Sahroni yashnatib turgan bogʻbon

12:37 14 Mart 2025 Jamiyat
90 0

Odilbek Odamboyev/“Xalq soʻzi”. Xivalik Otanazar ota Pirnazarov bu yil sakson besh bahorni qarshiladi. Otaxonning butun umri dehqonchilikda oʻtdi. Oʻttiz yildan ziyod shirkat xoʻjaligiga rahbarlik qildi. Haligacha koʻchat ekish, bogʻ yaratish Otanazar otaning eng sevimli mashgʻuloti. Hatto paxta yakkahokimligi avjiga chiqqan, chigit ekiladigan maydonlarning har qarichi qatʼiy hisobda boʻlgan oʻtgan asrning saksoninchi yillarida ham markazning zugʻumidan qoʻrqmay yangi bogʻlar tashkil qilgan. Bugungi kunda adabiyot muxlislarining qadami uzilmaydigan Xivaning Qiyot qishlogʻidagi Ogahiy bogʻi ham Otanazar otaning tashabbusi bilan barpo etilgan. Oqsoqol bugungi kunda ham yangi bogʻlar yaratish ishtiyoqi bilan yashaydi.

— Xorazm Qoraqum va Qizilqum sahrosi oʻrtasida joylashgan yashil voha sanaladi, — deydi Otanazar ota. — Ilgari bu hududda toʻqayzorlar koʻp edi. Yangi yerlar oʻzlashtirilishi bilan tabiiy toʻqayzorlar qisqarib, daraxtlar soni kamayib ketdi. Vohaning hayvonot dunyosi, tuproq eroziyasining oldini olish, umuman, hayot tarzi yashillik bilan bogʻliq. Prezidentimizning tashabbusi bilan 2021-yildan buyon har yili “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekilayotgan mevali va manzarali daraxt koʻchatlari viloyatimiz ekologiyasi, atrof-muhit musaffoligini saqlash hamda aholi salomatligini yaxshilashda muhim omil boʻlmoqda.

Oʻtgan yilda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida viloyat boʻyicha 17,3 mln dona mevali va manzarali daraxt koʻchatlari ekildi. Har bir shahar va tumanda bittadan namunaviy “Ekologiya koʻcha”lari, “Yashil bogʻlar” va “Yashil jamoat parklari” barpo etildi. Ayni paytda mazkur loyihaning bahorgi mavsumi boshlanib, viloyatning barcha hududlarida yangi daraxt va buta koʻchatlarini oʻtqazishga kirishildi.

— Koʻchat yetishtiruvchi xoʻjaliklar, obodonlashtirish boshqarmalari, Xorazm oʻrmon xoʻjaligida asosan viloyatimiz tuproq va iqlimiga mos gujum, terak, tol, tut, yapon soforasi kabi manzarali daraxt koʻchatlari mavjud, — deydi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining Xorazm viloyat hududiy boshqarmasi boshligʻi Kamoladdin Shermatov. — Manzilli dasturda belgilangan rejani ortigʻi bilan bajarish uchun barcha imkoniyatlar yetarli.

“Xalqimizda ekilgani emas, koʻkargani hisob” degan naql bor. Maqsad koʻchatlarni faqat duch kelgan joyda ekib ketish emas, ularni parvarishlash, sugʻorish tizimiga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Yaqinda Urganch-Shovot avtomagistral yoʻlining ikki tomoniga 6-8 qator qilib koʻchat ekib, yangicha usulda sugʻorish tizimi tashkil qilindi. Urganch shahrida Shovot kanalining ikkala sohilida oʻziga xos landshaft dizayni asosida yashil hududlar, yirik sanoat korxonalari joylashgan Sanoatchilar koʻchasida “Yashil belbogʻ”lar yaratildi. Oʻtgan yil “Ochiq byudjet” portalidagi “Mening bogʻim” loyihasi boʻyicha ovoz berish natijalariga koʻra, 16 ta yangi bogʻ barpo etildi. Ushbu loyihalar uchun Ekologiya vazirligi jamgʻarmasidan 3,25 mlrd soʻm mablagʻ ajratildi.

— “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda mahallalar asosiy kuch hisoblanadi, — deydi Mahallalar uyushmasi Xorazm viloyati boshqarmasi boshligʻi Odilbek Artiqov. — Yangi mahalla bogʻlarini ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga biriktirish orqali oilalarning daromadini oshirib, kambagʻallikdan chiqarish mumkin. Yaqinda viloyatimizdagi katta yoʻllarning chekkalarini ishsiz aholiga kasanachilik asosida biriktirib berdik. Bunda yoʻl chekkalari koʻkalamzor, har bir koʻchat egali boʻladi.

Tevarak atrofi yaydoq choʻldan iborat voha sharoitida qum koʻchishining oldini olishda saksovulzorlar muhim oʻrin tutadi. Shu bois, choʻl hududlariga saksovul urugʻlarini ekishga alohida eʼtibor qaratiladi. Bogʻot tumanida yashovchi tabiat jonkuyari Ulugʻbek Ibrohimov bir necha yillardan buyon saksovul urugʻlarini yigʻib, ekish uchun Orolboʻyi hududiga yetkazib beradi.

— Xorazm shevasida “sozoq” deb ataluvchi ushbu daraxt choʻlning haqiqiy koʻrki hisoblanadi, — deydi Ulugʻbek Ibrohimov. — Saksovulning ahamiyatli tomoni, uning ildizlari qum barxanlarining shamolda koʻchib yurishining oldini oladi. Mutaxassislar fikricha, bitta saksovul bir yilda 4-4,5 tonnagacha qum barxanlarini ushlab qoladi. Ayniqsa, Orol dengizi qurishi oqibatida paydo boʻlgan ulkan sahrodagi qum koʻchishi, tuzli chang-toʻzonlarning osmonga koʻtarilishining oldini olish uchun saksovulzorlar barpo etish eng maqbul yoʻl.

Saksovulning atrof-muhit havosi musaffoligini taʼminlashda ham xizmati beqiyos. Bir gektar maydondagi toʻrt yillik saksovulzor oʻrtacha 1000 metr kub kislorod ajratib chiqarishini eʼtiborga olsak, buni bemalol “toza havo fabrikasi” deb atash mumkin. Saksovul oʻrmonlari qum koʻchishidan asrovchi, choʻl hayvonlari uchun oʻziga xos boshpana va ozuqa vazifasini oʻtovchi “Yashil qalqon” hisoblanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер