Ravon yoʻllar obod manzilga boshlar

17:08 16 Yanvar 2025 Jamiyat
262 0

Xorijlik sayyohlar eʼtirofi

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Qay bir mamlakatga bormang, unga beriladigan birinchi baho yoʻl bilan bogʻliq boʻladi. Zero, ravon yoʻllar obodlik timsolidir. Shu nuqtayi nazardan olib qaraydigan boʻlsak, respublikamizda, xususan, Andijon viloyatida ham xalqaro talab darajasidagi qurilish ishlari amalga oshirilmoqdaki, buni hatto xorijlik sayyohlar ham eʼtirof etyapti. Quvonarli jihati shundaki, bu kabi saʼy-harakatlar natijasida nafaqat markaziy avtomobil yoʻllari, balki eng olis ichki koʻchalar ham ravonlashib, aholiga qulay sharoit yaratilmoqda.

— Andijon viloyatida avtomobil yoʻllari tarmogʻining uzunligi 13 ming 427 kmdan iborat boʻlib, shundan umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari 2 ming 544 kmni, ichki yoʻllar esa 10 ming 883 kmni tashkil etadi, — deydi viloyat avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasi boshligʻi Mirzohid Nurmatov. — Davlat dasturlari hamda hukumatimiz koʻrsatmalariga asosan 2024-yilda 475,9 mlrd. soʻm mablagʻ hisobiga 1520 kmdan ortiq yoʻl asfalt qilindi. Shuningdek, 11 dona koʻpriklarni rekonstruksiya qilish ishlari bajarildi. Natijada 138 ta mahallada istiqomat qiluvchi 75,3 ming nafar aholiga qulaylik yaratilib, avtomobillarning xavfsiz harakat qilishi taʼminlandi.

Bu kabi xayrli ishlarni amalga oshirishda davlat dasturlarining ahamiyati katta boʻldi. Ularning doirasida 215,3 mlrd. soʻm mablagʻ hisobiga salkam 560 kmdan iborat avtomobil yoʻllari soz holatga keltirildi. Natijada 272 ta mahalladagi 145 ming nafar aholiga qulaylik yaratildi.

Chekka qishloq yoʻli ham shaharnikidan qolishmaydi

Yoʻl qurilishi bilan bogʻliq islohotlar aholi turmush sharoitini ham tubdan oʻzgartirib yubordi. Natijada eng chekka hududlardagi mahallalar ham namunali manzillarga aylandi. Buning uchun 128,6 mlrd soʻmlik qurilish ishlari bajarilib, 1150 kmdan iborat yoʻllar asfaltlandi.

— Xonadonim shundoqqina dala boʻyida joylashgan, — deydi Andijon tumanidagi “Zavroq” MFYda istiqomat qiluvchi Asadillo Abubakirov. —Qolaversa, aholi soni kam boʻlgani uchun yoʻlimizda taʼmirlash ishlaridan umid ham qilmay qoʻygan edik. Buni qarangki, 2024-yilda koʻchalarimizdagi ichki yoʻllar betonlanib, nafaqat aholi, balki avtomashinalar uchun ham sharoit yaratildi.

Koʻpriklar — manzillarni birlashtiruvchi tugun

Koʻpriklar yoʻllarni oʻzaro bogʻlab turuvchi tugunga oʻxshaydi. U tufayli manzillargina emas, balki koʻngillar ham tutashadi. Shu bois viloyatdagi mavjud 1 ming 72 dona koʻpriklar qayta nazoratdan oʻtkazilib, ularning sifat darajasi tahlil qilindi. Shu orqali ortda qolgan yil davomida 6,2 mlrd. soʻm mablagʻ hisobiga 9 ta koʻprik taʼmirlanib, foydalanishga topshirildi. Bu esa 392 tadan ziyod mahallalardagi 215 ming nafar aholiga qulay sharoit yaratilishiga sabab boʻldi.

— Xoʻjaobod va Jalaquduq tumanlarini oʻzaro bogʻlab turuvchi “Oqboʻyrasoy” kanali ustidagi koʻprik tabiiy ofat natijasida yaroqsiz holga kelib qolgan edi, — deydi Jalaquduq tumanida yashovchi Neʼmatjon Abdurahmonov. — Natijada koʻzlangan manzilga yetish uchun qoʻshimcha 10 kmdan ziyod yoʻlni bosib oʻtishimizga toʻgʻri keldi. Hozirda taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Bundan xalqimiz minnatdor! Boisi, uzoqlarni yaqinlashtiruvchi bunday koʻpriklar muhim ahamiyatga ega.

Yangi manzilning yangi yoʻli

Andijon tumani adirliklarida barpo etilayotgan “Yangi Andijon” massivi moʻjazgina shaharchaga aylandi. Bu yerda aholi uchun yetarli sharoitni yaratish maqsadida 10 kmdan ziyod asosiy yoʻl qurildi.

— Yoʻlni jahon talablariga mos holatda tashkil etish maqsadida dastlab 50 smdan iborat shagʻal yotqizilib, qotirildi, — deydi Andijon yoʻllardan muntazam foydalanish davlat muassasasi xodimi Tohirjon Oʻroqov. — Uning ustidan sheben va shagʻal aralashmasi qoplandi. Shundan soʻng 10 sm katta gʻovakli asfalt, uning ham ustidan 8 sm qalinlikdagi oʻrta gʻovakli asfalt yotqizildi. Va nihoyat soʻnggida 5 smdan iborat mayin gʻovakli asfalt yotqizildi. Bundan tashqari, velosiped va piyodalar yoʻlaklari barpo etildi. Yoʻl chetlariga chiroqlar oʻrnatilib, manzarali daraxtlar ekildi. Yoʻl belgilari esa harakat xavfsizligini taʼminlashga xizmat qilmoqda.

Ushbu yoʻlning qurilishi nafaqat “Yangi Andijon”liklar, balki Andijon tumanida yashovchi Zavroq, Boʻtaqora, Xortum, Xrabek, Jevachi qishloqlari aholisining ham uzogʻini yaqin qildi.

— Viloyatdagi eng yirik savdo markazi boʻlmish “Jahon bozori” savdo majmuasiga borish uchun viloyat markazi orqali harakatlanar edik, — deydi “Zavroq” MFYda yashovchi Botirjon Asronov. — “Yangi Andijon” massivida barpo etilgan yangi yoʻl manzilimizni 20 kmga yaqinlashtirdi. Yoʻl juda ravon, tekis ekanligi bilan bizga manzur boʻlmoqda.

Xulosa oʻrnida aytish joizki, andijonliklar yoʻlsozlar xizmatidan minnatdorlar! Zero, sifatli, ravon yoʻl hamisha obod manzillar sari chorlaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер