Sahrodagi “Oltinsoy”

15:43 20 Yanvar 2026 Jamiyat
228 0

Gʻijduvon tumanidagi “Qutchi” massivi bepoyon Qizilqum choʻliga tutashib ketgan. “Baraka” mahalla fuqarolar yigʻiniga qarashli bu hududda “Yangi Oʻzbekiston” shaharchasi qad rostladi –yu tadbirkor Iqlima Joʻrayevada sahro bagʻrida ekomarkaz barpo etish gʻoyasi tugʻildi.

Gʻijduvonda xususiy korxonalar faoliyatini yoʻlga qoʻygan, oʻnlab ish oʻrni yaratgan, davlatimiz tomonidan “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan ishbilarmon ayolning bu loyihasi qoʻllab – quvvatlandi. Ekoturizm maskani uchun 29 gektar yer ajratildi.

-Loyihadan kelib chiqqan holda yon – atrofni obodonlashtirish ishlarini amalga oshirdik,- deydi Iqlima opa.- 20 ming tup manzarali daraxt koʻchatlari oʻtqazdik. Piyodalar yoʻlaklari qurildi. Sugʻorish tizimi oʻrnatilib, sunʼiy choʻmilish havzalari barpo etilayapti. 20 gektar maydon “yashil hudud”dan iborat boʻladi. Maqsadimiz “Oltinsoy” deb atalgan ushbu maskanni ekologik turizmning namunali goʻshasiga aylantirmoqdir.

Zamonaviy mehmonxona, oʻtovlar, milliy taomlar tayyorlovchi restoran, plyaj va boshqa qulayliklar sayyohlarning bu yerda miriqib hordiq chiqarishi, sahroning betakror manzaralaridan bahramand boʻlishiga sharoit yaratadi. Zero, bu yerda ot va tuyada sayru sayohat qilish imkoniyatlari ham yaratilgan. Tumanning sayyohlik jozibadorligini oshirishi kutilayotgan “Oltinsoy” yiliga 15 ming nafargacha sayyohga xizmat koʻrsatadi. 50 ta doimiy, undan ikki karra koʻp mavsumiy ish oʻrni yaratish koʻzda tutilayapti. Markaz “yashil hududi” choʻldagi qum koʻchishlari yoʻliga oʻziga xos toʻsiq vazifasini ham oʻtaydi. Qolaversa, shundoq qoʻl yetsa yetgulik masofada joylashgan “Yangi Oʻzbekiston” massivida istiqomat qiluvchi 400 dan ziyod xonadon aʼzolari ham bu yerda boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlari mumkin.

Aytish joizki, bu sahroda barpo etilgan yagona ekomarkaz emas. Unga qadar Romitan tumanidagi qadimiy Boʻrontepa hududida “ Bukhara Desert Oasis & SPA“ turistik klasteri oʻz faoliyatini boshlagan edi. Umuman, keyingi yillarda viloyatda eko, agro, etno, gastronomik, madaniy, ziyorat, plyaj hamda ekstremal turizm yoʻnalishlarida 60 dan ziyod turizm xizmat turlari yoʻlga qoʻyildi. Bu yumushlar oʻz samarasini bermoqda. Voha turistlarni nafaqat qadimiy obidalari, boy madaniy merosi, balki betakror tabiati bilan ham oʻziga jalb qilmoqda. Bundan oʻn yilcha muqaddam Buxoroga 160 – 200 ming nafar atrofida xorijiy sayyoh kelgan boʻlsa, 2025-yilda bu koʻrsatgich 2,5 million nafarga yetgani ham fikrimizni tasdiqlaydi.

Ammo hali foydalanilmayotgan imkoniyatlar koʻp. Viloyat hududidagi Dengizkoʻl, Shoʻrkoʻl, Oyoqogʻitma, Xadicha, Qoraqir kabi yirik suv havzalari atrofida ham ekomarkazlar barpo etilsa vohaning turistik salohiyati yanada oshgan boʻlur edi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?