Ramazon oyida ehtiyojmandlarga amaliy gʻamxoʻrlik koʻrsatilmoqda
Surxondaryo viloyatida muborak Ramazon oyi munosabati bilan saxovat va xayriya tadbirlari keng quloch yoymoqda. Prezidentimizning joriy yil 17-fevraldagi “Muborak Ramazon oyida ehtiyojmand aholini davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida ushbu qutlugʻ oyni munosib oʻtkazish, ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlash va aholiga manzilli yordam koʻrsatish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunga qadar 8 290 ta oilaga zarur mahsulotlar yetkazib berildi. Bu xayrli tashabbus orqali yuzlab xonadonlar qalbiga quvonch, dasturxoniga baraka kirib bormoqda.
Kuni kecha viloyat hokimi Ulugʻbek Qosimov Qumqoʻrgʻon tumani studiyasi orqali oʻtkazilgan navbatdagi ommaviy qabul avvalida yurtdoshlarimizni mehr-muruvvat, bagʻrikenglik va shukronalik oyi — Ramazon bilan samimiy muborakbod etdi.

Qabul jarayonida markaziy va hududiy studiyalar orqali 142 nafar fuqaroning jami 165 ta turli masaladagi murojaati tinglandi. Har bir murojaat qonunchilikda belgilangan tartibda, aniq muddatlar asosida koʻrib chiqilishi va hal etilishi yuzasidan viloyat, shahar va tuman darajasidagi rahbarlarga tegishli topshiriqlar berildi.
Shundan soʻng markaziy va hududiy studiyalarda tuman hokimlari tomonidan 3 mingdan ortiq kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan, nogironligi boʻlgan hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, shuningdek, yakka yolgʻiz istiqomat qiluvchi keksalarga oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi.

Ayni paytda hududlarda uy sharoitida parvarishlanayotgan, qabulda ishtirok etish imkoniyati boʻlmagan yakka yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan fuqarolar xonadonlariga ham oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilmoqda.
Ramazon oyi davomida saxovat va mehr-muruvvat tadbirlari izchil davom ettirilib, 15 mingga yaqin oilaga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatish rejalashtirilgan. Bu ezgu amallar jamiyatda oʻzaro hurmat, insonparvarlik va birdamlik muhitini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- “Barselona” qiyin gʻalabani qoʻlga kiritdi
- Ayollar Osiyo chempionati musobaqasining 3-tur oʻyinlari davom ettirildi
- Tramp Erondagi harbiy operatsiya “deyarli yakunlanganini” maʼlum qildi
- Bugun Eronga juda qattiq zarba berilishi mumkin – Tramp
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring