“Real Madrid”dan gʻalaba, PSJ revansh oldi

09:52 12 Mart 2026 Sport
572 0

Kecha, 11-mart kuni Yevropa chempionlar ligasi musobaqasining nim chorak final bosqichi oʻyinlari davom ettirildi. Kun doirasidan oʻrin olgan 4 ta bahsda muxlislar bir-biridan chiroyli oʻyinlarga guvoh boʻlishdi.

Ispaniyaning “Real Madrid” klubi ushbu bosqich doirasida oʻz maydonida Angliyaning “Manchester Siti“ klubini qabul qildi. Oʻyin oldidan “qirollik klubi”da jiddiy muammolar bor edi.

Jud Bellingem, Kilian Mbappe, Rodrigo, Eder Militao, Alvaro Karreras, Dani Sebalyos va David Alaba kabi futbolchilar jarohat tufayli maydonga tusha olmasliklari maʼlum edi. Shu sababdan bahs oldidan koʻpchilik mehmon jamoani favorit deb hisoblayotgandi. Amalda esa “qaymoqranglilar” hammani yana bir bor hayron qoldirishni uddalashdi.

Uchrashuvda hisob 20-daqiqada “Real Madrid” sardori Federiko Valverde tomonidan ochildi. Oradan 7 daqiqa oʻtib, urugvaylik futbolchining oʻzi hisobni 2:0 koʻrinishiga keltirdi. Taym yakunida Valverde jamoasining uchinchi golini kiritdi. Birinchi boʻlim shu hisob bilan yakunlandi.

Ikkinchi boʻlim ham “Real Madrid”ning total ustunligi ostida oʻtdi. 57-daqiqada Vinisius Junior penaltidan gol kirita olmadi. Shu tariqa bahs 3:0 hisobida yakunlandi.

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzosi Abduqodir Husanov oʻyinni asosiy tarkibda boshladi. Lekin afsuski, oʻyin Husanov uchun omadli oʻtmadi. Uning harakatlari “Sofascore” portali tomonidan 5,9 ballga baholandi.

Musobaqaning guruh bosqichida bir qator gʻalabalari bilan muxlislar ogʻziga tushgan “Bodo-Glimt” jamoasi bu bosqichda ham oʻzining yorqin oʻyini bilan hammani hayron qoldirdi. Jamoa ushbu bosqichda Portugaliyaning “Sporting” klubini qabul qildi. Uchrashuv 3:0 hisobida mezbonlarning gʻalabasi bilan yakunlandi.

Oʻyinda hisob 32-daqiqada penaltidan ochildi. Mezbonlarning dastlabki goliga Sondre Fet mualliflik qildi. Taym yakunida Ole Didrik Blomberg hisobni 2:0 koʻrinishiga keltirdi. Birinchi boʻlim shu hisob bilan yakunlandi.

Ikkinchi boʻlimning 72-daqiqasida Kasper Xyog jamoasining uchinchi golini kiritdi. Shu tariqa bahs “Bodo-Glimt“ning gʻalabasi bilan yakunlandi.

APL yetakchisi “Arsenal” jamoasi ushbu bosqichda Germaniyaning “Bayer Leverkuzen“ klubi bilan kuch sinashdi. “Bay Arena”da oʻtgan bahs 1:1 hisobidagi durang natija bilan yakunlandi.

Uchrashuvda hisob 46-daqiqada mezbonlar futbolchisi Robert Andrix tomonidan ochildi. Ikkinchi boʻlimning 89-daqiqasida “Bayer Leverkuzen” darvozasi tomon penalti belgilandi. 11 metrlik jarima toʻpidan Kay Xavers unumli foydalanib hisobni 1:1 koʻrinishiga keltirdi. Shu tariqa dastlabki bahs durang natija bilan yakunlandi.

Musobaqaning amaldagi chempioni PSJ jamoasi Klublar oʻrtasidagi Jahon chempionati finalida “Chelsi”dan haqiqiy tarsaki qabul qilib olgandi. Bu natija “parijliklar”ning yuragida oʻchmas iz qoldirgan chogʻi, ushbu bahsda Luis Enrike jamoasi raqibini ayab oʻtirmadi.

Uchrashuv 5:2 hisobida mezbonlarning gʻalabasi bilan yakunlandi. Yana ham maydon egalarining 2 ta goli ofsayd sabab bekor qilindi.

Oʻyinda kiritilgan gollarga gʻoliblardan Xvicha Kvarasxeliya (2 ta), Vitinya, Usmon Dembele va Bredli Barkola mualliflik qildi. “Chelsi”ning javob gollari esa Enso Fernandes va Malu Gusto hisobiga yozildi.

Maʼlumot uchun, nim chorak final bosqichining javob bahslari 18–19-mart kunlari boʻlib oʻtadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер