Ro‘zg‘orning barakasi ham, bozorning to‘kisligi ham tomorqadan

12:46 13 Aprel 2023 Jamiyat
490 0

Foto: Xalq so'zi

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan 2022 yilda qashqadaryolik dehqonlar tomonidan 181,8 ming tonna kartoshka, 505 ming tonna sabzavot, 177,1 ming tonna poliz, 172,3 ming tonna meva hamda 100,6 ming tonna uzum yetishtirilgan.

E’tiborli jihati, ushbu mahsulotlarning asosiy qismi, masalan, kartoshkaning 80,4, sabzavotlarning 73,7, polizning 51,6, mevalarning 43,4 hamda uzumning 56 foizi shaxsiy yordamchi xo‘jaliklar, ya’ni aholi tomorqalaridan yig‘ib olingan. 

Bu albatta, aholining tomorqa madaniyati oshib borayotgani, tomorqa yerlaridan unumli foydalanilayotgani samarasidir.

Shahrisabz tumanining Oqdaryo mahallasida istiqomat qilayotgan 76 yoshli onaxon - Malohat Abdullayeva ham tomorqasini oilaning asosiy daromad manbaiga aylantirgan insonlardan.

Malohat aya Abdullayeva o‘zining bir parcha tomorqasida dehqonchilik qilib 9 farzandni voyaga yetkazgan. Ularni uyli-joyli qilgan. 

U bizga shu haqda gapirib berar ekan, halol mehnatdan qochmagan, yer bilan tillashib, dillashib mehnat qilgan kishi uchun bir parcha yer ham katta daromad manbai ekanini ta’kidlaydi.

-  Hozir farzandlarimning barchasi uyli-joyli bo‘lib, hayotda o‘z yo‘llarini topib ketishgan, - deydi onaxon. – Kichik o‘g‘lim o‘zim bilan birga. Olti sotix tomorqamizni to‘liq issiqxonaga aylantirganmiz. Hozir bu yerda o‘g‘lim, kelinim, nevaralarim ishlashadi. Men esa ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib turaman-da. 
Onaxonning aytishicha, issiqxonada isitish tizimi yo‘q, lekin ularga shunisi qulay. Qishning qattiq sovug‘i ortda qolgach, ya’ni fevralning ikkinchi yarmidan issiqxonaga pomidor, bodring va bulg‘or qalampiri ko‘chatlari o‘tqaziladi. Bu paytda ko‘chatning rivojlanishi uchun ichkaridagi haroratning o‘zi yetarli. Aprelning ikkinchi yarmi hamda may oyining boshlaridan esa mahsulot bozorga chiqariladi. Keyin ikkinchi marotaba avgust-sentyabr oylarida ko‘chat ekilib, noyabr hamda dekabr oylari davomida hosil peshma-pesh ichki bozorga yetkazib beriladi.

Ushbu xonadon vakillari ko‘chatchilikda ham dong taratgan. Har yili hovli tashqarisidagi kichik issiqxonada qirq-ellik mingtagacha pomidor, bodring, qalampir, bulg‘or qalampiri hamda baqlajon ko‘chatlarini yetishtiradi. Nafaqat tuman, balki qo‘shni tumanlardan ham ko‘chat izlab keladiganlar ko‘p.

-  Farzandlarimning ham suyaga mehnatda qotgan-da, ishdan qochishmaydi, - deydi Malohat aya suhbatni davom ettirib. - Kichik o‘g‘lim issiqxonadan tashqari har yili yozda g‘aladan bo‘shagan ikki-uch gektar maydonni fermerlardan ijaraga olib, sabzi ekadi. Qish bo‘yi sabzi sotamiz. Yangi uy qildik, mashina oldik, to‘ylar qilayapmiz, bularning barchasi tomorqaning, mehnatlarimizning ortidan-da.

 Ha, mehnatdan kelsa boylik, turmush bo‘lar chiroylik, deydilar. Bunga yer bilan tillashib, halol mehnat ortidan rizq undirayotgan Malohat aya va uning farzandlari hayoti misol.

Jahongir BOYMURODOV,
“Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер