Rossiya va Ukraina tomonidan shakar eksportini toʻxtatilishining Oʻzbekistonga hech qanday taʼsiri yoʻq — Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi

20:49 17 Mart 2022 Iqtisodiyot
1331 0

Illyustrativ foto

Bugungi kunda ichki bozorlardagi shakar mahsuloti narxining asossiz keskin oshishi kuzatilmoqda. 

Shu munosabat bilan Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi aholi va tadbirkorlarga murojaat qildi. Unga koʻra, Rossiya va Ukraina davlatlari tomonidan shakar eksporti toʻxtatilganligining Oʻzbekistonga hech qanday taʼsiri yoʻq. 

«Bu ikki davlatning ichki bozordagi ulushi bor-yoʻgʻi 2 foizni tashkil etadi. Bugungi kunda mahalliy shakar zavodlari shakar xomashyosini jahon birja kotirovkalariga nisbatan arzon narxlarda Braziliya davlatidan xarid qilishmoqda.

Oʻzbekistonda ikkita — “Xorazm shakar” va “Angren shakar” masʼuliyati cheklangan jamiyatlarida joriy yil 15-mart holatiga 260 ming tn. shakar mahsuloti resurslari mavjud. Shundan, omborda 40 ming tn. tayyor shakar va 32 ming tn. xomashyo, iyun oyiga qadar 178 ming tn. xomashyo yetkazib beriladi. Shunday boʻlsa ham qoʻshimcha qulayliklar yaratish, shuningdek, ichki bozorni shakar mahsuloti bilan uzluksiz taʼminlash maqsadida Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan birja savdolariga kunlik qoʻyiladigan hajm oʻrtacha 30 foizga oshirilmoqda. Bundan tashqari respublika aholisiga shakar mahsuloti yetarli miqdorda va maqbul narxlarda yetkazib berish maqsadida Hukumat tomonidan zarur choralar koʻrilmoqda hamda barcha hududlardagi bozorlarda “Elga xizmat” rastalarida maqbul narxda shakar sotish topshiriqlari berilmoqda. Shakarga boʻlgan narx asossiz oshirilishi natijasida vahimaga berilmasligingizni soʻraymiz.

Hurmatli Tadbirkorlar!

Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi Sizdan shakarga boʻlgan narx-navoni asossiz oshirmasligingizni va isteʼmolchilarga noqulaylik tugʻdirmasligingizni soʻrab qoladi. Asossiz oshirilgan narx-navo boʻyicha Qonunchilikda belgilangan tartibda chora koʻrish mumkinligi yuzasidan ogohlantiramiz», deyiladi qoʻmita rasmiy murojaatida..

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?