Quvasoy shahrida “Ona uyi” markazi foydalanishga topshirildi

14:49 15 Sentyabr 2025 Jamiyat
85 0

Quvasoy shahrida Fargʻona viloyatidagi ilk “Ona uyi” markazi oʻz faoliyatini boshladi. Tantanali ochilish marosimida taʼkidlab oʻtilganidek, yangi markaz mehr va umid, oilaviy baxt toʻkisligi, ona va bola taqdiri hamda kelajagi uchun xizmat qiladi. Ushbu markazda jamiyat ravnaq-rivojini taʼminlashda oilalar, xotin-qizlar huquq va manfaatlarini toʻliq himoya qilish maqsad qilingan.

— Bu maskanda homiladorlik paytidan boshlab, ilk farzandini dunyoga keltirayotgan, 4 yoshgacha bolalar tarbiyasi bilan band boʻlgan hamda bolasidan voz kechish istagidagi xotin-qizlarga xizmat koʻrsatiladi, — deydi markaz bosh koordinatori Gulbahor Yusufjonova. — Markazda murojaatchilarga psixologik koʻmak, tibbiy xizmat, hujjatlarni tiklash va boshqa huquqiy masalalar, taʼlim va malaka oshirish, ish bilan taʼminlash kabi yoʻnalishlarda yordam beriladi.

Umuman olganda, zamonaviy yondashuvlar asosida faoliyat koʻrsatuvchi markaz faoliyati orqali opa-singillarimizni har tomonlama faol qoʻllab-quvvatlash koʻzda tutilgan.

Ayni paytda markazda psixolog, tibbiyot xodimidan iborat 5 ta ish oʻrni yaratildi. Bu yerda 24/7 rejimida ish tashkil etilib, tungi navbatchilar ham faoliyat koʻrsatadi.

Aytish joiz, markaz xodimlari Quvasoy shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi mutaxassislari tomonidan tavsiya etilgan xotin-qizlar bilan ishlaydi.

Botir MADIYOROV

“Xalq soʻzi”

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер