliklariga ular tomonidan yetishtirilgan va sotilgan mahsulotlar uchun subsidiya ajratish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga asosan subsidiya ajratishni soʻrab ariza bilan murojaat qilgan edi, — deydi “Oʻzagroinspeksiya”ning Paxtachi tuman boʻlimi boshligʻi Gʻulom Qurbonov. — Inspeksiya organlari vakolati doirasida fermer xoʻjaligi rahbarining arizasi oʻz vaqtida qanoatlantirildi va 140 million soʻm subsidiya ajratilishi taʼminlandi. Bunday misollarni koʻplab keltirish mumkin. Aytmoqchimizki, daromad manbai boʻlgan baliqchilikni rivojlantirish uchun barcha zarur chora-tadbirlar amaliy ijrosini topayotgani samarasida sohada siljish kuzatilyapti.

Maʼlumot uchun. Bugungi kunda Samarqand viloyatida 517 ta baliqchilik yoʻnalishidagi xoʻjaliklar mavjud boʻlib, oʻtgan yili ular tomonidan 21 788 tonna baliq ovlandi. Joriy yilda esa baliqchilik tarmogʻi rivojini yanada jadallashtirish maqsadida 54 ta yangi loyiha ishga tushiriladi va 300 ga yaqin ish oʻrni yaratiladi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер