Sahro bagʻrida joylashgan maktabda ishlayotgan yosh oʻqituvchiga Prezident sovgʻasi — VYD Chazor rusumli avtomashina tuhfa qilindi

17:56 16 Sentyabr 2025 Jamiyat
127 0

38-umumtaʼlim maktabi Buxoro viloyati markazidan chamasi 300 kilometr olisda, bepoyon Qizilqum sahrosi bagʻridagi “Qizilravot” ovulida joylashgan. Asosan qozoq millatiga mansub aholi istiqomat qilayotgan bu goʻshada odamlarning savdo, aloqa, tibbiy xizmatdan foydalanishi, yoshlarning taʼlim-tarbiya olishi uchun barcha qulayliklar yaratilgan.

Ammo uzoq yoʻl bosib, sahrodagi maktabda ishlagani hamma ham jazm etavermaydi. Yosh pedagog Billura Ikromova bundan istisno. U ayni damda shu taʼlim dargohi oʻquvchilariga ingliz tili fanidan saboq bermoqda.

— Mamlakatimizda har bir oʻgʻil-qizning oʻqishi, oʻz iqtidori, salohiyatini yuzaga chiqarishi uchun barcha qulaylik yaratilgan, — deydi u. —Buni oʻz hayotim misolida ayta olaman. Gap shundaki, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendianti sifatida Buyuk Britaniyada oʻqish baxtiga muyassar boʻldim.

U yerda xorijlik saboqdoshlarimning menga havas bilan qarashgani shundoq koʻz oʻngimda turibdi. Chunki ular ham oʻqish, ham tirikchilik vajidan ishlash tashvishida boʻlishardi. Men esa davlatimiz, Prezidentimiz gʻamxoʻrligidan oqilona foydalanib qimmatli vaqtimni yirik-yirik kutubxonalarda oʻtkazdim. Qunt bilan oʻqidim. Shu tariqa bilimimga bilim qoʻshildi. Bu shu kungi faoliyatimda juda asqatmoqda.

Kuni kecha Billura uchun unutilmas voqealardan biri roʻy berdi. U Boʻstonliq tumanida Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan oʻtkazilgan tantanali tadbir chogʻida davlatimiz rahbari bilan video orqali muloqotga kirishdi. Faoliyati haqida qisqacha soʻzlab oʻz taklifini bayon etdi. Prezidentga “Oʻquvchilarim orasidan “garvardchi”lar, TOP-100 universiteti talabalari, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiantlari yetishib chiqadi”, deya soʻz berdi.

Bugun esa uning hayotida yana bir quvonchli voqea yuz berdi. Yosh muallimaga Prezident sovgʻasi – VYD Chazor rusumli avtomashina tuhfa qilindi. Shu munosabat bilan Buxoro davlat pedagogika institutida oʻtkazilgan tantanali tadbirda soʻz olganlar mamlakatimizda taʼlim sifatini yangi pogʻonaga koʻtarish, oʻqituvchi, murabbiylarning mehnat va turmush sharoitini yaxshilash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda ustuvor yoʻnalishga aylanganini eʼtirof etdi. Oʻz navbatida, Billura Ikromova Prezidentimiz ishonchini oqlash, bergan vaʼdasini bajarish yoʻlida bilimi, salohiyati, kuch-gʻayratini ayamasligini bildirdi.

Istam IBROHIMOV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер