R.Kusherbayev yana “Oʻzavtosanoat” haqida: Aholi “qora”, monopolistlar “oq”!

23:08 26 Yanvar 2021 Jamiyat
955 0

Deputat Rasul Kusherbayev ayrim monopolistlar, xususan, boqimanda “Oʻzavtosanoat” tarkibidagi korxonalarga berilayotgan imtiyozlar jamiyatdagi ijtimoiy kayfiyatga salbiy taʼsir oʻtkazayotgani haqida yana bir bor toʻxtalib oʻtdi.

"Imtiyozlar iqtisodiyotda halol raqobatning yoʻqolib, isteʼmolchilarga tanlovsiz, sifati past mahsulot va xizmatlardan majburan foydalanishga olib kelishi mumkin.

Afsuski, soʻnggi vaqtlarda ayrim monopolistlarga berilayotgan alohida ustun huquqlar aholi ijtimoiy kayfiyatiga salbiy taʼsir oʻtkazmoqda.

Chunki aholi shu sohada oʻzi istagan sifatli, arzon mahsulot va xizmatdan foydalana olmayapti. Bular qatoriga boqimanda «Oʻzavtosanoat» tarkibidagi korxonalarga berilayotgan imtiyozlar ham kiradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Maxsus sanoat zonasi «Andijon viloyati sanoat xabi»ni tashkil etish chora tadbirlari toʻgʻrisida»gi ID-26203 (V-1) qarori loyihasida koʻzda tutilgan imtiyozlar shunday xulosaga olib kelyapti: halol va teng sharoitda ishlashga ishongan korxona oʻz maqsadlariga Prezident nomidan foydalanib erishmaydi.

Loyihadagi toqat qilib boʻlmas vaziyat: ayrim yurtdoshlarimiz ilojsizlikdan bir parcha sugʻoriladigan yerda “oʻzboshimcha”, deb topilayotgan boshpanalarining buzilishidan hadiksirab kun oʻtkazayotgan bir vaqtda uzoq yillar shohona imkoniyat va imtiyozlar qurshovida yashagan «Oʻzavtosanoat»ga (Sanoat xabi) yana 100 gektarlik sugʻoriladigan yer maydoni begʻaraz berilmoqchi. 5-6 sotixmas, 100 gektar.

Kulgilisi, oziq-ovqat xavfsizligiga “oʻzboshimcha” uy qurib yashayotgan kambagʻal aholi xavf solyapti, deb bong uramiz, kambagʻalni qiynaymiz. Yuzlab gektar sugʻoriladigan yerlarni egallayotgan monopolistlar esa oppoq, ideal.

Bu ham yetmagandek hamma yerni auksion orqali olsa, «Oʻzavtosanoat» auksionsiz olmoqchi.

«Prosta» bez emas, sal bet boʻlishi kerak.

Yana bir gap «Oʻzavtosanoat» taʼsis etadigan korxona 100 gektar yerdan tashqari 2023-yil 1-yanvarga qadar import qilinadigan qurilish materiallari, uskunalar, qurilish texnikasi, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar, metall konstruksiyalarini xorijdan olib kelishda bojxona toʻlovlaridan ozod boʻlmoqchi. Yana imtiyoz…

Umid qilamanki, adolatli, kuchli fuqarolik jamiyati qurish yoʻlida ketayotgan bir vaqtda “bir toʻda” koʻzga koʻrinmas shaxslarning lobbizmi ekanligi koʻrinib turgan bunday loyiha qabul qilinmaydi" deb yozadi Kusherbayev.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?