Romitanda “Uzum va anjir” festivali boʻlib oʻtdi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-maydagi “2017-2019-yillarda Buxoro viloyati va Buxoro shahrining turizm salohiyatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida qator loyihalar amalga oshirib kelinmoqda.
Avvalo xavfsiz turizmni taʼminlash, hududda koʻp asrlik tarixga ega madaniy meros inshootlari, maqbara, masjid va xonaqohlarni oʻz holicha asrab-avaylash, “Yetti Pir” ziyoratgohlarida muayyan infratuzilmani yaratish, oʻsha hududlarda yoʻl taʼmiri, obodonlashtirish ishlari bilan bir qatorda tashrif buyuradigan sayohatchilar talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib, mehmonxona, “halol” brendi ostida milliy taomlar oshxonasi va boshqa qulayliklarni yaratishga katta eʼtibor berilmoqda.
Yurtimizga tashrif buyurayotgan mehmonlarni nafaqat muqaddas qadamjolar va arxeologik yodgorliklarimiz, balki serquyosh oʻlkamizda yetishtirilayotgan noz-neʼmatlar, milliy shirinliklar, holvalar va taomlarimiz, qolaversa, madaniyatimiz va beqiyos merosga ega sanʼatimiz bilan ham hayratda qoldirish, bir soʻz bilan aytganda, oʻzbekona mehmondoʻstlikni tarannum etish maqsadi ustuvor.
Shu nuqtayi nazardan, viloyatimizga xorijiy va mahalliy sayyohlarni yanada koʻproq jalb qilish maqsadida har bir shahar va tumanda madaniy-koʻngilochar tadbirlarni tashkil qilish loyihasi ishlab chiqilgan. Gʻijduvonda kulolchilik va pazandalik mahorati festivali, Qorakoʻlda “Poykent oqshomlari” musiqa oqshomi, Peshkoʻda “Xalq tabobati va tabiblari tanlovi”, Olotda “Polvonlar mahorati” deb nomlangan yakkakurash namoyishi kabi bayramu sayllar shular jumlasidan. 12-sentyabr kuni esa Romitan tumanida “Uzum va anjir” festivali yuqori saviyada tashkilashtirildi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Bilamizki, romitanliklar sarxil va tilimi tilni yorar anori-yu uzumi, olma-yu shaftolisi, qovun-tarvuzi bilan ham dovrugʻ taratgan. Oʻziga xos hosil bayramiga aylangan namoyishda mirishkor dehqon-u bogʻbonlar oʻz mehnatlari mahsuli bilan barchani xursand qildilar.
— Festivalga bogʻimizda yetishtirilgan husayni, shibirgʻoni, qora kishmishi, qizil toyfi navli uzumlarimiz hosilidan olib chiqdik, — deydi Shavkat Aminov. — Koʻp yildirki, uch gektar bogʻda dehqonchilik qilib kelamiz. Oʻtgan yili yetishtirgan uzumchiligimizdan oilamiz bilan 200 million soʻm daromad olganmiz. Bu yilgi xirmonimiz ham bulturgisidan kam emas.
— Biz atigi 8 sotix ekin yerida bogʻ barpo qilganmiz, — deydi festivalning yana bir ishtirokchisi Mirjamol Joʻrayev. — Shu kecha-kunduzda 40 tup anor va 23 tup anjir shigʻil hosilga kirgan. Bugungi bayramga shu hosilimizdan olib chiqib, elimiz, qolaversa, sayyohlarimizga ilindik.
Shu kuni romitanliklar tabiat saxovati-shirin-shakar meva-sabzavotlar bilan birga asal va milliy shirinliklar, holvalar bilan ham festival ishtirokchilari koʻngillarini xushladilar.
Festival folklor-etnografik jamoalar, bolalar musiqa va sanʼat maktabi tarbiyalanuvchilarining bayramona chiqishlariga ulandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatlaridan iborat delegatsiya aʼzolari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi (+fotoreportaj)
- 16-yanvar kuni baʼzi joylarda qor yogʻadi
- Koʻrfaz arab davlatlari bozoriga bojsiz kirish imkoni yaratiladi
- Dunyo boʻylab qon va koʻzyosh bilan oʻtgan bir hafta — 20 ta suratda
- “Analog turmush tarzi”. Insonlarda sunʼiy intellektga qarshi kayfiyat kuchaymoqda
- Oʻzbekiston dunyodagi sayyohlar oqimi eng tez oʻsayotgan yetti mamlakatdan biri — BMT hisoboti
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring