Quvasoyda qulupnaydan yil davomida hosil olinmoqda

15:56 08 Sentyabr 2025 Jamiyat
129 0

Quvasoy shahri nafaqat zamonaviy sanoat korxonalari, shu bilan birga, mevazor bogʻlari, bogʻdorchilik va tomorqachilikda mirishkor bobodehqonlari bilan ham mashhur.

Ayni paytda shahardagi eng omilkor mahallalardan biri boʻlgan “Bogʻbon” MFYdagi 1 ming 432 ta xonadonda 5,5 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Bogʻdorchilik mahalla drayveri sifatida belgilangan boʻlib, keyingi yillarda jahon andozalari darajasida malina va qulupnay yetishtirish jadal rivojlanmoqda.

Xususan, bugungi kunda hududdagi 350 ga yaqin oila malinachilikka ixtisoslashgan. Shu bois Italiya, Turkiyadan keltirilgan eksportbop malina navlaridan yiliga ikki-uch marotabagacha hosil olinyapti. Bu tarmoqni yanada qoʻllab-quvvatlash maqsadida mahallada “Shirin malina bogʻlari” ishlab chiqarish kooperatsiyasi ham tashkil etilgan.

Bogʻbonlik Roʻziboy Mamajonov hamisha yangilikka intilib, dehqonchilikda ilm-fan yutuqlari, innovatsiya gʻoyalaridan samarali foydalanib kelmoqda. U oila aʼzolari bilan birga 50 sotix yerda qulupnayning xorijdan keltirilgan oʻnlab navlarini parvarishlaydi. Ikki yildan buyon esa Italiyaning serhosil navlarini mahalliylashtirib, yiliga ikki-uch marotaba hosil olishga erishyapti.

— Odatda qulupnay bahor va qish faslida el dasturxoniga tuhfa etiladi, — deydi mirishkor tomorqachi. — Bu yil tajriba tariqasida moʻjazgina issiqxonada sovitish tizimi yordamida yoz saratonida ham qulupnaydan moʻl hosil yetishtirildi.

Hozirgi kunda yangicha yondashuvlar asosida Italiyadan keltirilgan “Klevi”, “Albion”, “Murano”, “Alba”, “San Andreas”, “Kabrilla” kabi qulupnay navlaridan yil davomida yaxshi daromad olish mumkinligi isbotlandi. Issiqxonada zamonaviy isitish-sovutish tizimi, tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy etilgani esa mehnat sarfi hamda xarajatni kamaytirish imkonini bermoqda.

Oʻz navbatida, Fargʻona viloyati oʻsimliklar karantini va himoyasi boshqarmasining fitosanitar davlat inspektorlari bilan faol hamkorlik yoʻlga qoʻyilgani tufayli mahalla tomorqalarida yildan-yilga sifatli hamda eksportbop mahsulot yetishtirish koʻlami ortib borayotgani eʼtiborga sazovordir.

Botir MADIYOROV

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?