Raqamli rivojlanishning ustuvor yoʻnalishlari muhokama qilindi

13:17 02 Fevral 2024 Siyosat
374 0

Olmaota shahrida joriy yilning 2-fevral kuni har yili anʼanaviy oʻtkazib kelinayotgan “Digital Almaty 2024: X industriyasi” forumi boʻlib oʻtdi.

Ishchi tashrif bilan Qozogʻiston Respublikasida boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati delegatsiyasi vakillari ushbu forumda ishtirok etdi.

Forumda, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi М.Мишустин, Belarus Respublikasi Bosh vaziri Р.Головченко, Qozogʻiston Respublikasi Bosh vaziri А.Смаилов, Qirgʻiz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisining birinchi oʻrinbosari А.Касималиев qatnashdi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, bugungi kunda raqamli iqtisodiyot inson faoliyati barcha sohalarda jadal oʻzgarishini hisobga olgan holda, global rivojlanishning asosiy omiliga aylandi.

Xususan, mamlakatimizda ham raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonlaridan oʻtgan yili tasdiqlangan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida ham 2030-yilgacha raqamli iqtisodiyotni yanada rivojlantirish boʻyicha qator ustuvor yoʻnalishlar belgilangan.

Oʻzbekiston Bosh vaziri mazkur strategiya doirasida Davlatimiz Rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar hamda ularning amaliy natijalari haqida forum ishtirokchilariga soʻzlab berdi.

Qayd etilganidek, kelgusi yillarda IT-xizmatlar eksporti jadal oʻsishi uchun qulay muhit yaratish, Oʻzbekistonda oʻz vakolatxonalarini ochayotgan xorijiy kompaniyalarni hamda mahalliy IT-kompaniyalarni tashqi bozorlarga chiqishda qoʻllab-quvvatlash, davlat xizmatlarining samaradorligi va fuqarolar uchun qulayligini oshirish singari koʻplab ustuvor vazifa hamda loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Taʼlim, moliya, bojxona, qishloq xoʻjaligi, energetika, geologiya va boshqa sohalarni raqamlashtirish doirasida 100 dan ortiq axborot tizimlari ishlab chiqilib, hayotga tatbiq qilindi.

Masalan, 370 ta bojxona amaliyoti raqamlashtirilgani tufayli hujjatlarni koʻrib chiqish vaqti 3 soatdan bir necha daqiqagacha qisqartirildi.

Bundan tashqari, “Mening shaxsiy guvohnomam” biometrik raqamli identifikatsiya platformasi muvaffaqiyatli ishlamoqda. Soliq va bojxona maʼmuriyatchiligida “xavf-xatarlarni tahlil qilish” intellektual tizimi joriy etilgan.

Ayniqsa, Oʻzbekistonda yoshlarning IT-startaplarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan, umumiy sovrin jamgʻarmasi 1 million AQSH dollari boʻlgan “President Tech Award” tanlovini oʻtkazish yoʻlga qoʻyilgani forum ishtirokchilarida katta qiziqish uygʻotdi.

Forumda birgalikdagi saʼy-harakatlar orqali yangi texnologiyalarni joriy etish mamlakatlarimizning jadal raqamli rivojlanishiga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Shu munosabat bilan Oʻzbekiston tomoni sunʼiy intellekt sohasida texnologiyalar va bilim almashish uchun mintaqaviy ekspert platformasini yaratishni taklif etdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер