Roʻyi zaminni yashnatdi koʻklam
Bahor — bu oddiygina tilda aytganda fasl emas, u umid va yangilanishning goʻzal timsolidir. Koʻklamda roʻyi zamin ham, inson qalbi ham goʻyo yangidan nafas oladi. Tabiat qishning qahraton sovuqlarini yengib, jumlai jahonni yashillikka burkasa, inson ham bahordan ruh olib, ilhom olib, yangi-yangi orzu-umidlar sari intiladi. Shundan boʻlsa kerak bahor tabarruk qadami qalblarda iliqlik, yuraklarda ezgu tuygʻularni uygʻotadi.
Qishning sovuq kunlaridan soʻng esgan mayin shabada, yer bagʻridan bosh koʻtargan koʻm-koʻk maysalar, daraxt navdalarida boʻrtib chiqqan nozik kurtaklar qalbimizga toza va begʻubor his-tuygʻularni hadya etadi. Goʻyo tabiat uzoq uyqudan uygʻonib, yana yangi hayot boshlayotgandek boʻladi. Qushlarning shoʻx-shodon sayrashi, ariqlardan jildirab oqayotgan obhayot atrofga yoyilgan gullar ifori inson ruhiyatini quyosh yangligʻ charaqlatib yuboradi, dillarni quvonchu shodliklarga koʻmib yuboradi.
Gullar iforiga oshufta qalb
Ozodxon aya har bahorda koʻchasidan oqib oʻtadigan ariq chetiga gul ekishni kanda qilmaydi. Hovlingizga kiraverishda turfa rangdagi gullar yashnab tursa, kelgan mehmonning ham bahri dili ochiladi-da, deydi u. Axir gul koʻngilning bezagi, inson va tabiatni maʼnan birlashtiradigan, ruhiy madad beradigan mehr inʼomi-ku! Eng quvonarlisi, Ozodxon ayaning bu tashabbusini qishloqdagi barcha odamlar qoʻllab-quvvatlab bahor kelishi bilan koʻchasiga gul ekishadi. Butun qishloqning gullarga burkanishiga hissa qoʻshgan onaxonni keksalar qoʻllarini duoga ochib alqashadi.
—Bahorday fusunkor fasl bormi, u yuraklarga zavq-shavq ulashadi, yoshligingizni esga soladi,— deydi Fargʻona viloyati Furqat tumanidagi Qizilqiyoq qishlogʻida yashovchi 76 bahorni qarshilagan va bugungi kunda 4 farzand va qator nabiralar qurshovida keksalik gashtini surayotgan Ozodxon aya Botirova.— Bugungi yoshlarga havasim keladi. Ular biz kabi majburiy mehnatni azobini koʻrmagan. Fikri-zikri ilm olish, hunar egallash, oʻynab-kulish, sport bilan shugʻullanishga qaratilgan. Uzoq yillar hamshira boʻlib ishlaganman va majburiy mehnatning achchiq azobu uqubatlarini boshimdan oʻtkazganman. Bolam, chaqam deb, paxta yaganasi, chopiq, dagʻal xashak yigʻish kabi qishloq xoʻjalik ishlaridan qoʻlim boʻshamagan. Hatto dekabr oyigacha paxta terganimni koʻz oldimga keltirsam, bugungi dorilamon kunlarga shukrona aytaman.

Onaxonning qaddi tik, soʻzlari burro. Elning kayvonisi, qishloqdoshlar tili bilan aytganda “mahallaning Farmonbibisi”. Doim savob ishlarga bosh qoʻshib yuradi. Mahallada doshqozonda sumalak qaynasa, serfarzand oilalarga koʻproq yuboradi. Nochor oilalar roʻzgʻorining bir chetini koʻtarib yuborishga hissa qoʻshadi. “Hoy, baraka topgur, qoʻlingni qayoqqa uzatsang yetadi, falonchining roʻzgʻoriga bir qarashib yubor” deydi tadbirkor tanishlariga. Yoki qishloqning eng keksa kishisiga sumalak yuborib duosini oladi.
—Gullar ochilib, hushbuy ifor taratgan Navroʻz kunlarida koʻchamizga bir keling, —deydi Ozodxon aya. — Haqiqiy moʻjizasini oʻshanda koʻrasiz. Hayot yanada goʻzal boʻlib koʻrinadi koʻzingizga. Aytmoqchi qishlogʻimizda yoshi 300-400-yillarga boradigan ulkan chinor bor. “Katta chinor” MFY nomi ham shu qadimiy daraxtdan olingan. Aytmoqchimanki, qishlogʻimiz koʻrki jamoli tobora ochilib boryapti. Odamlar hayotidan rozi. Mehnat qilib kam boʻlmayapti. Yosh tadbirkorlar safi kengayib bormoqda. Davlatimiz rahbari yoshlar bilan uchrashganidan soʻng qishlogʻimiz yoshlari orasida tadbirkor boʻlish ishtiyoqmand yoshlar koʻpaydi. Bunday yangilanish va imkoniyatlarni koʻrib, keksalarimiz doim duoda, shukrona aytishadi. Bu yurtimizda inson qadri ulugʻlanayotgani, tinchlik barqaror boʻlib turgani va Prezidentimizning elga qayishayotgani, mehrini berayotganining yorqin samarasidir.
Baxshilar koʻklamdan oladi ilhom
Choʻpon koʻm-koʻk qir-adirlarga qoʻy-qoʻzilarni xirgoy qilib haydasi, dehqon ketmonini yelkasiga olib, dalasiga shoshadi. Ayollaru qiz-juvonlarning ham tashvishi ortadi, bahoriy taomlar tayyorlanadi, sumalakning xushboʻy hidi dimoqlarni qitiqlaydi. Kurash avjiga chiqadi, mard chavondozlar koʻpkarida uloq ayiradi. Boʻy qizlar sochlariga tol bargak taqib qoʻshiq kuylasa, oʻspirin bolalar osmonu falakka varrak uchiradi. Keksa chollar ogʻzida qolgan bittagina tishini koʻrsatib, sherigiga jilmayadi: “bahor qut-barakaga, rizqu roʻzga toʻliq kelsin”! Baxshi doʻmbirasini chertadi, uning yangroq ovozi yuraklarni sel qilib yuboradi.
Otlar dupuri, polvonlarning shahdu shiddati, oʻlanu laparlar ohangi bilan birga baxshining xalqona ovozi togʻlarga urilib aks-sado beradi.
—Oʻzi asli baxshilar bahordan ilhom oladi, — deydi dehqonobodlik baxshi Qahhor baxshi Rahimov. — Koʻm-koʻk qir-adirlar, lolalar ochilgan togʻ soʻqmoqlari har qanday odamni shoir qilib yuboradi. Bu togʻlar men uchun juda qadrdon. Rahmatli otam Qodir baxshining tabarruk ovozi togʻu toshlarga urilib yangragan. Ana shu ovozni sogʻinib, togʻlarga qarayman va beixtiyor kuylab yuboraman:
Hay-yora...
Hut kirganda baland togʻni qor bosar,
Mard yigitning yuragini or bosar.
Koʻklam xalqim bogʻlab mahkam belini,
Niyat qilib, rizq-roʻz uchun don sochar...

Doston va termalar aytish uning qonida bor. Otasi va bobolari ham baxshi boʻlishgan. Ayniqsa, otasi Qodir baxshi shomda kuylashni boshlaganda tong otib, quyosh terak boʻyiga koʻtarilguncha aytishdan toʻxtamagan. Muxlislardan birortasi ketib qolmagan. Qodir baxshining toʻrt oʻgʻli ham ota izidan borib, bahor va Navroʻz ayyomlarida davrani qizitib kelmoqda. Qahhor va Abdimurod Rahimov “Oʻzbekiston xalq baxshisi” unvoniga sazovor boʻlishgan boʻlsa, Bahodir va Bahrom baxshi Rahimovlar bir qator tanlovlar gʻolibidir.
2022-yil Qahhor baxshining “Bulbul navolari” termalar toʻplami va “Goʻroʻgʻlining safari” dostoni nashr etildi. U baxshichilik YUNESKOning nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga kiritilganidan quvonadi, milliy madaniyatimiz dunyoda eʼtirof etilgani unga ijodiy kuch-quvvat bagʻishladi.
Qahhor baxshi Dehqonobod tumanidagi 30-maktabda “Yosh baxshilar” toʻgaragini ochgan boʻlsa, Abdimurod baxshi tumandagi 5-musiqa va sanʼat maktabida baxshichilik sinfiga rahbarlik qilmoqda. Ular qoʻlida tahsil olayotgan shogirdlari ovozi bahor ayyomida qiru adirlar uzra aks-sado bermoqda.
Milliy naqshlarda yashayotgan oʻzlik
—Bahorning oʻzi mohir musavvir. U yaratgan rango-rang gullar, chechaklarning oʻzi bir buyuk asar, —deydi Toshkent shahridagi Yangi Sebzor mahallasida joylashgan hunarmandlar maskani rahbari Gulbahor Oʻrinova. — Yurtimizga fusunkor va nazokatli fasl — bahorning kirib kelishi biz hunarmandlarga ham cheksiz ilhom bagʻishladi. Eʼtiborli jihat shundaki, har bir millat oʻzligi qadimiy naqshu bezaklarda, ipaklari yaltirab jilo sochuvchi kashta va zaru nigorlarda aks etib turadi. Garchi kasbim shifokor boʻlsa-da, ajdodlarimiz aql-idroki, mehri va tabarruk qoʻl izlari qolgan, har naqshi chuqur maʼno-mohiyatga ega kashtalarga bolaligimdan mehrim juda baland edi. Havas kuchlilik qilib, 2017-yilda mahallada kasbimga qoʻshimcha hunarmandlar maskanini ochdim.
Gulbahor Oʻrinova Yangi Sebzor mahallasidagi tashlandiq va suv va gazdan qarzdor bir binoni olib, elektr tushirib, gazga ulab, obdan taʼmirlab, koʻrkam maskanga aylantirdi. Bunda albatta, unga “mahalla yettiligi” katta koʻmak berdi. Ular bankdan kredit olishda va mahalladagi hunarmandchilikka ishtiyoqmand kishilarni jalb qilishda bosh-qosh boʻlishdi. Eʼtibor va gʻamxoʻrliklarga javoban hunarmand 14 ta yangi ish oʻrni ochib, mahalla bolalarini bepul hunar oʻrganishiga imkoniyat yaratib berdi.
Bugungi kunda hunarmandlar maskani eng gavjum va koʻrkam goʻshaga aylandi. Toʻqish, tikish, naqsh chizish, kartinkalarga qoʻlda bezak berish, oʻyinchoqlar tikish, sumka va ayollar liboslarini yaratish kabi hunarmandchilik ashyolari bejirim va xaridorlar didiga mos tarzda taqdim etilmoqda. Eng quvonarlisi, mahalla yoshlari qalbida milliy hunarmandchilikka va qadimiy qadriyatlarga havas uygʻonmoqda. Buni chuqur anglagan ota-onalar farzandlarini hunarmandlar maskaniga yuborishmoqda.

—Hunarli odam baxtli odam, deyishlari rost ekan,— deydi Gulbahor. — Bunga shu maskanni ochib, hayotim ijobiy tomonga oʻzgarib ketganini misol qilib keltirishim mumkin. Uch farzandim tarbiyasi, ularning ilm egallashi va jamiyatimizga naf keltiradigan mutaxassis boʻlib ulgʻayishiga gʻamxoʻrlik qilyapman. Inson oʻz mehnati bilan oʻz biznesini yaratsa, halol ishlasa, albatta, katta yutuqlarni qoʻlga kiritadi. Shu jihatdan hunarmandchilik meni shunday istiqbolli manzillar sari chorlamoqda.
Maskanga yaqinlashar ekansiz, kurtak yozayotgan daraxtlar, chiroyli gulu gulzorlarga koʻzingiz tushadi. Fusunkor bahor bu gullarga zeb berib, ziynatlamoqda. Eʼtiborli jihati bu yilgi bahor seryogʻin keldi. Osmondan yogʻilayotgan zumrad tomchilar daraxtu nav-nihollarga jon baxshida etmoqda. Ularga qarab Gulbahor ham quvonadi, Yaratayotgan har bir naqshida shu gullarni ulgu qilib oladi. Shuning uchun ham bahorni ayolga qiyoslashadi. Goʻzalligi, husnu malohati va yaratuvchiligi bilan ayol ham tabiatga hamohangdir.
Zotan, bugungi shiddatkor davrning oʻzi hunarmandlar zimmasiga ulkan vazifalar yuklamoqda. Maskanda qoʻl mehnati bilan zeb berilayotgan milliy mahsulotlarga xorijda ham xaridorlar koʻpaymoqda. Shuning uchun ular xalqaro koʻrgazmalarda va nufuzli tanlovlarda ishtirok etib, yuqori oʻrinlarni egallashga harakat qilishmoqda. Intilganga tole yor, deganlaridek, hunarmandlar aql-zakosi bilan yaratilayotgan nafis va serjilo milliy buyumlar albatta, har bir qalbga bahorning nafis chechaklari kabi shodlik va quvonch olib kiradi.
Faxriddin BOZOROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- Ayollar Osiyo chempionati musobaqasining 3-tur oʻyinlari davom ettirildi
- Tramp Erondagi harbiy operatsiya “deyarli yakunlanganini” maʼlum qildi
- MIB direktoriga yangi oʻrinbosar tayinlandi
- Toshkent – Samarqand pullik yoʻli qurilishi 2 milliard dollardan ziyodga baholanmoqda
- Toshkentda tunnel devori oʻpirilib tushdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring