Samarqandda yer usti metrosi quriladi

14:43 14 Yanvar 2025 Siyosat
217 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida Samarqand shahri, Samarqand va Oqdaryo tumanlari chegaralarini oʻzgartirish masalasi muhokama qilindi. Bu oʻzgarishlar Samarqand shahrining meʼmoriy qiyofasini yaxshilash, turizm salohiyatini kengaytirish va hududning iqtisodiy rivojlanishini jadallashtirish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Qarorga koʻra, Samarqand tumani hududidan 170 gektar va Oqdaryo tumani hududidan 243 gektar maydon Samarqand shahri tarkibiga oʻtkaziladi. Mazkur oʻzgarishlar shaharning jozibadorligini oshirish, xorijiy va mahalliy sarmoyalarni jalb qilish va turizm sohasini rivojlantirishni maqsad qilgan. Shuningdek, bu hududlarda zamonaviy biznes va moliyaviy infratuzilmalar barpo etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga asosan, 2023–2030-yillarda “Shirin” zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar-joylar majmuasi tashkil etiladi. Ushbu hududda 254 ta koʻp qavatli uy-joylar, 19 ta ishbilarmonlik va biznes markazlari, 50 ta ijtimoiy obyektlar va 89 ta savdo hamda koʻngilochar komplekslar barpo etiladi. Shuningdek, tarixiy shaharcha ham yaratiladi.

Yangi loyihalar doirasida 112 km ichki yoʻllar, velo va piyodalar yoʻlaklari, 6 km yer usti metro yoʻli, 2 ta katta koʻprik va 7,2 km ichki kommunikatsiya uchun tonnel quriladi. Qolaversa, 180 km irrigatsiya quvurlari hamda 14 km kanal va boshqa sugʻorish inshootlari barpo etiladi.

Deputatlar tomonidan bildirilgan fikrlarga koʻra, bu oʻzgarishlar aholi turmush sharoitini yaxshilash, yangi ish oʻrinlari yaratish hamda ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, bu hududdagi transport va kommunikatsiya tarmoqlari yanada zamonaviylashtiriladi.

Majlisda mazkur qaror loyihasi deputatlar tomonidan maʼqullandi va qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер