Rimdagi Butunjahon oziq-ovqat forumida oʻzbekistonlik talabalar soʻzga chiqdi

17:55 20 Oktyabr 2023 Jamiyat
447 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Shu yilning 16-20-oktyabr kunlari Rimdagi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) bosh qarorgohida boʻlib oʻtgan Butunjahon oziq-ovqat forumida oʻzbekistonlik talabalar ham faol ishtirok etdilar. Yoshlar delegatsiyasining ishtiroki FAO Oʻzbekistondagi vakolatxonasi va BMT Taraqqiyot Dasturining koʻmagida tashkil etildi.

Butunjahon oziq-ovqat forumi yosh va geografik chegaralardan chiqib ketadigan, qishloq xoʻjaligi-oziq-ovqat tizimlarining kelajagini oʻzgartirish uchun avlodlarni birlashtiradigan dinamik global platformadir. FAOning nufuzli tadbiri Italiya poytaxtida joriy yilning asosiy mavzusi hisoblangan "Agro-oziq-ovqat tizimlarining oʻzgarishi iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashga hissa qoʻshadi" mavzusida muloqotni rivojlantirish uchun dunyo yetakchilari va ilgʻor xalqaro ekspertlarni, shuningdek, onlayn rejimida butun dunyodan oʻn minglab ishtirokchilarni birlashtirdi.

Butunjahon oziq-ovqat forumi doirasida oʻzaro bogʻliq holda tashkil etilgan uchta tadbir – Global yoshlar forumi, FAO fan va innovatsiyalar forumi va “Qoʻlni-qoʻlga beraylik” tashabbusining investitsiya forumi siyosat, fan, innovatsiya, taʼlim, madaniyat va investitsiya sohalarida avlodlar oʻrtasida ijodkorlik va hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Tadbirning maqsadi hamma uchun barqaror, inklyuziv va ochlikdan xoli kelajakka erishish uchun milliy, mintaqaviy va global darajada yangi yoʻllar va yechimlarni topishdir.

Tadbirda turli mamlakatlardan koʻplab yoshlar innovatsiyalar va texnologiyalar yordamida qishloq-oziq-ovqat tizimini oʻzgartirish va global muammolarga qarshi kurashishning eng samarali usullari va vositalarini muhokama qilish uchun yigʻildilar. Ular orasida oʻzbekistonlik yoshlar delegatsiyasi aʼzolari – Toshkent Davlat agrar universiteti talabalari Abdusalom Abduroziqov, Aʼlo Xolmatova, Madina Saydullayeva, Farrux Ziyodullayev va Husniddin Yorqulovlar ham bor.

Oʻzbekiston yoshlar delegatsiyasining Jahon yoshlar forumidagi Yevropa va Markaziy Osiyo masalalari boʻyicha sessiyasidagi murojaatida taʼkidlanganidek, “Mamlakatning zamonaviy yoshlari Orol dengizi inqirozi munosabati bilan Oʻzbekiston duch kelayotgan qiyinchiliklarga qaramay, atrof-muhitni tiklash, qishloq xoʻjaligi barqaror rivojlantirish va suv resurslarini saqlash yoʻlida asosiy harakatlantiruvchi kuchdir. Bugungi va ertangi kunning himoyachilari sifatida biz taʼlimni qishloq xoʻjaligi-oziq-ovqat tarmogʻini yanada gullab-yashnashining asosi deb bilamiz”.

Foto: “Xalq soʻzi”

Forum doirasida Oʻzbekiston yoshlar delegatsiyasi FAOning rivojlanayotgan kichik orol davlatlari, kam rivojlangan davlatlar va dengizga chiqish imkoni boʻlmagan rivojlanayotgan davlatlar boʻlimi direktori Anxelika Mariya Xakome Dasa bilan oʻtkazilgan uchrashuvda ham ishtirok etdi. Muloqotda dengizga chiqish imkoni boʻlmagan mamlakatlar, jumladan, Markaziy Osiyoda agro-oziq-ovqat tizimlari barqarorligini oshirish boʻyicha dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Oʻzining boy dastur tufayli Butunjahon oziq-ovqat forumi hafta davomida yoshlar, fermerlar, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilari, siyosatchilar, olimlar va investorlar oʻrtasida global oziq-ovqat muammolari boʻyicha muloqotni rivojlantirishga hissa qoʻshdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?