Saylov qonunchiligi: oʻzgartish va qoʻshimcha kiritishga zarurat bormi?

21:20 29 Yanvar 2021 Siyosat
513 0

Joriy yilda davlatimiz va xalqimiz hayotida yana bir katta siyosiy voqea — Prezidentlik saylovi boʻlib oʻtadi. Demak, boʻlajak saylovni milliy qonunchiligimiz va umumeʼtirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida, yuksak saviyada oʻtkazishga katta ahamiyat qaratish lozim boʻladi.

Shu sababli “2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish boʻyicha «Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturiga muvofiq, saylov qonunchiligini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida koʻrib chiqilgan “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi bir qator yangi normalarni oʻzida aks ettirgan.

Birinchidan, xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga saylov oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalari instituti tugatilib, ularning vakolatlari tuman (shahar) saylov komissiyalari zimmasiga yuklanmoqda.

Chunki tahlillarga koʻra, har bir okrug oʻrtacha 1-3 ta saylov uchastkalari doirasi bilan cheklangan boʻlib, amaliyotda bir necha yillardan beri samarasiz faoliyat yuritib kelmoqda. Bu esa Davlat byudjetiga qoʻshimcha xarajatlarni koʻpaytirmoqda. Maqbullashtirish natijasida esa 54 mingdan ortiq aʼzodan iborat 5 739 ta okrug saylov komissiyalari tugatilib, 33,2 mlrd soʻm mablagʻ iqtisod qilinadi.

Ikkinchidan, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida, harbiy qismlarda tashkil etilgan saylov uchastkalarini kuzatuvchilar oʻz tashrifi haqida kamida 3 kun oldin xabardor qilish tartibi belgilanmoqda.

Uchinchidan, saylovoldi tashviqoti davrida davlat resurslaridan foydalanish taqiqlanmoqda. Masalan, davlat xizmatchilariga, agar ular ishonchli vakil boʻlmasa, shuningdek, harbiy xizmatchilarga, diniy tashkilotlar xizmatchilariga, sudyalarga saylovoldi tashviqotini olib borish taqiqlanmoqda.

Saylovlarning dekabr oyida oʻtkazilishi saylovlardan keyingi siyosiy tadbirlar parlament birinchi majlisini oʻtkazish, Hukumatni shakllantirish, davlat rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasi kabi muhim siyosiy jarayonlar yangi yilning birinchi choragiga toʻgʻri kelmoqda. Bu Davlat dasturini qabul qilish va boshqa islohotlar kechiktirilishiga sabab boʻlayotgani va boshqa omillarni hisobga olgan holda, Oʻzbekistonda Prezident saylovining oktyabr oyda oʻtkazilishi maqsadga muvofiqdir.

Xulosa shuki, boʻlajak saylovlar mamlakatimiz milliy taraqqiyotining hozirgi bosqichida xalqimiz oʻzi tanlagan yuksalish yoʻlidan ildam borayotganini, islohotlarning orqaga qaytmas tus olganligini namoyon etadi. Caylov qonunchiligiga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar esa Oʻzbekistonning jahon mamlakatlari demokratiya indeksidagi oʻrnini yana-da yaxshilashga xizmat qiladi.

Abdulla ROʻZMETOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?