Rossiyadagi ota-onasi qaramogʻidan mahrum boʻlgan, qarovsiz va yordamga muhtoj 19 nafar bola Oʻzbekistonga qaytarildi

06:22 26 Iyul 2022 Jamiyat
922 0

Foto: Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) axborot xizmati

Joriy yilning 25-iyul kuni Rossiyadan ota-onasi qaramogʻidan mahrum boʻlgan, qarovsiz, nazoratsiz qolib ketgan va yordamga muhtoj boʻlgan 19 nafar bolalar tegishli mutasaddi idoralar hamkorligida Oʻzbekistonga olib kelindi.

Vazirlar Mahkamasining (6-son, 07.01.2020-y.) “Xorijda ota-onasi qaramogʻidan mahrum boʻlgan Oʻzbekiston fuqarolarining bolalarini Oʻzbekistonga qaytarish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori va IIVning tegishli farmoyishiga asosan ishchi guruh tuzilib, Ichki ishlar organlari, SSV, Oʻzbekistonning Rossiyadagi elchixonasi xodimlari hamkorligida oʻzga yurtda qarovsiz, nazoratsiz qolib, yordamga muhtoj Voyaga yetmagan bolalarni vatanga olib kelish choralari koʻrildi.

Ishchi guruh aʼzolari Rossiyaning turli shaharlarida bolalar qayerda saqlanayotgani, ularning salomatligi qay ahvolda ekanini aniqlab, kerakli hujjatlarni toʻplagan. Safar davomida qabul qilib olingan bolalarning har biri SSV xodimlari tomonidan tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi va ular vatanga olib kelindi.

Ushbu jarayonda Bola huquqlari boʻyicha vakil A.Yunusova Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Bolalar huquqlari boʻyicha vakil M.A. Lvóva-Belóva bilan muloqotda boʻlib, 2021-yil 4-avgustda ular oʻrtasida imzolangan hamkorlik va oʻzaro anglashuv memorandumi doirasida ota-ona qaramogʻisiz qolgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari boʻlgan bolalarni, Oʻzbekistonga uyushgan holda olib chiqishga koʻmaklashish imkoniyatlarini koʻrib chiqdi. Xususan, ism-shariflari ilova qilingan roʻyxatda koʻrsatilgan Voyaga yetmaganlarni Moskva shahri Altufev tumanidagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy yordam koʻrsatish markaziga yetkazib berish va vaqtincha joylashtirishda koʻrsatgan koʻmagi uchun Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Bolalar huquqlari boʻyicha vakil M.A. Lvóva-Belóvaga va uning ofisi xodimlariga minnatdorchilik bildirildi.

Mamlakatimizda muhtaram Prezidentimiz rahnamoligida yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimi joriy etildi, ularning barkamol avlod sifatida shakllanishi hamda ijtimoiy moslashuvini taʼminlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda, shuningdek, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash masalalariga keng eʼtibor qaratilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunining 14-moddasida bolaning gʻayriqonuniy koʻchirilishdan himoyalanish huquqi kafolatlari belgilangan boʻlib, unga koʻra:

Har bir bola gʻayriqonuniy koʻchirilishdan va chet eldan qaytarilmaslikdan himoyalanish huquqiga ega.

Bolaning chet elga safarlari faqat ota va onaning yoki ota-onaning oʻrnini bosuvchi shaxslarning roziligi bilan qonunchilikka muvofiq amalga oshirilishi mumkin. Ushbu masala boʻyicha ota va ona yoki ota-onaning oʻrnini bosuvchi shaxslar oʻrtasidagi har qanday kelishmovchilik sud tomonidan hal qilinadi.

Ota-ona yoki ota-onaning oʻrnini bosuvchi shaxslar bolaning yoʻqolganligi haqida tegishli organlarga darhol xabar berishlari shart.

Ota-ona yoki ota-onaning oʻrnini bosuvchi shaxslar hamrohligida boʻlmagan bolalar ularning yoniga kafolatli qaytarilish huquqiga ega.

Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari chet elda qonuniy vakillari hamrohligisiz turgan bolalarning — Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining hisobini yuritadi va ularning qaytarilishi boʻyicha choralar koʻradi. Ota-onasi bedarak yoʻqolgan deb topilgan yoki ular vafot etgan deb eʼlon qilingan taqdirda, vasiylik va homiylik organi ana shu bolalarni oilaga, bunday imkoniyat boʻlmaganda esa yetim bolalar yoki ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun tayinlangan muassasalarga joylashtirish choralarini koʻradi.

Qonuniy vakillari hamrohligisiz chet elda turgan bolalarni qaytarish masalalari Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari asosida hal qilinadi.

Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi va xalqaro shartnomalariga muvofiq davlat ijro etish maqsadlari, shakllari va usullaridan qatʼi nazar, bolalarni gʻayriqonuniy koʻchirishning oldini olish, shuningdek ularni doimiy yashaydigan mamlakatiga qaytarish choralarini koʻradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер