Rahbar kadrlar tayyorlashda tarix va zamonaviylik uygʻunligi

10:33 26 Sentyabr 2025 Siyosat
102 0

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari asosida davlat va jamiyat oʻrtasidagi munosabatlarni samarali tashkil qilish, fuqarolar manfaatlarini himoyalash, resurslardan oqilona foydalanish hamda barqaror rivojlanishni taʼminlashga qaratilgan tizimning yaratilishi zamonaviy davlat boshqaruvi ravnaqida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Demokratiya va ochiqlik tamoyillari asosida hukumat qarorlari shaffofligini taʼminlash, aholining ularga taʼsir koʻrsatish imkoniyatini kengaytirish, huquqiy davlat barpo etishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, fuqarolik jamiyati institutlari faolligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilyapti. Shu asnoda, “xalq bilan muloqot”, “inson qadri”, “xalqni rozi qilish” kabi ulugʻvor tashabbuslar ilgari surildi va ular davlatning barqaror rivojlanishiga, imijining dunyo darajasida oshib borishiga xizmat qilmoqda.

Davlat xizmatlarini modernizatsiya qilish, yaʼni raqamlashtirish va soddalashtirish, korporativ boshqaruv, liderlik koʻnikmalarini davlat xizmati tizimiga tatbiq etish, natijaviy boshqaruv (Results-Based management), professional kadrlar siyosatini yuritish, davlat xizmatlarini yagona markazlar (“one-stop-shop”) orqali koʻrsatish, korrupsiyaga qarshi kurash, mahalliy hokimiyat organlarining vakolatlarini kengaytirish, “yashil” iqtisodiyot, qayta tiklanuvchi energiya va ekologik boshqaruvni rivojlantirish, davlat xizmatchilarini tayyorlash va qayta oʻqitish, xalqaro hamkorlik va global boshqaruv tamoyillarini joriy etish bugungi zamonaviy boshqaruvning asosiy omillaridir.

Binobarin, davlatchiligimiz tarixiga nazar tashlasak, IX — XII asrlardagi ilk Renessans Forobiy, Ibn Sino, Beruniy kabi mutafakkirlar siymosida shakllangan boʻlib, ular bilim va hikmatni aql hamda tajriba orqali mukammallik sari yoʻnaltirganlarini koʻramiz. Bu davrda boshqaruv faqat siyosiy kurash emas, balki aql-idrok, axloq va ilm asosida qurilishi kerakligi toʻgʻrisidagi fikrlar ilgari surilgan.

Prezidentimiz ham Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi raisi sifatidagi chiqishlarida bugun rahbarlar oʻz bilim va tajribasi, axloq-odobi, maʼnaviy qiyofasi bilan ibrat boʻlishi lozimligini taʼkidlaydi. Xususan, buyuk mutafakkirlarimizga alohida ehtirom koʻrsatilayotgani, butun dunyoni oʻziga maftun etib kelayotgan Samarqand shahrida buyuk alloma Buxoriy ziyoratgohi qaytadan taʼmirlanayotgani rahbar maʼnaviyatining yaqqol ifodasi boʻlib, yangi Oʻzbekiston imijini yanada yuksaltirishga katta hissa qoʻshadi.

Boshqaruvning keyingi mumtoz tamoyillari XV asrga kelib, ikkinchi Sharq Renessansi davrida Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod, Mirzo Ulugʻbek kabi buyuk siymolar qoldirgan oʻchmas meros, rahbarning qahramon emas, balki maʼrifatli, xalq dardini anglaydigan shaxs sifatidagi siymosi timsolida shakllandi. Davlat boshqaruvi faqat qudrat emas, maʼnaviy masʼuliyat ekanligi haqidagi fikrlar shu davr adabiyoti va asarlarida keng oʻrin oldi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning rahbar kadrlarga malaka oshirish, rivojlangan davlatlar tajribasini oʻrganish imkoniyatlarini yaratib bergani, xususan, Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasining “Hokimlik maktabi” maxsus oʻquv kurslari tinglovchilari Germaniyada bilim va tajriba orttirib kelishgani ham aynan shu tamoyillarga asoslangan boʻlib, zamonaviy rahbar kadrlar salohiyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Bugungi kunda Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi tinglovchilarining buyuk mutafakkir Abu Nasr Forobiyning “Fozil odamlar shahri”, sohibqiron Amir Temurning “Temur tuzuklari”, Mirzo Boburning “Boburnoma” tarixiy asarlarini mutolaa qilishlari yoʻlga qoʻyilgan. Ushbu shohasarlardan tinglovchilar boshqaruvga tarixiy yondashuvlar, axloq-odob va fazilatlarni oʻrganishadi. Kitob rahbarga obrazlilik tafakkurini oshirishda, muloqot samaradorligi hamda notiqlik mahoratini boyitishda yordam beradi.

Ibn Sino va Beruniy esa ilm-fanni davlat qurilishidagi asosiy ustunlardan biri sifatida koʻrdilar. Ular taʼlim, ilm va tarbiya orqali kuchli rahbarlar shakllanishi mumkinligini taʼkidladilar. Bunday yondashuv hozirgi kundagi intellektual liderlik nazariyalariga ham asos boʻladi. Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda ushbu Renessans allomalarining bizga qoldirib ketgan adabiy merosi ulkan xazinadir. Shu jihatdan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mazkur Renessans davrining ilm-fan oʻchogʻi boʻlgan Xorazm vohasidagi Maʼmun akademiyasining modernizatsiya qilinishi, jasorat va mardlik timsoli Jaloliddin Manguberdi shaxsiga haqiqiy vatanparvarlik ramzi sifatida baho berilishi bejiz emas.

Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Zahiriddin Muhammad Bobur, Alisher Navoiy davriga kelib rahbarlikning insoniy, maʼnaviy va madaniy jihatlari yanada keng va teran talqin qilingan. Alisher Navoiy asarlarida rahbar xalqning ruhiy ehtiyojini tushunadigan, uning qalbi bilan muloqot qila oladigan shaxs sifatida aks ettirilgani bugungi zamonaviy rahbar kadrlarimizni mushohadaga undaydi.

Mirzo Ulugʻbekning rasadxonasi, u yerda oʻz davrining yetuk olimlari bilan birga olib borgan izlanishlari rahbarning ilm-fanga, tahlil va tadqiqotga qanchalik ahamiyat berishi zarurligini koʻrsatadi. Zahiriddin Bobur, Sharafiddin Ali Yazdiy, Alisher Navoiy va Amir Temur kabi mutafakkirlarning asarlari nafaqat bilim manbai, ular bizga keng qamrovli, strategik va axloqiy fikrlashni oʻrgatadi. Mazkur kitoblar arxivdagi eski yodgorliklar emas, balki bugungi kunda har bir lider oʻzlashtirishi lozim boʻlgan amaliy qoʻllanmalardir.

Ushbu davrda rahbarlar uchun qoʻllanma sifatida xizmat qilgan “Siyosatnoma” asarida Nizomulmulk tajribali, amaliyotchi rahbar sifatida namoyon boʻladi. Uning asardagi koʻrsatmalari davlat boshqaruvi, armiyani tashkil etish, soliq tizimi va tashqi siyosat yuritishga oid aniq va samarali strategiyalar toʻplamidir. “Siyosatnoma”da nazariy mulohazalarga oʻrin yoʻq, faqat hayotda ishlaydigan, bugungi kunda ham dolzarb boʻlgan boshqaruv vositalari berilgan. Masalan, u eʼtirof etgan mustaqil sud tizimiga ega boʻlgan kuchli maʼmuriy boshqaruv, moliyaviy ochiqlik va shaffof nazorat Qoyasi XXI asr islohotlari uchun ham namuna boʻla oladi.

Global muammolar yuzaga kelayotgan bir paytda zamonaviy yetakchilar oldidagi eng katta vazifa — inqirozlar sharoitida samarali boshqaruvni taʼminlash va barqarorlikni saqlash. Ana shunday sharoitda boshqaruv sanʼatiga bagʻishlangan mumtoz asarlarga murojaat qilish oʻta muhimdir.

“Boburnoma” asarini mutolaa qilar ekanmiz, Zahiriddin Muhammad Bobur oʻz asarida nafaqat hayotidagi voqealarni, balki ichki kurashlarini, shubhalarini, oʻzini hukmdor sifatida izlash jarayonini ham tasvirlaganini anglaymiz. Bunday ajoyib samimiyat bilan yozilgan iqrornoma shunchaki yetakchi emas, balki haqiqiy inson boʻlgan hukmdorning sinovlar bilan toʻlgan hayot yoʻlini koʻrsatadi.

“Temur tuzuklari”da bayon etilgan qatʼiy intizom va strategik rejalashtirish elementlari esa nafaqat tarixiy voqelikni, balki Temurning davlatni qanday maʼnaviy va axloqiy ustunlar asosida qurganini namoyon etadi. Ayni paytda, mazkur asar bizga davlat boshqaruvining amaliy modelini ham taqdim etadi. Temurning tizimli yondashuvi, resurslar taqsimoti va boshqaruv borasidagi masʼuliyat masalasi bugungi zamonaviy transmilliy kompaniyalar faoliyati bilan oʻxshashlik kasb etadi. Temur qoʻllagan yondashuv davlatni faqat kuch bilan emas, balki mexanizm sifatida boshqarish qobiliyati namunasidir.

Zamonaviy dunyoda axborot oqimlari insonni oʻrab olgan, haqiqat bilan yolgʻon oʻrtasidagi chegaralar oʻchib borayotgan bir paytda yetakchilarga mustahkam va ishonchli kompas zarur. Bunday murakkab va ziddiyatli voqelikda yoʻl topish uchun aynan anʼanaviy boshqaruv asarlari kompas vazifasini oʻtaydi. Ular bizga abadiy qadriyatlar — hakimlik, adolat, masʼuliyat haqida eslatadi. Bunday qadriyatlar zamon taʼsiriga boʻysunmaydi va har qanday samarali hamda axloqiy yetakchilikning asosi boʻlishi lozim.

Innovatsiyalar bir-birini kaleydoskop singari almashtirayotgan bugungi shiddatli zamonamizda aksariyat hollarda oʻtmishning abadiy ahamiyatga molik donishmandona qadriyatlarini unutamiz. Sharq mutafakkirlarining asarlari yetakchilik, boshqaruv va inson tabiati haqidagi tirik bilim manbai. Ular barqaror jamiyatlar, adolatli kompaniyalar va ilhom beruvchi jamoalar qurish sari olib boruvchi kompasdir.

Yuz yillar avval yozilgan mazkur asarlarda oʻzining dolzarbligini hech qachon yoʻqotmaydigan savollarga javob topamiz: Yetakchi boʻlish nima degani? Hokimiyatni yaxshilikka qanday yoʻnaltirish mumkin? Prinsiplardan voz kechmay turib, qanday qilib muvaffaqiyatga erishish mumkin?

“Boburnoma”, “Zafarnoma”, “Temur tuzuklari” kabi asarlar yetakchilikning koʻp qirrali mohiyatini ochib beradi. Ular haqiqiy kuch avtoritarizm yoki zoʻravonlikda emas, balki adolat, bilim va masʼuliyatda ekanini koʻrsatadi.

Shu bois davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev uchinchi Uygʻonish davri va yangi Oʻzbekiston oʻtmishdagi ikki buyuk Renessans gʻoyalari asosida barpo etilishini taʼkidlaydi.

Bugungi kunda raqamli boshqaruv orqali elektron hukumat tizimini yaratish, sunʼiy intellekt va ilgʻor texnologiyalar yordamida xizmatlar koʻrsatish, davlat organlari faoliyati natijadorligini monitoring qilish va jamoatchilikka hisobot berib borish, innovatsion yondashuv orqali strategik rejalashtirish va zamonaviy menejment tamoyillaridan foydalanish, iqtisodiy oʻsish, ekologik muvozanat va ijtimoiy adolatni uygʻunlashtirish zamonaviy boshqaruvda samaradorlikka erishishning muhim omili sifatida koʻrilmoqda.

Bu borada rivojlangan davlatlar tajribasini oʻrganish ham muhim ahamiyatga ega. Xususan, Estoniya dunyoda eng rivojlangan elektron hukumat tizimini, Shvetsiya va Norvegiya korrupsiyaga qarshi samarali ochiq boshqaruv tizimini barpo etgan. AQSHda innovatsion boshqaruv yoʻlga qoʻyilganligi, jumladan, davlat-xususiy sheriklikni amalga oshirishda “Smart” texnologiyalardan foydalanilishi, Singapurdagi qatʼiy strategik boshqaruv, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreyadagi yuqori samaradorlikka ega texnologik yondashuvlar oʻzining ijobiy natijalarini berib kelmoqda. Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi bilan mazkur davlatlardagi boshqaruv tajribalarini oʻrganish uchun hamkorliklar keng yoʻlga qoʻyilganligi rahbar kadrlar tizimida bilim va tajribalar almashishga hamda ularni keng amaliyotga tatbiq etishga xizmat qiladi.

Jasur SALIHOV,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi rektori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер