Ramazon shukuhi: dilda quvonch, tilda shukronalik
Prezidentimizning 2026-yil 17-fevral kungi “Muborak Ramazon oyida ehtiyojmand aholini davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralari toʻgʻrisida” gi qarori asosida Fargʻona viloyatida 24 mingga yaqin davlat taʼminotidagi oila moddiy va maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlanishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz yashovchi hamda yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarning reyestrida turuvchi qariyb 2 ming nafar fuqaroga, yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar yashayotgan 500 ga yaqin oilaga – 1 million soʻmdan, 42 mingga yaqin “kambagʻal oila” toifasidagi oilaga hamda “mahalla yettiligi” tavsiyasi asosida 4 ming 700 dan ortiq oilaga 500 ming soʻmdan bir martalik moddiy yordam berilishi koʻzda tutilgan.
Ayni paytda qaror ijrosini taʼminlash maqsadida bunday xonadonlarga bir martalik moddiy yordam koʻrsatilmoqda. Bu xayrli tashabbus – yurtimizda inson qadrini ulugʻlash, mehr-oqibat va saxovat kabi ezgu fazilatlarning amaldagi yana bir tantanasidir.
Shu kunlarda mahallalardagi ijtimoiy xodimlar moddiy yordam haqidagi xabarnomalarni oilalarga yetkazib, yurtdoshlarimiz qalbiga Ramazon quvonchini ulashmoqdalar. Fargʻona shahridagi “Yoshlar” mahallasi ijtimoiy xodimi Suhrobbek Hoshimov oʻziga biriktirilgan hududda 7 ta davlat taʼminotidagi oilaga, 14 ta kambagʻal oilaga va 1 nafar yakka-yolgʻiz keksa hamyurtimiz yashovchi xonadonga birma-bir kirib borib, mehr-muruvvatga intiq yuraklarni behad quvontirdi.

—Mahalla raisi Dilmurod Maʼmurov bilan ijtimoiy adolatni taʼminlashga qaratilgan qaror ijrosi toʻliq taʼminlanishiga harakat qildik, —deydi S.Hoshimov. —Maqsadimiz – davlat rahbarining tashabbusi bilan ajratilayotgan mablagʻlar aniq oʻz egasiga yetib borib, har bir oila va inson rozi boʻlsin.
“Yoshlar” mahallasida yashovchi Surayyo Qambarovaning 3 nafar voyaga yetmagan farzandi bor. “Kambagʻal oilalar reyestri”ga kiritilgan bu oila uchun bolalar nafaqasi tayinlangan. Kuz-qish mavsumida esa 1 mln soʻm miqdoridagi bir martalik moddiy yordam ham berildi.
—Shifoxonada hamshira boʻlib ishlayman, lekin daromadim kamligi sababli roʻzgʻor yuritishim qiyin boʻlyapti. Prezidentimizga ming rahmat, isitish mavsumida ham bir martalik moddiy yordam ajratilgan bizga – bolalarim bilan qishdan sogʻ-salomat chiqib oldik. Ramazon oyida ham oilamizga 500 ming soʻm mablagʻ ajratilibdi. Bundan boshimiz osmonga yetdi.
“Kambagʻal oilalar reyestri”da turuvchi yana bir oila – Zilola Halilovaga koʻp farzandli, lekin kam daromadli boʻlgani uchun 500 ming soʻm miqdorida bir martalik moddiy yordam beriladigan boʻldi. Bu oilaga ham oʻtgan yil noyabr oyida qish mavsumi uchun 1 mln soʻm miqdorida bir martalik moddiy yordam koʻrsatilgan.

Shu mahallada yashovchi Aleksandr Sichyov oʻn oy avval insultni boshdan kechirgan va yiqilishi oqibatida bir oyogʻini sindirib olgan. Mahalladagi ijtimoiy xodim tomonidan “keys” ochilib, dastlab fuqaro chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikka yoʻnaltirildi, I guruh nogironligi belgilanib, nafaqa tayinlandi. Vaucher asosida nogironlik aravachasi bilan taʼminlandi. Shuningdek, “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish uchun vaucher berildi.
—Ogʻir kunlarda ijtimoiy xodim oilamizning eng yaqin koʻmakchisi boʻldi,—deydi biz bilan suhbatda Sichyov Yuryevich.—Oʻtgan yili isitish mavsumida 1 mln soʻm, Ramazon munosabati bilan esa 500 ming soʻm moddiy yordam berishdi.
Bu eʼtibor meni juda ruhlantirdi, hayotga qaytardi. Hozir turmush oʻrtogʻim uyda reabilitatsiya mashgʻulotlarini olib boryapti. Nasib boʻlsa, qayta oyoqqa turib, qurbim yetgunicha Vatanimizga xizmat qilaman.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring