Rus generalini portlatib yuborishda Oʻzbekiston fuqarosi gumonlanib qoʻlga olindi

12:33 18 Dekabr 2024 Dunyo
245 0

Rossiya Tergov qoʻmitasi FXX va IIV hamkorligida Oʻzbekistonning 29 yoshli fuqarosini terrorchilik hujumi sodir etishda gumon qilib, qoʻlga olgan. U 17-dekabr kuni Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlari radiatsiya, kimyoviy va biologik mudofaa qoʻshinlari boshligʻi Igor Kirillov va uning yordamchisi Ilya Polikarpovning oʻldirilishida ayblanyapti. Bu haqda Rossiya Federal xavfsizlik xizmatiga tayanib, “РИА Новости” xabar berdi

“U Ukraina maxsus xizmatlarining koʻrsatmasi bilan Moskvaga kelgan va qoʻlda yasalgan portlovchi moslamani Igor Kirillov yashagan turar joy binosiga kiraverishida turgan elektr skuteriga qoʻygan. Harbiy xizmatchining yashash joyini kuzatish maqsadida u avtomashina ijaraga olib, u yerda videokuzatuv kamerasini oʻrnatgan. Ushbu kameradan olingan kadrlar Dnepr shahridagi terakt tashkilotchilariga onlayn tarzda uzatib turilgan. Harbiy eshikdan chiqib ketayotgani haqida videosignal olinganidan keyin portlovchi qurilma masofadan turib ishga tushirilgan”, — deyiladi Rossiya tergov qoʻmitasi bayonotida.

Rus OAVining iddaosiga koʻra, qotillik sodir etgan Oʻzbekiston fuqarosiga Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan 100 ming AQSH dollari miqdorida mukofot puli va Yevropa ittifoqiga chiqish vaʼda qilingan.

Qotillikda gumonlangan oʻzbekistonlik erkak Moskva viloyati Balashixa tumanidagi Chernoye qishlogʻida qoʻlga olingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер