Rossiyaning harbiy kemasi Baltika dengizi ustidan uchib oʻtgan Germaniya vertolyotiga qarata oʻq uzgan

12:24 05 Dekabr 2024 Dunyo
289 0

Rossiya harbiy kemasi Baltika dengizi ustidan uchib oʻtgan Germaniyaning razvedka vertolyotiga qarata ogohlantiruvchi oʻq uzgan. Bu haqda Germaniyaning “Berliner Zeitung” nashri xabar berib, hodisa NATO yigʻilishi paytida Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok tomonidan tilga olinganini bildirdi. Hozircha, Germaniya mudofaa vazirligi ham, Rossiya tomoni ham hodisaga aniq izoh bermagan.

Qayd etish kerakki, Baltika dengizidagi mazkur hodisa Rossiya va Germaniya oʻrtasidagi munosabatlar keskinlashgan bir paytga toʻgʻri kelmoqda. Shuningdek, Germaniya tashqi ishlar vaziri Berbokning aytishicha, Rossiya kemalari Baltika dengizi hududida sanksiyalarni chetlab oʻtishga urinishiga oid faoliyatlar koʻpaygan. Shu sababli ham, Berlin ushbu dengizdagi muhim infratuzilmalar, xususan, quvur va maʼlumot aloqa kabellarini himoya qilish choralarini kuchaytirishini maʼlum qildi.

Oxirgi oylarda Germaniya, Finlyandiya, Shvetsiya va Latviya oʻrtasidagi aloqa kabellarida nosozliklar kuzatilib, bu atayin uyushtirilganligi taxmin qilinyapti. Ayrim ekspertlarning hisobotlariga koʻra, bu kabi hodisalarda nafaqat Rossiya, balki Xitoyning “Yi Peng 3” kemasi ishtiroki ham tekshirilmoqda.

Germaniya tashqi ishlar vaziri kabellarga uyushtirilgan hujumlar GPS tizimining ishida uzilishlarga sabab boʻlganini qayd etdi. Berbok Baltika dengizidagi xavfsizlik choralarini kuchaytirish NATOning “Bittasi hamma uchun, hamma bittasi uchun” shiori asosida amalga oshirilishini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, Rossiyaning gibrid hujumlari Germaniyaning demokratik barqarorligiga tahdid soladi.

“Newsweek”ning yozishicha, Germaniya Rossiya bilan ehtimoliy mojaroga tayyorgarlikni kuchaytirmoqda. Mamlakat muhim binolar va bomba panohgohlarini muhofaza qilish boʻyicha rejalar ishlab chiqishni boshlab yuborgan. Germaniya razvedka xizmati rahbari Bruno Kalning taʼkidlashicha, Rossiya ham oʻz navbatida Gʻarb davlatlari bilan urushga tayyorgarlik koʻrayotgan boʻlishi mumkin.

Maʼlumot uchun aytish mumkinki, Baltika dengizi “NATO koʻli” ham deb ataladi va undagi strategik infratuzilmalarni himoya qilish uchun hamkorlik Yevropa uchun muhim masalalardan biri hisoblanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер