Saylov qonunchiligini takomillashtirish demokratik islohotlar garovidir

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Namangan davlat universiteti, Termiz davlat universiteti, Nukus davlat universiteti hamda Samarqand davlat universitetlari hamkorligida “Oʻzbekiston Respublikasi saylov qonunchiligi: holati va istiqbollari” mavzuida davra suhbati oʻtkazildi.
“Zoom” onlayn platformasi shaklida tashkil etilgan ushbu tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, institut va markaz xodimlari, yuridik sohada faoliyat yurituvchi taniqli olimlar, ekspertlar hamda amaliyotchilar qatnashdi.
Taʼkidlanganidek, milliy saylov qonunchiligimizni takomillashtirish, uni umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish va amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarga uygʻunlashtirish, mamlakatimizning siyosiy nufuzini yangi bosqichga koʻtarish, xalqaro reyting va indekslardagi oʻrnini yana-da yaxshilash asosiy vazifalardan biridir. Shuningdek, 2019-yilda boʻlib oʻtgan parlament saylovlarida yuzaga kelgan bir qator kamchilik va muammolarni bartaraf etish, xalqaro tashkilotlarning ayrim maqbul tavsiyalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish orqali mamlakatimizda bu sohada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar mohiyatini xalqaro hamjamiyatga yetkazish zarurligi qayd etildi.
Anjumanda, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonuni loyihasi atroflicha muhokama qilindi.
Soʻz — ishtirokchilarga
Abdumannop TOʻLAGANOV, yuridik fanlari doktori:
— Harakatlar strategiyasining asosiy maqsadlari doirasida umumeʼtirof etilgan demokratik talab va prinsiplarni hisobga olgan holda davlatimiz tarixida birinchi marta Saylov kodeksi qabul qilindi, saylov tashkilotchilari va ishtirokchilarining erkin faoliyat yuritishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratildi, Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatining faoliyat koʻrsatishi tartibi qonuniy tartibga solindi va sinovdan oʻtkazildi.
Eng muhimi, Saylov kodeksi 5 ta ilgari mavjud boʻlgan qonunlarni oʻzida birlashtirdi. Unga oʻttizdan ortiq yangi qoidalar, jumladan, xalqaro tashkilotlarning qator takliflari asosida ishlab chiqilgan normalar kiritildi.
Muhokama qilinayotgan qonun loyihasi milliy saylov qonunchiligini yana-da takomillashtirish, uni xalqaro standartlarga moslashtirish, mamlakatning xalqaro demokratiya indekslaridagi mavqeini izchil oshirish uchun moʻljallangan.
Qonun loyihasini yana-da takomillashtirish borasida, birinchidan, qonun loyihasining 6-moddasi uchinchi qismida «Siyosiy partiyalar saylov kampaniyasi davrida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar uchun hisobvaraq ochiladi» deb ataladigan jumlani “hamda barcha kelib tushadigan mablagʻlar uchun moʻljallangan” deb toʻldirish, ikkinchidan, saylov natijalarini eʼlon qilish muddatlari asossiz choʻzilishining oldini olish maqsadida saylov komissiyalari qarorlari ustidan shikoyat muddati 10 kundan 5 kunga qadar qisqartirish tushunchasi 7 kun (bir hafta) etib belgilanishi maqsadga muvofiq, deb bilamiz.
Murod TURGʻUNOV, yuridik fanlari nomzodi:
— Qonun loyihasi bir qator xususiyatlari bilan ajralib turadi. Shulardan biri qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga Markaziy saylov komissiyasi yoki Hukumat tomonidan emas, balki deputatlar guruhi tomonidan qonunchilik tashabbusini amalga oshirish doirasida taqdim etilgani boʻldi.
Qolaversa, qonun loyihasi aholi ishtirokida keng muhokama etilishini hisobga olgan holda “qonunning yagona manbai va muallifi boʻlishi kerak” tamoyili asosida ishlab chiqildi. Bu deputatlarning faolligi va tashabbuskorligi oshganidan dalolat beradi. Shuningdek, milliy saylov qonunchiligini takomillashtirish, uni qabul qilingan xalqaro andozalarga muvofiq olib borish maqsadida AQSH, Shveysariya, Ispaniya, Fransiya, Germaniya kabi yigirmadan ortiq xorijiy davlatlarning saylov huquqi borasidagi tajribasi chuqur oʻrganildi.
Milliy va xorijiy ekspertlar tavsiyalari asosida saylov komissiyalarining mustaqilligi, erkinligini taʼminlash, ularning maqomini qonun bilan mustahkamlash, mahalliy saylov komissiyalarini optimallashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan.
Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga saylov oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalari instituti tugatilmoqda va ularning vakolatlari tuman (shahar) saylov komissiyalari zimmasiga yuklanmoqda. “Optimizatsiya” natijasida 54 mingdan ziyod aʼzodan iborat 5 ming 739 ta okrug saylov komissiyalari tugatiladi. Bu salmoqli inson resurslari tejaladi, ortiqcha va keraksiz ovoragarchilikka barham beriladi, deganidir.
Maʼruf USMONOV, falsafa fanlari doktori:
— Qonun tashabbusi bilan chiqqan deputatlar guruhi tarkibida barcha siyosiy partiyalar vakillari mavjudligiga alohida eʼtibor qaratish zarur. Yaʼni, qonun loyihasi mamlakatdagi barcha siyosiy kuchlarning mamlakat saylov qonunchiligi va amaliyotini yana-da rivojlantirish boʻyicha konsensusi natijasidir. U 2020-yil fevraldan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida siyosiy partiyalar, ularning elektoratlari va faollari, saylov organlari, davlat va jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida keng muhokamadan oʻtkazilgan.
Tegishli davra suhbatlari, uchrashuvlarda saylov komissiyalari tizimi va huquqiy maqomi, saylovga doir qonunchilik, saylovlarning kalendar rejasi va amalga oshirish muddatlari, saylov byudjeti, xalqaro hamkorlik, siyosiy partiyalarning saylovlardagi ishtiroki, deputatlikka nomzodlarni roʻyxatga olish, saylovchilarning yagona elektron roʻyxati va saylovchilarni roʻyxatga olish jarayoni, saylovlarning ochiqligi va oshkoraligini taʼminlash kabi masalalar atroflicha muhokama qilinib, tegishli takliflar olingan. Ushbu takliflar qonun tashabbuskorlari tomonidan yigʻib, tahlil qilingan, tizimlangan va qonun loyihasini ishlab chiqishda inobatga olingan.
Qonun loyihasida ham fuqarolarning saylovda faol ishtirokini taʼminlash, ularning joylashgan joyi va vaqtinchalik yashash joyidan qatʼi nazar, saylov huquqlarini amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan. Bunga misol qilib, 2019-yilgi saylovlarda Rossiya, Koreya Respublikasi va Qozogʻistonda faoliyat yuritayotgan 90 mingdan ziyod Oʻzbekiston fuqarosi koʻchma saylov qutilaridan foydalangan holda ovoz berdi. Loyihaga xorijiy davlatlarda boʻlgan fuqarolarni saylov roʻyxatiga kiritish va xorijiy davlatda saylovchining yashash joyida ovoz berish tartibini belgilashga bagʻishlangan ikkita alohida modda kiritilgan.
Abdullo ASLONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari boʻyicha komissiyasi raisi:
— Qonun loyihasining muhokamasi yoshlar orasida nihoyatda qizgʻin davom etmoqda.
Xususan, yoshlar orasida qonun loyihasiga bagʻishlangan soʻrovnoma oʻtkazildi. Ikkita savoldan iborat boʻlgan soʻrovda bir kun davomida 911 nafar respondent ishtirok etib, “Qonun loyihasi haqida xabaringiz bormi?” savoliga aksariyati, yaʼni 637 nafar respondent ijobiy javob bergan. “Qonun loyihasiga munosabatingiz” savoliga 719 nafar respondent ijobiy javob bergan boʻlsa, 71 nafari salbiy hamda 121 nafari javob berishga qiynalaman, mazmunida javob aytgan.
Umuman olganda, milliy saylov qonunchiligini umumeʼtirof etilgan xalqaro saylov standartlariga yana-da muvofiqlashtirish hamda saylov jarayonida yoshlarning qiziqishini oshirish — pirovard maqsadimiz.
Joʻraboy TOSHQULOV, yuridik fanlari doktori:
— Mamlakatimiz hududida saylovlar azaldan amalga oshirib kelingan. Bu, kechagi yoki yaqin tariximizdagi voqelik emas. Xalqaro hamjamiyatda Buyuk Britaniya parlamentarizmning vatani, deb tan olinsa-da, oʻtkazilgan tadqiqotlar oʻlkamizda qadimgi zamondan boshlab kengashlar, qurultoylar faoliyat yuritganini, ushbu organlarga munosib vakillar saylanganligi, ular jamiyat hayotiga katta taʼsir koʻrsatganligini, umuman olganda, demokratik saylovlar tizimi mavjud boʻlganligini isbotlaydi.
Oʻzbekiston davlati va huquqi tarixida saylovlar bilan bogʻliq boy tajribalar bisyor. Masalan, Davan davlati, Oʻrta asrlarda mavjud mamlakatlar, Temuriylar saltanati va boshqalar tarixiga nazar solsak, davlat boshliqlarining saylovlar asosida hokimiyat tepasiga kelishi, oʻziga xos parlamentlar faoliyat yuritganini, ularning javobgarlikka tortilishi masalalari, ularga nisbatan ishonchsizlik (impichment) eʼlon qilinishining mumkinligi bilan bogʻliq qoidalar mavjud boʻlganligining guvohi boʻlamiz.
Koʻpgina davlatlarda mavjud boʻlgan Oqsoqollar kengashi esa katta mavqega ega boʻlib, mamlakat siyosiy va ijtimoiy hayotiga juda katta taʼsir koʻrsatganligini, davlat boshliqlarini javobgarlikka torta olganini, ularning hatto, hokimiyatdan chetlashtirilishi bilan bogʻliq tajribalarni kuzatish mumkin.
Feruza HAMDAMOVA, yuridik fanlari boʻyicha falsafa doktori:
— Amaldagi qonunchilikni takomillashtirishda umumiy tendensiyalarni inobatga olish lozim. Birinchidan, bugungi kunda qonunchilikni takomillashtirishda inobatga olinadigan va taʼsir koʻrsatuvchi eng asosiy omillardan biri — raqamlashtirish jarayonlaridir. Shu bois, saylov jarayonlariga raqamli texnologiyalarni joriy qilish masalasini oʻrganib chiqish kerak. Bu borada xorijiy tajribaga nazar solish maqsadga muvofiq.
Masalan, Rossiyada bugungi kunda davlat “Mobil saylovchi” mexanizmi joriy qilingan, raqamli saylov uchastkalarini tashkillashtirish boʻyicha choralar koʻrilmoqda, jurnalistlar uchun raqamli guvohnomalar joriy etish masalasi oʻrganilmoqda.
Jahon tajribasida “elektron ovoz berish”, “saylov jarayonlarini avtomatizatsiya qilish va raqamlashtirish”, “elektron referendum” tushunchalari qonunchilikka tatbiq etilyapti.
Ikkinchidan, inson huquqlari nuqtayi nazaridan tahlil qilsak, asosiy tendensiyalardan biri — aholining barcha qatlamlarini ijtimoiy-siyosiy jalb qilish hisoblanadi. Volontyorlar, yoshlar, ayollar va nogironlarning saylovda ishtirokini taʼminlash zarur.
Shulardan kelib chiqib, saylov qonunchiligiga “elektron ovoz berish”, “saylov jarayonlarini avtomatizatsiya qilish va raqamlashtirish”, “elektron referendum” tushunchalarini qonunchilikka joriy qilish hamda inklyuziv saylov jarayonini taʼminlash choralariga oid normalar kiritishni taklif qilaman.
Laviza ISXAKOVA, yuridik fanlari nomzodi:
— Qonun tashabbuskorlari partiyalarni saylovlarda moliyalashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratgan. Bu naqadar ahamiyatliligini AQSH tajribasi ham koʻrsatib turibdi. AQSHda saylovlarga oid qonunchilikda partiyalarni moliyalashtirishga boshqa masalalarga nisbatan ustuvor eʼtibor qaratiladi.
Xorijiy ekspertlarning fikricha, siyosiy partiyalarning saylovdagi faoliyati moliyalashtirish va hisobot berish jarayonlari orqali tartibga solinishi lozim.
Loyihada siyosiy partiyalarni moliyalashtirishni tartibga solish masalalari batafsil yoritib berilgan:
• moliyalashtirish miqdori Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi va davlat byudjetidan ajratilgan mablagʻlar uchun ochilgan hisobvaragʻiga belgilangan tartibda oʻtkaziladi;
• moliyalashtiriladigan tadbirlar aniq belgilangan (saylovoldi tashviqoti, ishonchli vakillarning ishtiroki, saylov kampaniyalari uchun umumiy partiya tadbirlari);
• hisobot organlari va hisobot shaklini belgilaydigan organlar aniq belgilangan;
• siyosiy partiyaning hisobotlari uning rasmiy veb-saytida va bosma nashrida eʼlon qilinadi;
• shaffoflikka erishish uchun Hisob palatasining siyosiy partiyalar moliyaviy faoliyatini tekshirish natijalari ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
Qonun loyihasida “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish toʻgʻrisida”gi qonunning 6, 8, 10, 16, 18-moddalariga taklif qilinayotgan oʻzgartirishlarda chet el tajribasidan foydalanishga alohida eʼtibor qaratish lozim.
Yelizaveta Qutыbayeva, yuridik fanlari doktori, Qoraqalpoq davlat universiteti yuridik fakulteti dekani:
— Demokratik huquqiy davlatni shakllantirish sharoitida saylovlar instituti demokratiyani amalga oshirishning haqiqiy mexanizmiga aylanmoqda. Bu Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining qoidalari bilan ham tasdiqlangan.
Koʻp partiyaviylik tizimini mustahkamlash, siyosiy partiyalar faolligini oshirish uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratish samarali fuqarolik jamiyatini shakllantirishning muhim shartlaridan biridir. Saylovlarni moliyalashtirishning koʻzda tutilgan yangi tartibi saylov kampaniyasi davomida ular faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini taʼminlashga yordam beradi.
Milliy saylov qonunchiligini bosqichma-bosqich takomillashtirish, uni xalqaro standartlarga tobora toʻliq moslashtirish va milliy saylov tizimini yana-da mustahkamlash Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarning chuqurlashuvi bilan bevosita bogʻliqdir.
Jumanazar XOLMOʻMINOV, yuridik fanlari doktori, Termiz davlat universiteti yuridik fakulteti dekani:
— Saylov qonunchiligini takomillashtirish masalasi nafaqat markazda, balki joylarda ham muhokama qilinayotir. Qizgʻin muhokamalar boʻlib oʻtmoqda.
Respublikamizning saylov qonunchiligi va amaliyoti boʻyicha fakultetimiz professor-oʻqituvchilari va talabalari ham oʻz fikrlarini bildirayotganligi eʼtiborga loyiq.
Asosiy maqsad — yuridik sohadagi ilm-fan natijalarini amaliyotga, qonun ijodkorligi faoliyatiga tatbiq etishdir.
Bahriddin TALAPOV, tarix fanlari nomzodi, Namangan davlat universiteti yuridik fakulteti dekani:
— Avvalgi saylov haqidagi qonunlarimizning yaxlit tamoyil asosida kodifikatsiyalashtirilgani mamlakatimiz qonunchiligidagi muhim qadamdir.
Saylov kodeksida saylovchilarga oldingi qonunchiligimizda mavjud boʻlmagan qulayliklar va erkinliklar yaratilgan. Chunonchi, Saylov kodeksining 10-moddasida qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida saylov uchastkalari tuzilishi mumkinligi va ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyat sodir etganlarga saylov huquqining berilishi alohida eʼtiborga molik holat hisoblanadi.
Saylov oʻtkazish boʻyicha xalqaro amaliyotda toʻplangan tajribalarning samarali implementatsiya qilinganligi Saylov kodeksida yorqin ifodasini topgan, rivojlangan mamlakatlarning amaliy tajribalaridan keng foydalanilgan. Ayniqsa, mamlakatimiz iqlim sharoitini hisobga olgan holda saylov muddati yilning oktyabr oyiga oʻtkazilishi saylov jarayonlariga tayyorgarlik koʻrish va bu jarayonda saylovchilarning emin-erkin ishtirok etishlari uchun qulay sharoit yaratadi.
Rahmatjon MIRZAYEV, yuridik fanlari nomzodi, Samarqand davlat universiteti yuridik fakulteti dekani:
— Qonun loyihasi milliy saylov qonunchiligimiz asosiy xalqaro-huquqiy hujjatlardagi umumeʼtirof etilgan saylov prinsiplari va standartlari talablariga muvofiq kelishi, fuqarolarning davlat organlariga saylash va saylanishi bilan bogʻliq konstitutsiyaviy huquqlari amalga oshirilishiga xizmat qiladi. Ayniqsa, bugungi raqobat jarayoni tobora shiddat bilan rivojlanib borayotgan bir pallada fuqarolarning siyosiy jarayonlardagi ishtirokini taʼminlashga koʻmaklashadi.
***
Ishtirokchilar, shuningdek, mamlakatimizda “yuridik sotsiologiya” fanini yana-da rivojlantirish, jamiyatda saylov madaniyatini oshirish kabi masalalarga ham eʼtibor qaratdilar. Oliy Majlis Qonunchilik palatasida koʻrib chiqilayotgan qonun loyihasi umumeʼtirof etilgan xalqaro saylov standartlari asosida saylov qonunchiligini yana-da takomillashtirish, saylov jarayonlarining ochiq va oshkora oʻtishini taʼminlashga xizmat qiladi.
Bir paytning oʻzida Oʻzbekistonning jahon mamlakatlari demokratiya indeksidagi oʻrni yaxshilanishi taʼminlanadi, saylovlardan keyin oliy davlat organlarini oʻz vaqtida shakllantirish va muhim siyosiy qarorlarni qabul qilish uchun zamin yaratiladi, fuqarolarning saylovlardagi ishtiroki boʻyicha salbiy holatlarning oldi olinadi hamda kuzatuvchilar va saylovchilar uchun qulay sharoit vujudga keladi.
Rahim SHERQULOV
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring