"Sabru sadoqat" yoxud Said bilan Saida haqida

17:01 01 Iyun 2020 Madaniyat
4033 0

"Oʻzbekkino" MA tomonidan Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston Respublikasi xalq yozuvchisi Said Ahmad tavalludining 100-yilligiga bagʻishlab besh qismli «Sabru sadoqat» nomli serial efir yuzini koʻrish arafasida. Kinoserial joriy yilning 8-12-iyun kunlari yurtimizning barcha davlat va nodavlat telekanallari: “Oʼzbekiston”, “Bolajon”, “Oʼzbekiston tarixi”, “Oilaviy”, “Yoshlar”, “Mahalla”,“Sevimli TV”, “ZOʼR TV”, “MY5”, “Milliy«, ”Uzbekistan-online.uz"da namoyish etiladi.

"Sabru sadoqat“ ”Oʻzbekkino" MAning maxsus loyihasi boʻlib, serial yozuvchi va uning rafiqasi Saida Zunnunova hayotiga bagʻishlanadi. Filmda mehr-muhabbat, ulkan bardosh, kuchli matonat, bukilmas iroda, yengilmas gʻurur haqida hikoya qilinadi. 

Kinoserial 1950—1955-yillardagi real voqeliklarga asoslangan. Rejissyor Hamidulla Boboqulov "Sabru sadoqat“ teleserialini Nozim Abbosovning ”Said bilan Saida" filmi asosida suratga olgan.

“Ushbu maxsus loyiha hammamizga qadrdon ”Said bilan Saida“ filmiga kiritilmay qolgan yangi sahnalar bilan boyitildi. Bu tomoshabinlar uchun Said Ahmadning 100-yillik toʻyiga haqiqiy tuhfa boʻladi. Buyuk yozuvchi haqidagi serialni suratga olish esa Nozim Abbosovning ezgu orzusi edi va bu orzu endilikda roʻyobga chiqadigan boʻldi”, – deya taʼkidlanadi "Oʻzbekkino" Milliy agentligi axborotida.

Said Ahmadning asarlari kirib bormagan uy, qalb boʻlmasa kerak. Har bir ijodkor, kitobni sevishni bilgan har inson borki, Said Ahmad asarlarini oʻqimay katta boʻlmagan. Ayniqsa, yozuvchining pyesalari katta shon-sharaf va mashhurlik keltirgani barchamizga ayon. Jumladan, ular ichida “Kelinlar qoʻzgʻoloni” komediyasi alohida ajralib turadi. Ushbu asar teatrda, kinoda oʻz oʻrnini topgandan soʻng Said Ahmad nomini oʻzbek adabiyoti klassik namoyondalari qatoriga koʻtardi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Binobarin yozuvchining bu komediyasi dunyoning 14 ta mamlakatida sahnalashtirilgan. Va nihoyat, bugun shunday unutilmas asarlarni xalqiga meros qoldirgan adib haqida, uning yorqin xotirasiga bagʻishlab "Sabru sadoqat" filmi suratga olindi.

“Adiblar xiyobonining ochilishida Prezidentimiz tomonidan klassik asarlarni oʻrganish, kitoblar nashr etish, ijodkorlarning hayoti va ijodiga bagʻishlangan filmlar yaratishning nechogʻli ahamiyatli vazifa ekanligiga alohida urgʻu berildi”, – deya izoh beradi "Oʻzbekkino" Milliy agentligi matbuot xizmati. "Sabru sadoqat“ esa yuqoridagi fikrlarning isboti sifatida katta ekranlarga chiqish taraddudida. Tomoshabinlar eʼtiboriga teleserial talqinida havola etilayotgan ushbu film kutilgan natijani berishiga umid qilamiz! Ushbu aksiya doirasida 8-12-iyun kunlari yurtimiz teleekranlarida Said Ahmad ssenariylari asosida suratga olingan ”Kelinlar qoʻzgʻoloni“, ”Toʻylar muborak“ va ”Muhabbat mojarosi" filmlari sifati yaxshilangan holatda tomoshabinlar eʼtiboriga qayta taqdim etiladi.

Demak, "Oʻzbekkino" MA hamda barcha telekanallar tomonidan yaqinda efirga uzatilishi kutilayotgan maxsus loyiha – "Sabru sadoqat" teleserialini tomosha qilishni unutmang!

Nilufar Murodova

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер