Quva tumanida agroxizmatlar markazi ish boshladi

11:43 26 Fevral 2026 Jamiyat
246 0

Quva tumanida zamonaviy mezonlar asosida faoliyat koʻrsatishga moʻljallangan agroxizmatlar markazi ishga tushirilib, qishloq xoʻjaligi sohasidagi barcha xizmatlar bir joyda jamlanishiga erishildi.

Bu yerda aholi tomorqasi, dehqon va fermer xoʻjaliklari uchun kimyoviy vositalar, mahalliy va mineral oʻgʻitlar yetkazib berilishini taʼminlash, ilmiy-amaliy tavsiyalar berish hamda keng koʻlamli xizmat koʻrsatish faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, markazda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishda foydalaniladigan asbob-uskunalar, texnika vositalari savdosi, kunlik ijara xizmati ham tashkil etilgan.

—Ayni paytda xorijdan laboratoriya jihozlari olib kelib oʻrnatish orqali tomorqa ekinlari, meva-sabzavotlar, uy hayvonlari kasalliklarini aniqlash va unga qarshi samarali kurashish boʻyicha xizmat koʻrsatish faoliyatini shakllantirish ham koʻzda tutilgan,—deydi Fargʻona viloyati agroxizmatlar markazi direktori oʻrinbosari Omadbek Rahimov.—Shu bilan birga, markazda yurtimizdagi ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot institutlar olimlari tomonidan yaratilgan yangi mahsulotlar va texnologiyalar, mineral oʻgʻitlar, amaliyotga joriy etilayotgan ilmiy ishlanmalarning doimiy koʻrgazmasini tashkil etish ham rejalashtirilgan.

Markaz uchun tumanning “Xonobod” MFY hududi tanlangani bejiz emas. Xonobodliklar nafaqat tumanda, balki Fargʻona vodiysida bogʻdorchilik va dehqonchilikdagi mirishkorligi bilan tanilgan. Ayni jihatlarni inobatga olib, markazda ilmiy-amaliy ishlanmalar uchun oʻziga xos tajriba maydoni yaratish maqsad qilingan. Bu yerda mavsumga qarab mevali va manzarali daraxtlar, sabzavot hamda poliz koʻchatlari savdo yoʻlga qoʻyiladi. Umuman olganda, yil mobaynida meva-sabzavotlar koʻrgazmasi hamda savdosi uchun qulay maydon yaratiladi.

—Hozircha ushbu yangi tashabbus tajriba loyihasi sifatida amaliyotga joriy etildi,—deya suhbatimizni davom ettiradi O. Rahimov.—Yangi loyiha amaliy natija va samarasiga qarab, yaqin istiqbolda Fargʻona viloyatining barcha shahar-tumanlarida hayotga tatbiq etilishi koʻzda tutilmoqda. Yangicha yondashuv tomorqa yer egalari, bogʻbonlar, dehqon va fermer xoʻjaliklari hamda soha olimlari oʻrtasidagi samimiy hamkorlikni bugungi davr talabi boʻyicha rivojlantirish imkonini beradi.

Bu borada buyurtma asosida bevosita joyiga chiqqan holda tezkor va sifatli mobil xizmatlar koʻrsatish, koʻchat tanlash, ekish, ilgʻor agrotexnologiyalar yordamida ishlov berish hamda eksportgacha boʻlgan barcha jarayonni qamrab olinishi rejalashtirilayotgani ham eʼtiborga molik.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер