Respublikamizdagi yaylovlarning yarmi turli darajada inqirozga uchragan

19:24 13 Dekabr 2023 Siyosat
520 0

Joriy yil 12-dekabr kuni Senatning Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi majlisi boʻlib oʻtdi, unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarning doimiy komissiyalari vakillari, ekspertlar, Yoshlar parlamenti aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Majlisda Senatning navbatdagi yalpi majlisida muhokama qilinishi rejalashtirilgan masalalar dastlabki tarzda koʻrib chiqildi.

“2024-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonun shular jumlasidandir. Senatorlar mazkur moliyaviy hujjatning asosiy parametrlariga toʻxtalish jarayonida qishloq xoʻjaligi siyosatni amalga oshirishda qulay investitsiyaviy muhit yaratish, eksportni ragʻbatlantirishga yoʻnaltirilgan mablagʻlardan maqsadli foydalanishga alohida eʼtibor qaratdi.

Shuningdek, agrar sohaga ajratilayotgan byudjet mablagʻlar sarflanishi yuzasidan aniq hisob-kitoblar qilinganligi boʻyicha masʼul vazirlik va idoralar vakillarining maʼruzalari tinglandi.

Bundan tashqari, majlisda yaylovlar degradatsiyasining oziq-ovqat xavfsizligi, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda atrof muhitga salbiy taʼsiri yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovini yuborish masalasi ham muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, yaylovlar ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan muhim ahamiyatga ega boʻlib, mintaqamizda ekologik muvozanatni saqlash, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, chorvachilikni rivojlantirish hamda aholining turmush darajasini yaxshilashda asosiy tabiiy manbalardan biri hisoblanadi.

Shu sababli 4,2 mln gektar yaylovda geobotanik tadqiqotlar oʻtkazilib, degradatsiyaga uchragan maydonlarning xaritalari tayyorlangan hamda 420 ming gektar degradatsiyaga uchragan yaylovlarni qayta tiklash va yaxshilash boʻyicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

Shu bilan birga oʻz yechimini kutayotgan bir qator dolzarb masalalar yuzasidan ham soʻz bordi.

Jumladan, respublikamizning 21 mln gektar (umumiy yer maydonning 47 foizi) maydonini egallagan yaylovlarning 50 foizdan ortigʻi turli darajada inqirozga uchragan, asosiy yaylovlarning tabiiy ravishda yem-xashak hosil qilish salohiyati pasayib, yaroqsiz holatga kelib qolgan.

Yaylovlarda chorva mollarini almashlab boqish tizimi joriy etilmaganligi va chorva mollari soni keskin ortganligi bois yaylov yerlari katta bosim ostida qolgan. Buning oqibatida ozuqabop yem-xashak oʻsimlik turlari siyraklashib, yoʻqolib ketish darajasiga yetgan.

Ushbu masalalarga oydinlik kiritish maqsadida Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovini yuborish bir ovozdan maʼqullandi.

Bundan tashqari, hududlarda qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020–2030-yillarga moʻljallangan strategiyasida belgilangan vazifalarning bajarilishi hamda irrigatsiya-melioratsiya obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar holatini oʻrganish natijalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Sirdaryo viloyatining Sayxunobod, Guliston va Boyovut tumanlarida ayrim irrigatsiya obyektlaridagi gidrotexnik inshootlarni avtomatlashtirish ishlari bajarilmaganligi hamda “Aqlli suv” qurilmalari toʻliq oʻrnatilmaganligi taʼkidlab oʻtildi.

Koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер