Quyosh panellari oilaga katta daromad keltirmoqda

14:53 15 Avgust 2024 Jamiyat
114 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Denov tumanida Jasur Xandalov yangi uy qurib, uning tom qismiga kelajagi uchun kapital boʻla oladigan daromad manbai — quyosh panellarini oʻrnatishni afzal koʻrdi.

— Tumanimizda quyosh panellarini oʻrnatish va ularga servis xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha korxona faoliyat yuritayotgani haqida eshitgan edim, — deydi J. Xandalov. — Shu korxonaga murojaat qildim. Masʼul xodimlar xonadonimni oʻrganib, 60 kVt quyosh panellarini taklif etishdi. Shundan keyin 50 kVt ongrid, 10 kVt gbrit invertorlarini oʻrnatishdi. Ayni paytda xonadonimiz isteʼmolidan tashqari kunlik ishlab chiqarilayotgan 180-200 kVt elektrni davlatga sotayapmiz. Oʻtgan oyda 5 million soʻmlik elektr sotdik. Bu oilamiz uchun zoʻr daromad manbaiga aylandi.

Darhaqiqat, mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan aholi va tadbirkorlik subyektlari faol foydalanishini ragʻbatlantirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Bunday qurilmalarni sotib olish, oʻrnatish, ularga servis xizmat koʻrsatish borasida moliyaviy koʻmaklar, shuningdek, oʻrnatilgan uskunalar egallagan yer maydonlariga soliq imtiyozlari joriy etildi.

Birgina Surxondaryo viloyati misolida qaraydigan boʻlsak, aholi xonadonlari, ijtimoiy soha obyektlari va davlat idoralarida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatish har doimgidan jadallashdi. Eng muhimi, odamlar ushbu islohotlar mazmun-mohiyatini toʻla anglab yetmoqda. Maʼlumotga koʻra, oʻtgan yilda viloyatda 5 ming 900 ga yaqin iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari va xonadonlarda qayta tiklanuvchi elektr manbalari oʻrnatilgan. Hozir viloyatda quyosh panellarini oʻrnatish va ularga servis xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha 10 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.

Quyosh panellari oʻrnatgan 571 ta yuridik isteʼmolchilar tomonidan bugungi kungacha yashil energiya platformasi orqali hududiy elektr tarmoqlari aksionerlik jamiyatlariga 3 million 251 ming 112 kVtsoat elektr energiyasi sotilgan.

Aholining kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini oʻrnatishga qiziqishi ham ortmoqda. Jumladan, oʻtgan yilda viloyatning Sariosiyo tumanida 468 ta, Termiz tumanida 355, Uzunda 422, Termiz shahrida 267, Jarqoʻrgʻon tumanida 337 ta xonadonda quyosh panellaridan foydalanish yoʻlga qoʻyildi.

Quyosh panellarining qulay va ishonchli elektr quvvati ekanini chuqur anglayotgan Boysun, Shoʻrchi, Qiziriq, Oltinsoy, Denov, Angor kabi tumanlar xonadonlarida ham kichik quvvatdagi qayta tiklanuvchi energiya manbalariga oʻtish jadallashmoqda.

Bugungi kunda Angor tumanida 200 ga yaqin xonadon quyosh panellaridan foydalanmoqda. Ular safida ehtiyojidan ortiq elektr energiyasini mahalladoshlariga uzatib, qoʻshimcha daromad olayotgan tadbirkorlar ham bor. Masalan, Angor mahallasidan tadbirkor Hasan Begimov xonadoniga oʻrnatilgan kichik quvvatdagi quyosh panellari oyiga yaxshigina daromad keltirmoqda. Buning uchun tadbirkor 300 million soʻm oʻz mablagʻini sarflab, tijorat bankidan 300 million soʻm imtiyozli kredit olgan.

— Quyosh panelidan daromad topish uchun bir marta sarmoya kiritsangiz bas, — deydi H. Begimov. — Bu mablagʻ evaziga quyosh paneli, invertor, energiya hisoblagich xarid qilinadi. Ularni oʻrnatib olgach, faqatgina quyoshdan elektr energiyasini qabul qilib olib, ortiqchasini isteʼmolchiga sotish kerak. Aqlli hisoblagich oʻzi hisoblab, tarmoqqa qancha elektr energiyasi yetkazib berilayotgani va qancha soʻm boʻlayotganini koʻrsatib turadi. Buni istasangiz qoʻl telefoningizga, xohlasangiz kompyuterga oʻrnatib olasiz. Har oyning 25-kunida hisobingizga elektr energiyasi puli kelib tushaveradi.

Hozir xonadoniga quyosh panellarini oʻrnatgan tadbirkor bir kunda tarmoqqa ehtiyojidan ortgan 1 ming 80 kVt elektr energiyasini yetkazib bermoqda. Har oyda bu 32 ming 400 kVTni tashkil etayotir. Shu hisobda xonadon sohibi bir oyda 32 million 400 ming soʻm daromad olmoqda. Bu mablagʻning 8 million 166 ming soʻmi bank kreditiga toʻlanyapti. Tadbirkorga 24 million 233 ming soʻm sof foyda qolmoqda.

Darvoqe, quyosh panellari oʻrnatish istagidagi fuqarolar imtiyoz asosida moliyaviy qoʻllab-quvvatlanmoqda.

— Sohaga doir huquqiy hujjatlar ijrosini taʼminlash maqsadida bugungi kunda tijorat banklari tomonidan 5-yil muddatga 2-yil imtiyozli davr bilan kredit mablagʻlari ajratib kelinmoqda, — deydi Markaziy bankning Surxondaryo viloyat Bosh boshqarmasi xodimi Oʻrozali Raimov. — Bugungi kunda Surxondaryo viloyatida 148 ta tadbirkorlik subyektlariga 90 milliard soʻmdan ortiq mablagʻlar ajratildi. Bundan tashqari, 1 ming 300 dan ortiq aholi xonadonlari uchun 32 milliard soʻm kredit mablagʻlari berildi.

Bilamizki, tadbirkor va ishbilarmonlarni har doim ishlab chiqargan mahsuloti realizatsiyasi yoki xaridor topish masalasi tashvishga soladi. Quyosh panellarini oʻrnatib, oʻzi uchun daromad manbalarini shakllantirish istagidagi yuridik va jismoniy shaxslar esa mana shu tashvishdan xoli. Chunki quyosh panellari yordamida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini davlat tomonidan sotib olish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan.

Mamlakatimiz janubi serquyosh. Shuni hisobga olgan masʼullar tabiatning ushbu neʼmatidan qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarishda unumli foydalanishga alohida eʼtibor bilan yondashgan. Davlatimiz rahbarining ushbu sohani yanada jadallashtirish borasidagi topshiriq va koʻrsatmalari esa soha rivojini yanada jadallashiga xizmat qilishi shubhasiz. Zero, yashil energetikaning taraqqiy etishi bugungi sharoitda mamlakat energetika tizimiga tushayotgan ulkan yuklamani kamaytirib, aholini uzluksiz energiya bilan taʼminlaydi. Bu esa, oʻz navbatida, odamlar turmush farovonligini oshiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?