Rishtonda agroturizm: istiqbolli soha rivoji italiyalik jurnalistlar eʼtiborida

14:38 23 Oktyabr 2025 Jamiyat
212 0

Rishton tumanining Markaziy Fargʻona hududida joylashgan bepoyon va goʻzal tabiat maskanlari agroturizmni rivojlantirishda muhim omildir. Ayni jihatlarni inobatga olib, 2017-yili tadbirkor Asrorjon Hikmatov “Roshidon nasldor tuyalari” fermer xoʻjaligini tashkil etdi. Shu tariqa qariyb 100 gektar qarovsiz yotgan qumlik yerlar oʻzlashtirilib, Qoraqalpogʻistondan bir nechta tuya olib kelingan edi.

Bugungi kunda xoʻjalikda 50 boshga yaqin tuya parvarish qilinmoqda. Tadbirkor tuyachilik sohasini yoʻlga qoʻyish bilan bir qatorda agroturizmni ham rivojlantirishga katta eʼtibor qaratayotir. Shu maqsadda mahalliy va xorijlik sayyohlar uchun hudud boʻylab sayohat, tabiiy usulda bunyod etilgan qamish uylar, tuya suti savdosi tashkil etilgan.

— Hozircha sayyohlar uchun bir kunlik turizm marshruti ishlab chiqilgan, — deydi A. Hikmatov. — Bu tuya minib, qum barxanlarida sayr qilish hamda milliy anʼanalar bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.

Oʻz navbatida, mehmonlar uchun milliy taomlar tayyorlab beriladi, qishloq turmush tarzi va tabiiy muhit bilan bogʻliq qadriyatlarimiz keng namoyish etiladi. Maqsad tuyachilik tarmogʻini jahon andozalari darajasida rivojlantirish orqali ekoturizm va agroturizm yoʻnalishida turli festivallar oʻtkazib borishni doimiy anʼanaga aylantirishga qaratilgan.

— Shu kunlarda yurtingizda “Fargʻona vodiysining turistik salohiyati” nomli hujjatli filmni suratga olish jarayonlari davom etmoqda, — deydi italiyalik jurnalistlar delegatsiyasi rahbari Mariantionetta Katalido Tales. — Ayni maqsadda ushbu tuyachilik fermer xoʻjaligi faoliyati haqida ham qiziqarli lavhalar olindi.

Darhaqiqat, Fargʻona vodiysida agroturizm imkoniyatlari, milliy anʼanalar hamda tabiiy manzaralar bilan tanishib, mahalliy aholining mehmondoʻstligiga qoyil qoldik. Rishton tumani boʻyicha ham taassurotlar bir olam. Bu tumanning bogʻdorchilik va dehqonchilik sohasidagi boy tarixi, kulolchilik maktabi hamda ekoturizm salohiyati juda yuqori ekanligi eʼtiborga molik.

Botir MADIYOROV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер