Rossiyaga qoʻllanilgan sanksiyalardan Turkiya ham zarar koʻryapti

Foto: abcgaz
Rossiyaga qoʻyilgan sanksiyalar Turkiyada Moskva tomonidan moliyalashtiriladigan atom elektr stansiyasi qurilishiga taʼsir qilmoqda.
“Rosatom” bosh direktori Aleksey Lixachevning aytishicha, sanksiyalar Turkiyadagi Akkuyu atom elektr stansiyasi uchun uskunalar olishda qiyinchiliklar tugʻdirmoqda. Rossiya – Turkiya qoʻshma sarmoyasi boʻlgan mazkur loyiha 2018-yilda boshlangan va shu muammo tufayli kechikmoqda. Shu oʻrinda Lixachev 25 milliard AQSH dollarlik loyiha uchun ajratilgan mablagʻlarni “muzlatib” qoʻyishda Gʻarbni aybladi.
Uning taʼkidlashicha, oʻzaro hisob-kitoblar tizimi amerikaliklar tomonidan “hujum”ga uchrab, loyihaning rivojlanishiga xalaqit beryapti. Ushbu tizimli muammolarga qaramay, Lixachev qurilish toʻxtamaganiga ishontirdi.
Turkiyaning Mersin viloyatidagi Akkuyu atom elektr stansiyasi qurilishi borasida 2010-yilda kelishuvga erishilgan. Birinchi reaktorning qurilishi 2018-yilning aprel oyida boshlangan, ikkinchi blokdagi ishlar 2020-yilning iyun oyida start olgan. Qayd etilishicha, birinchi blok 2023-yilda ishga tushirilishi kutilgan edi. Ammo sanksiyalar tufayli uskunalar yetishmasligi bois bu amalga oshmadi.
“Rosatom” Gʻarb sanksiyalariga duchor boʻlmagan, ammo uning ayrim shoʻba korxonalari “qora roʻyxat”ga tushgan. Ular orasida yadroviy qurilmalarni oʻrnatish texnologiyalarini ishlab chiquvchi “Atomstroy” OAJ va uranni boyitish uchun sentrifugalar yetkazib beruvchi “Tochmash” birlashmasi bor.
Turkiya sanksiyalar joriy etilganidan beri Rossiya uchun asosiy savdo yoʻllarini berkitmadi. Anqara eksportni, jumladan, harbiy mahsulotlar bilan bogʻliq mahsulotlarni koʻpaytirdi va Moskvaga Gʻarb eksport nazoratini chetlab oʻtishga yordam bermaslik majburiyatini oldi.
Akkuyu loyihasi oldida turgan muammolar Turkiya – Rossiya munosabatlari uchun juda muhim bir davrda toʻgʻri keladi. Rossiya global moliyaviy tizimning koʻp qismidan yakkalanib qolar ekan, Turkiyaning roli yanada muhimroq boʻladi.
Avvalroq, Rossiyaning Kiyevga raketa hujumi oqibatida bolalar shifoxonasi zarar koʻrgani haqida yozgan edik.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Milliy sertifikat imtihoni natijalari 21 ish kuni ichida e’lon qilinadi — Bilimni baholash agentligi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Abdulaziz Komilov Italiyaning eng yuqori davlat mukofoti bilan taqdirlandi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring