Quvasoyning xaridorgir mevalari
Quvasoy bogʻlarida mevalar sharbatga toʻlib pishdi. Shaharning har bir hududida mevalar yigʻib-terib olinib, barakasi sarhisob qilinmoqda. Ayni paytda Quvasoyda 6800 gektarga yaqin mevali bogʻlar bor. Bu sohaga qaratilgan eʼtibor va ragʻbat tufayli 1500 gektar yangi, intensiv bogʻlar tashkil etildi. Oʻz navbatida 1600 gektar yerdagi kam hosil va samarasiz bogʻlar zamonaviy mezonlar asosida yangilandi. Yettita mevani qayta ishlash korxonalari ish boshlagan boʻlsa, 18 ta tadbirkorlik subyekti eksport faoliyati bilan shugʻullanmoqda. Meva-sabzavot saqlashga moʻljallangan 25 ta muzlatgichli omborxonalar bunyod etildi.
— Bugun ilm-fan asosida yangicha yondashuv boʻlmasa, daromad kamayaveradi, — deydi “Quvasoy Nodirjon” bogʻdorchilik fermer xoʻjaligi rahbari Murodjon Mamatxalilov. — Natijada jahon bozoridagi raqobatda yutqazib qoʻyamiz. Shu bois keyingi yillarda quvasoylik mirishkorlar tomonidan olma, gilos, shaftoli, oʻrik, malina, qulupnayning eksportbop oʻnlab yangi navlari mahalliylashtirildi. Bogʻdorchilik xoʻjaligimizda ham 11 gektar yerda intensiv usulda gilos yetishtirilib, Yevropa, Osiyo va MDH davlatlariga eksport qilinmoqda. Ish jarayoni eng ilgʻor agrotexnologiyalar asosida olib boriladi. Bogʻda toʻliq tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy etilgan.
Abduxalil Mamatxalilov Quvasoyda tajribali bogʻbonlar sulolasining munosib vakili sifatida tanilgan. Ayni paytda nuroniy yoshda boʻlishiga qaramay, otaxon yosh bogʻbonlarga hayotiy oʻgitlar berishdan charchamaydi.
– Hozir ilm-fanga suyanmagan dehqonning biri ikki boʻlmaydi, – deydi tajribali bogʻbon Abduxalil ota. – Shuning uchun bogʻdorchilik bundan buyon shunchaki mehnat emas, katta bilim, tadbirkorlik va intiluvchanlikni talab etmoqda. Buni vaqtida anglab yetgan yutadi, anglamagan yutqazadi.

Shaharning “Soʻfon” MFY hududidagi “Koʻpaysinobod” koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligiga kelgan kishi bu yerda yetishtirilayotgan turli-tuman mevalarni koʻrib, bogʻbon mehnatiga tasanno aytadi. Intensiv usulda yaratilgan bogʻlarda oʻrik, shaftoli, behi, olma, olxoʻri, nok kabi daraxtlar baravj rivojlanmoqda. Ularning asosiy qismi hosilga kirgan.
—Oʻn uch gektar yer maydonida 30 xilga yaqin mevali daraxtlarni parvarishlayapmiz,— deydi fermer xoʻjaligi rahbari Shokirjon Qorayev. — Ilmning foydasini qarangki, eski mevali daraxtlar orasi anchayin keng boʻlsa, intensiv usulda esa ularning oraligʻi 1-1,5 metrni tashkil qiladi. Yaʼni 1 gektar maydonda 200-250 emas, 1500-1700 tupgacha nihol oʻtqazildi. Natijada bogʻdan olinadigan hosildorlik 3-4 barobar yuqori boʻlmoqda. Bu daraxtlarga bahorgi-kuzgi ishlov berish, butash, dorilash, hosilni yigʻishtirishda ham juda qulay.
Bogʻbon serhosil va mevalari xaridorgir boʻlgan pakana hamda yarim pakana navlarni koʻpaytirishga alohida eʼtibor qaratgan. Shu sababli “V” shaklda soʻritoklarga bogʻlab chiqilgan olma nihollari tez muddatda mevaga kirdi.
Ota meros kasbni mehr bilan davom ettirayotgan bogʻbonning taʼkidlashicha, bugun dunyo bozorida mevalarning faqat taʼmi emas, shakli, rangi, tiniqligi ham muhim ahamiyatga ega. Shu jihatdan, pakana daraxtlarni koʻproq ekish tavsiya etilyapti. Bunday navli nihollarning ayrim turlari ekilgan yilning oʻzidayoq meva beradi. Baland boʻylilarda esa bu jarayon 4-8-yilgacha choʻziladi. Shuning uchun koʻchatlarni ekishda ularning hosildorligidan tashqari, bozorgirligiga ham eʼtibor berish kerak. Eʼtiborlisi, aksariyat navlarni mahalliy payvandtaglarga bogʻbonning oʻzi ulagan. Bu yil 300 million soʻmga yaqin daromadni olishni koʻzlab turibdi.
“Bogʻbon” mahalla fuqarolar yigʻini hududi qir-adirlar bagʻrida joylashgan. Bu yerdagi aholi uchun asrlar davomida bogʻdorchilik asosiy tirikchilik manbai boʻlib kelyapti. Bu yerda 18 ta bogʻdorchilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaligi faoliyat yuritadi.

— Hududda 5,5 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi, — deydi “Bogʻbon” MFY raisi Solijon Rahmatullayev. — Mahallaning asosiy drayveri – bogʻdorchilik. Har bir oilaning olma, gilos, shaftoli, oʻrik, behi, xurmo, nok, anor bogʻi bor. Mahallada keyingi yillarda Italiya tajribasi boʻyicha yiliga ikki marotaba malina yetishtirish hamda Janubiy Koreya tajribasi asosida yil mobaynida qulupnay parvarishlash jadal rivojlandi. Bu orqali har yili oʻrtacha 150-200 million soʻmgacha daromad olayotgan oilalar safi tobora koʻpayib bormoqda.
Bogʻdorchilik rivoji tufayli tarmoqqa sanoatni olib kirishga boʻlgan qiziqish ham kuchaymoqda. Yaqinda “Pakana” MFY hududidagi “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasi Quvasoy filialida “Marwin fruitline” MCHJ tomonidan mevani qayta ishlash hamda quyultirilgan tabiiy sharbat ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zamonaviy korxona ishga tushirildi.
Korxonaga 14 million dollar investitsiya yoʻnaltirilib Shveysariya va Italiyadan texnologiyalar olib kelib oʻrnatildi. Yillik ishlab chiqarish quvvati hozirda 115 milliard soʻm, kelgusida 150 milliard soʻmga yetishi rejalashtirilgan. Mahsulotlarning 80 foizini eksportga chiqarish koʻzda tutilmoqda. Korxonada yiliga 70-80 ming tonna barcha turdagi mevalarni qayta ishlash imkoniyatiga ega. Ayni paytda 120 ta ish oʻrni yaratilgan boʻlib, yaqin istiqbolda ushbu koʻrsatkich 500 taga yetkazilishi maqsad qilingan.
Ayni pishiqchilik mavsumida hamma mahsulotni ham xorijga yoki ichki bozorda toʻliq sotish imkoniyati mavjud emas. Bu kabi zamonaviy korxonalar ishga tushishi meva-sabzavotni qayta ishlash orqali uning qiymati yoʻqolishining ham oldi olinishida muhim ahamiyat kasb etadi. Bogʻbonlarning manfaatdorligini oshiradi. Hozirgi kunda Fargʻona viloyatida 50 ming gektardan ortiq mevali bogʻ, 10 ming gektarda uzumzor, 25 ming gektarda sabzavot ekinlari parvarishlanadi. Yiliga 2-3 ming gektargacha yangi bogʻlar tashkil etiladi.
Botir MADIYOROV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
- Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi roʻyxatni tuzish tartibi belgilandi
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Lamin Yamal “Barselona”ni tark etishi mumkin
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring