Quyosh panellaridan ham xonadon charogʻon, ham oila byudjeti farovon

16:20 20 Fevral 2025 Iqtisodiyot
263 0

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Katta sarmoya, ishchi kuchi talab etmaydigan, shu bilan bir qatorda, barqaror daromad keltirib turadigan loyihalar hamisha va hammani qiziqtirishi turgan gap. Quyosh panellarini oʻrnatib, undan elektr energiyasi ishlab chiqarish ham aslida ana shunday loyihalar sirasiga kiradi.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ommalashtirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada qabul qilingan qator qonun hujjatlari, dasturlar asosida sohaning huquqiy asoslari yaratildi. Aholi, korxona va tashkilotlarning isteʼmoldan ortiqcha elektr energiyasini davlatga sotishini taʼminlash uchun zarur tizim shakllantirildi. Oʻz navbatida mavjud imkoniyatlardan foydalanib, quyosh panellarini oʻrnatish orqali nafaqat xonadonini arzon elektr energiyasi bilan taʼminlayotgan, balki ortiqcha elektr manbaini davlatga sotib, daromad olayotgan oilalar ham bor.

— Quyosh panellarining samarasini avvaldan bilaman, — deydi Qarshi shahridagi Otchopar mahallasida yashovchi tadbirkor Dilshod Kichkinayev. — Oldin bir-ikkita obyektlarimizga kichik quyosh panellarini oʻrnatib, qoʻshimcha elektr manbaiga ega boʻlgandik. Joriy yilda 90 million soʻm mablagʻ evaziga xonadonimga kunlik 20 kVt elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradigan quyosh panellarini oʻrnatdim. Har oy elektr energiyasi toʻlovi uchun sarflaydigan pullarim yonimga qolayotgani, davlatga sotayotgan elektr energiyasi uchun oyma-oy maʼlum miqdorda daromad kelayotganini hisobga olsak, quyosh panellarining samarasi darrov seziladi. Endi hovlidagi xoʻjalik binolari tomiga ham yana kamida 20 kVt quvvatga ega quyosh panellarini oʻrnatib, davlatga sotadigan elektr energiyasi hajmini oshirmoqchiman.

Dilshod Kichkinayev quyosh panellari xonadon uchun haqiqatan ham samarali elektr manbai ekani, biroq uni xarid qilish va oʻrnatishda sifatga eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidladi. Chunki bugun bozorda sifatsiz quyosh panellari ham, uni oʻrnatib berishda “qoʻldan oʻtguncha, egasiga yetguncha” qabilida ish koʻradigan xizmat koʻrsatuvchilar ham yoʻq emas.

Mavzuni oʻrganish davomida millionlab mablagʻ sarflab xonadoniga quyosh panellari oʻrnatgan, biroq ayni paytda undan foydalana olmayotganlarning dard-u hasratiga oʻzimiz ham guvoh boʻldik. Mamlakatimizda aholining quyosh panellaridan foydalanishini ommalashtirish uchun avvalo, quyosh panellarini ishlab chiqarish, yetkazib berish va xizmat koʻrsatish bozorida raqobatni yanada rivojlantirish, bu faoliyat bilan shugʻullanayotgan tadbirkorlik subyektlari oldiga mahsulot va xizmat sifati boʻyicha aniq talablar qoʻyish zarur boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?