Sayyohlarni maftun etuvchi Samarqand sayqali

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqand nafaqat tarixiy yodgorliklari, balki milliy qadriyatlari, anʼanalari va betakror tabiati bilan ham sayyohlar eʼtiborini tortmoqda. Shu bois turizmning yangi yoʻnalishlarini rivojlantirishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Konigil, Tersak va Bogʻibaland mahallalari turizm qishlogʻi va mahallasi maqomini olib, ularda sayyohlar uchun zarur infratuzilma yaratildi.
— Tersak qishlogʻi Urgut tumanidagi togʻlar bagʻrida joylashgan. Bu yerdagi dam olish maskanlari sayyohlarning mazmunli hordiq chiqarishiga xizmat qiladi, — deydi “Tersak sharsharasi” oilaviy mehmon uyi boshqaruvchisi Qoʻysin Hasanov. — Koʻp yillardan beri sayyohlik firmasini ochishga harakat qilganman, ammo imkoniyat boʻlmagandi. Hozir uyimda oʻtirib, xorijlik sayyohlarga xizmat koʻrsatayapman. Qanday qilib deysizmi, biz yashayotgan hududda turizm qishlogʻi tashkil etilib, hovlimning bir qismini mehmon uyi uchun ajratdim. Bu yerda 4 kishi ish bilan band. Oʻzim fransuz tili oʻqituvchisi boʻlganim uchun dastlab fransiyalik sayyohlarni qabul qilgandim. Bugungi kunda Ispaniya, Italiya, Daniya, Germaniya va boshqa mamlakatlardan kelgan sayyohlarga ham xizmat koʻrsatyapmiz.
Oʻtgan yillarda Konigil turizm qishlogʻining ikkinchi bosqichi amalga oshirilib, hudud 22 gektarga kengaytirildi. Siyob arigʻi tozalanib, yangi turistik obyektlar bunyod etildi. 2,5 kilometr veloyoʻlak va 3,5 kilometr piyodalar yoʻlagi barpo etildi. 51 ta yangi turistik obyekt – mehmon uylari, hunarmandchilik ustaxonalari, milliy oshxonalar va dam olish maskanlari ochildi.
— Kosonsoy tumanidan oilamiz bilan sayohatga keldik, — deydi Abduhomid Ismatullayev. — Har safar Samarqandga kelganimda yangi-yangi oʻzgarishlarga guvoh boʻlaman. Birgina “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro turizm markazi bu tarixiy shaharga zamonaviylikni uygʻunlashtirgan chiroyli dam olish maskani boʻlibdi. “Boqiy shahar” majmuasini tomosha qilsangiz, nafaqat Samarqand, balki butun yurtimizni aylanib chiqqandek boʻlasiz. Konigil turizm qishlogʻidagi hunarmandlarning ish jarayoni, ayniqsa, Samarqand qogʻozining tayyorlanishi barchamizni hayratlantirdi.
Urgutning Chor chinor va Omonqoʻton, Nurobodning Oqsoy va Nurbuloq mahallalarida ham sayyohlik salohiyati yuqori. Hozirda bu hududlarda 50 dan ziyod uy-mehmonxona faoliyat koʻrsatmoqda. Mavsumda 60 mingdan ortiq sayyoh tashrif buyuradi.
— Oʻtgan yilda viloyatimizga 2 million 523 ming nafar xorijlik, 4 million 715 ming nafar mahalliy sayyoh keldi. Ularning Samarqandda boʻlishi 2 kundan 2,7 kunga, turizm xizmatlari eksporti 537 million AQSH dollarini tashkil etadi, — deydi viloyat hokimining oʻrinbosari Rustam Qobilov. — Hozirda 18 ming oʻrinli 642 ta joylashtirish vositasi, jumladan, 175 ta mehmonxona, 344 ta oilaviy mehmon uyi, 121 ta xostel mavjud. 389 ta sayyohlik kompaniyasi, 680 nafar gid-tarjimon, 11 ta turizm axborot markazi faoliyat koʻrsatmoqda. Turistik sinfga mansub 125 ta avtobus, 120 ta mikroavtobusdan samarali foydalanilmoqda. Keyingi yillarda viloyatdagi mehmonxonalar tarmogʻi zamon talablariga moslashtirilib, dunyoning TOP-50 taligiga kiruvchi “Hilton” (AQSH), “Movenpick” (Fransiya), “Welness hotel” (Avstriya), “Minyoun” (Xitoy) kabi xalqaro mehmonxona brendlari jalb etildi. Umuman, oʻtgan yil davomida umumiy qiymati 459 milliard soʻmlik 33 ta investitsion loyihalar ishga tushirildi.
Bundan tashqari, Samarqand tumanidagi Ohalik, Oqboʻyro va Mironqul mahallalari hududida umumiy maydoni 4 656 gektar boʻlgan turistik-rekreatsion zonasi tashkil etish haqida qaror qabul qilindi. Togʻli hududlarda turizmni rivojlantirish uchun ulkan imkoniyatlar mavjud. Qarordan soʻng tuman hokimligi huzurida turistik zona direksiyasi tashkil etildi. Xorijiy hamkorlar bilan loyihaning rejasi ishlab chiqildi. Bu yerda togʻ turizmi boʻyicha “ziplayn”, “banji-jamping” va “zorbing” attraksionlari, kanatli park, dor yoʻllari, deltaplan va paraplan yoki havo sharida uchish kabi ekstremal turizm yoʻnalishlari yoʻlga qoʻyiladi.
2025-yilda Samarqandga 2,55 million xorijiy sayyohni jalb etish va turizm xizmatlari eksportini 550 million dollardan oshirish rejalashtirilgan. Bu maqsadda 2 trillion 63 milliard soʻmlik 30 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Loyihalarning 10 tasi yangi mehmonxonalar tashkil etish bilan bogʻliq boʻlsa, 15 tasi umumiy ovqatlanish va dam olish maskanlari, 3 tasi savdo va koʻngilochar maskanlar, 2 tasi sanatoriy va sogʻlomlashtirish markazidan iborat.
Prezidentimiz tashabbusi bilan Imom al-Buxoriy majmuasi yangidan barpo etilmoqda. Ushbu majmuada 10 ming kishiga moʻljallangan masjid bunyod etilgan. Bugungi kunda qurilish va muhandislik ishlari bitkazilib, pardozlash bosqichi boshlangan. Imom al-Buxoriy majmuasi yangi binosining ochilishi bilan Samarqandda diniy turizm imkoniyatlari kengayadi. Shuningdek, “Umra Plyus” dasturi doirasida musulmon ziyoratchilari uchun xizmatlar takomillashtiriladi. Bunda Saudiya Arabistoniga ziyoratga otlangan sayyohlar avval Imom al-Buxoriyni ziyorat qiladi. Bu xalqaro miqyosda ziyoratchilar oqimini oshirishga imkon beradi.
Joriy yilning oktyabr-noyabr oylarida YUNESKO Bosh assambleyasining 43-sessiyasi ilk bor Parijdan tashqarida, aynan Samarqandda oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Butun dunyo uchun muhim boʻlgan ushbu tadbir xalqaro hamjamiyat eʼtiborini yanada kuchaytiradi. Sessiya doirasida 100 dan ortiq davlatdan 6 mingdan ziyod delegatning tashrifi kutilmoqda, bu esa nafaqat Samarqand, balki Oʻzbekiston turizm tarmogʻi uchun ham ulkan imkoniyat yaratadi. Bularning barchasi Samarqandning xalqaro tadbirlar markaziga aylanib borayotgani, uning turistik va investitsiyaviy jozibasi yanada mustahkamlayotganligiga dalolat beradi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring