Salomatlik timsoli Geya
Ilon va qadah tasvirlari tibbiyot ramzi sifatida dastlab eramizdan avvalgi 800-600-yillarda qayd etilgan. Salomatlik xudosi Geya qadimda oʻng qoʻlida ilon, chap qoʻlida qadah bilan tasvirlangan. Qadahga oʻralgan ilon ramzini tibbiyotga ramz sifatida qabul qilishni esa XVI asrda taniqli shifokor Paratsels taklif qilgan. Tajovuzkor ushbu jonivor tabiatning ajralmas boʻlagi hisoblanib, bir qator kasalliklar, jumladan ogʻir xastaliklar shifosida dori-darmon xom-ashyosining manbaidir.
— Ilon va boshqa bir qator hashorat va oʻrgimchaklar zahridan zamonaviy tibbiyot koʻplab kasalliklarni davolashda foydalanadi, — deydi Navoiy viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Nurali Safoyev. — Dunyo farmatsevtika sanoatida ilon va chayon zahri eng noyob xom-ashyo sifatida qadrlandi. Xalqimizning “zahardan qimmat”, degan qadim ritorikasi mubolagʻa emas.
Afsuski, aynan shu imkoniyat mamlakatimizda uzoq yillar eʼtibordan chetda qolib, zaharli va zaharsiz ilonlar, harorat va oʻrgimchaklarni bilib-bilmay atayin yoʻq qilish oqibatida ularning ayrim turlari butunlay yoʻqolib ketish xavfi ostida qolmoqda. Holbuki, eng xavfli jonzotlaridan biri chayonning zahri nafaqat kuchli zahar, balki tibbiyot uchun bebaho neʼmat ham hisoblanadi. Undan saraton va boshqa kasalliklarni boshlangʻich bosqichda davolashda keng foydalanilib, samarasi yuqori baholangan. Ammo uni yigʻish juda mushkul, bir grammini olish uchun minglab chayonlarning zahri yigʻiladi. Shuning uchun ham uning narxi millionlab dollarga baholanadi.

Navoiy viloyatining Navbahor tumanida faoliyati yoʻlga qoʻyilgan yirik pitomnik “BRAIN” savdo belgisi ostidagi “Biotech Research and Innovation” MCHJ ilmiy-ishlab chiqarish kompleksi oʻtkir zaharli jonivorlarni koʻpaytirishga ixtisoslashgan. Mutaxassislar uning tibbiyot, farmatsevtika sanoati va ilm-fan rivojida yangi davrni boshlab berishiga umid bildirmoqda. Shu bois majmuaning serpentariy, vivariy, inkubatorli terrarium, biokimyoviy laboratoriya, oʻquv markazi, ishlab chiqarish ombori kabi inshootlarida barcha sharoitlar yaratilib, ushbu maqsadlarga 5mln. AQSH dollari miqdorida investitsiya yoʻnaltirilgan. Loyiha toʻliq ishlab chiqarish quvvatiga chiqishi bilan yillik mahsulot eksporti miqdori 7 mln. AQSH dollarini tashkil etishi koʻzlanmoqda.
— Loyiha bosqichma-bosqich rivojlantirib, 2030-yilgacha toʻliq ishlab chiqarish quvvatiga chiqadi, — deydi Navoiy viloyati hokimi oʻrinbosari Elbek Gʻafforov. —Majmuada ilon va chayonsimonlar oilasiga mansub jonivorlarni yetishtirish, ularning yashash tarzi ustida tadqiqot va oʻrganish ishlarini olib borish, ulardan olinadigan mahsulotlar asosida turli farmatsevtika va kosmetika vositalarini tayyorlash, zahri asosidagi preparatlarni sertifikatlash, mahsulot sifati xalqaro standartini yaratish kabi ilmiy va ishlab chiqarish faoliyati olib boriladi.
Kompleksda yoʻqolib ketayotgan ilonlar, chayonlar va toshbaqalarni saqlash va koʻpaytirish uchun optimal sharoitlar yaratilgan. Bu yerda Zoologiya instituti hamda Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti bilan yaqindan hamkorlik qilinib, olimlarga nazorat ostidagi muhitda tadqiqotlar oʻtkazish imkoniyati ham taqdim etilgan. Ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi va vivariy zardoblar va biologik faol qoʻshimchalarni ishlab chiqarish uchun zaharlarni oʻrganish bilan shugʻullanishadi. Dastlabki bosqichda pitomnikka 40 ta zaharli ilon olib kelingan boʻlsa, yaqin istiqbolda aholidan ham zaharli ilon va chayonlarni sotib olish ustida ish olib borilmoqda.

Mazkur yoʻnalishda ish olib borish uchun avvalo, huquqiy baza talab etiladi, — deydi pitomnik rahbari Shuhrat Rajabov. — Zaharli jonivorlarni tabiiy yoʻl bilan koʻpaytirish bir-ikki yillik vazifa emas. Shu kunga qadar yiqqan mahsulotlarimizga kelsak, Xitoy va arab mamlakatlaridan katta qiziqish bildirilayotgani ular oʻz egasini topishi va pitomnigimiz rivojlanishiga asos boʻladi.
Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joiz, “BRAIN” kompaniyasi Markaziy Osiyodagi Qizil kitobga kiritilgan hayvon turlarini koʻpaytirish va oʻrganish maqsadida tashkil etilgan. Kompaniyaning ushbu loyihasi nafaqat viloyat, balki Markaziy Osiyo mintaqasida yagona hisoblanib, yaqin yillarda mamlakatimiz farmatsevtika sanoatida butunlay yangi yoʻnalish taraqqiyotiga turtki berishiga ishonamiz.
Temur ESHBOYEV
(«Xalq soʻzi»).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- “Oltin kuz” II Xalqaro kamer va simfonik musiqa festivali boʻlib oʻtadi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring