Rukkola — foydali, ham katta daromad manbai

11:49 06 Fevral 2025 Jamiyat
369 0

Foto: Abdumutallib Toirov/“Xalq soʻzi”

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Sogʻligingizdan shikoyat qilib, mutaxassis shifokor qabulida boʻlganingizda, eng birinchi ovqatlanish ratsionni qayta koʻrib chiqish, zararli taomlardan voz kechish, toʻgʻri ovqatlanish salomatlik garovi ekanini aytadi. Sogʻligʻi bilan bogʻliq muammo boʻlishni istamaydiganlar koʻproq koʻkatlar, oqsilga boy mahsulotlar isteʼmol qilish, oddiy uglevodlardan tiyilish zarurligini uqtiradi. Foydali mahsulotlar haqida gap ketganda, tarkibida darmondori va mikroelementlar bisyor boʻlgan rukkola oʻsimligi inson organizmi uchun muhim ziravor hisoblanadi.

— Koʻpgina mamlakatlarda bu koʻkat xuddi begona oʻtga oʻxshab oʻzi oʻsib chiqsa, bizning yurtda uning uchun alohida eʼtibor va gʻamxoʻrlik kerak. Uni tez-tez sugʻorish, quyoshning issiq nurlaridan himoyalash lozim. Shuning uchun ham bu koʻkatni uyda, gultuvaklarga ekib yetishtirish mumkin, — deydi “Oʻtan Polvon” diagnostika va davolash markazining oliy toifali kardiolog shifokori Zokir Normurodov. — Unda “A”, “K”, “Ye”, “S” darmondorilar va “B” guruhi darmondorilari serob. Antioksidantlar, kletchatka, xlorofill, fosfor, temir, magniy, rux moddasi, kaliy va kalsiy, flavanoidlarning ham koni. Immunitetni mustahkamlab, organizmni turli virusli kasalliklardan himoya qiladi. Shu bilan birga, rukkola hazm tizimini mustahkamlaydi. Metabolizmni yaxshilaydi, ozishga hissa qoʻshadi. Rukkoladagi “A” darmondorisi, glyukozainatlar va sulforafanlar organizmda saraton hujayralari rivojlanishining oldini oladi. Ammo qandli diabet, gastritdan aziyat chekadigan bemorlarga ushbu mahsulotdan tiyilish tavsiya qilinadi.

Foto: Abdumutallib Toirov/“Xalq soʻzi”

Rukkola nafaqat inson organizmi uchun foydali ziravor, balki u katta daromad manbai ham. Termiz tumanidagi “Namuna Elegant agro” MCHJga qarashli zamonaviy issiqxona faoliyati bilan tanishganimizda bunga amin boʻldik.

— Bir maydonda barpo etilgan 3 gektarlik issiqxonamizda ikkinchi ekin sifatida rukkola oʻsimligini yetishtiryapmiz, — deydi korxona ish boshqaruvchisi Nuriddin Sobidjonov. — Birinchi ekinda 700 ming dollarlik bulgʻor qalampirini xorijga eksport qildik. 2024-yilgi mavsumda xorijga salkam 600 ming dollarlik rukkola sotgan edik. Oʻtgan yilning noyabr oyida urugʻi qadalgan rukkolaning hosili har galgidan moʻl boʻlyapti. Hozirning oʻzida qariyb 500 ming dollarlik mahsulotni eksportga chiqardik. Bu yilgi mavsumda 1 million dollarlik rukolani xorij bozoriga sotishni rejalashtiryapmiz.

Foto: Abdumutallib Toirov/“Xalq soʻzi”

Rukkola xaridorgir oʻsimlik ekanini xorijga eksport faoliyati bilan shugʻullanuvchilarning oʻzlari shu yerning oʻzidan olib ketishayotganidan ham bilsa boʻladi. Biz issiqxonada boʻlganimizda eksporter korxona vakili Ikrom Turgʻunboyevdan rukkolani xorij bozorida sotilish bilan bogʻliq jarayonlarni soʻradik.

— Bilasizmi, rukkola isteʼmoliga oʻzimizda unchalik eʼtibor qaratilmaydi, negadir qadrsizdek, — deydi I.Turgʻunboyev. — Yevropada bu ziravorga qiziqish katta. Oʻziga xos taʼmga ega rukkoladan salat va italyan oshxonasiga xos taomlar tayyorlashda keng foydalaniladi. Qolaversa, u pishloq, goʻsht va dengiz mahsulotlari bilan ham yaxshi umumlashadi. Asosiy bozorimiz Latviya, Rossiya Federatsiyasi. Bu oʻsimlikni yetishtirgan tadbirkor — dehqonlar zarar koʻrmaydi, aksincha, yaxshi daromad topishadi. Viloyatda yetishtirilayotgan rukkolalarni ularga maʼqul narxlarda yigʻib olyapmiz.

Foto: Abdumutallib Toirov/“Xalq soʻzi”

Ayni paytda issiqxonada ish qizgʻin. Hosil terimiga 30 nafardan koʻp xotin-qiz jalb qilingan.

— Bir kunda 50 kilogrammgacha rukkola terib, ularni belgilangan hajimda bogʻlayman, — deydi Termiz shahridagi A.Navoiy nomidagi mahallada istiqomat qiluvchi Zarifa Umarova. — Ularning kilogrammi uchun 5 ming soʻmdan toʻlashadi. Tushlik ham tadbirkor hisobidan. Ish ogʻir emas, muhimi uyimizdan uzoqda boʻlmagan joyda doimiy ishimiz bor. Mana shunday mehnatim ortidan uch nafar farzandimni voyaga yetkazyapman.

Foto: Abdumutallib Toirov/“Xalq soʻzi”

Ona zamin saxovati cheksiz. U bizga hayot uchun zarur boʻlgan barcha narsani inʼom etgan. Toza havo, shirin suv, serhosil tuproq, boy manbalar. Ulardan ehtiyotkorlik bilan unumli foydalanish tani-jonimizni salomat, turmushimizni obod, hayotimizni farovon qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?