Quvasoyda 30 million dollarlik loyiha doirasida avtomashina ehtiyot qismlari ishlab chiqarish korxonasi bunyod etilmoqda
Quvasoy shahrining “Bunyodkor” MFY hududida joylashgan “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasining Quvasoy filialida yana bir yirik sanoat korxonasi qurilishi ishlari olib borilmoqda.
Istiqbolli loyiha doirasida Koreya Respublikasining “Hansae Mobility” kompaniyasi bilan hamkorlikda avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish rejalashtirilgan. Korxonaning umumiy qiymati 30 million dollar boʻlib, birinchi bosqichda 120 ta, umumiy hisobda 200 dan ortiq yuqori daromadli ish oʻrni yaratilishi maqsad qilingan.

Korxonada mahalliy avtosanoat korxonalari uchun ehtiyot qismlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.
Ayni paytda qurilish jarayonida mahalliy quruvchilar bilan birga, turkiyalik loyiha muhandislari, meʼmorlar ham qatnashmoqda. Bu fargʻonalik yosh quruvchilar uchun oʻziga xos tajriba boʻlishi shubhasiz. Sababi, mazkur qurilishga jalb etilgan Turkiya kompaniyasi koʻp qavatli uylar hamda zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari bunyod etishda xalqaro miqyosda tanilgan.

—Oʻtgan besh yil mobaynida poytaxt Toshkentda, Fargʻona vodiysida yuzlab bino-inshootlar qurilishida ishtirok etganman,—deydi turkiyalik tajribali meʼmor Kovasoy Karaj.—Shu bois Quvasoydagi ushbu inshootda mahalliy quruvchilar bilan hech bir qiyinchiliksiz ishlayapmiz. Qurilish ishlari ikki oyda yakunlanadi. Hozirda binoning asosiy ustunlari koʻtarilyapti, yaqin kunlarda muhandislik kommunikatsiya tarmoqlarini tortish hamda jihozlash va pardozlash ishlariga kirishiladi.
Aytish joiz, davlatimiz rahbari tashabbusiga koʻra, yaqin yillarda “Qoʻqon” EIZning Quvasoy filiali uchun 210 gektar yer maydoni ajratib berildi. Endilikda bu yerda mahalliy va xorijiy investitsiya ishtirokida oʻnlab yangi ishlab chiqarish korxonalarini ishga tushirish boʻyicha amaliy saʼy-harakatlar olib borilmoqda.

Oʻz navbatida “Bunyodkor” MFYda zamonaviy shaharsozlik meʼmorchiligi andozalari asosida yangi shaharcha barpo etilib, koʻp qavatli uylar va ijtimoiy soha obyektlari qurilishi jadal davom etayotir.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Yanvar oyida yuz nafardan ortiq amerikalik oʻqish uchun Oʻzbekistonga keldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring