Qutlugʻ ayyomlar quvonchi

13:54 20 Mart 2026 Jamiyat
141 0

Bagʻrikenglik, mehr-oqibat, shukronalik va ezgulik bayrami – Ramazon hayiti hamda yasharish va yangilanish ayyomi Navroʻzi olam Xorazmda xalqimizning azaliy qadriyatlariga hamohang tarzda keng nishonlandi. Bayram oldidan viloyatning barcha hududlarida obodonlashtirish va koʻchat ekish ishlari amalga oshirildi. Ayniqsa, muqaddas qadamjolar,tarixiy obidalar, qabristonlarda keng miqyosda taʼmirlash ishlari bajarildi. Mahallalar,koʻcha va xiyobonlar yanada obod va koʻrkam qiyofa kasb etdi.

Erta tongda viloyatdagi 93 ta masjidda hayit namozi oʻqildi. Imom domlalar maʼruzalarida Ramazon hayitining mohiyati, yurtimizda islom dini rivoji, maʼnaviy qadriyatlarimiz yuksalishi yoʻlidagi ezgu saʼy-harakatlar haqida soʻz bordi. Tadbir ishtirokchilari yurtimizga tinchlik-osudalik, xayr-u barakot tilab duoga qoʻl ochdilar.

Viloyatda oʻzida goʻzal milliy anʼanalarimiz, urf-odat va qadriyatlarimizni mujassam etgan Navroʻzi olamni koʻtarinki kayfiyatda kutib olish uchun qizgʻin taraddud koʻrildi. Barcha mahallalarda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt koʻchatlarini ekish, obodonlashtirish ishlari olib borildi. Bayram arafasida viloyatda oʻnlab yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirildi, madaniy-maishiy obyektlar foydalanishga topshirildi. Urganch shahri va tumanlar markazlarida tashkil qilingan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining anʼanaviy savdo yarmarkalari shaharliklarning bayram dasturxoni toʻkinligiga xizmat qildi.

Bayram tantanalarining asosiy qismi Urganch shahridagi “Yoshlik” majmuasida boʻlib oʻtdi. Tadbirda viloyatning barcha shahar va tumanlaridan mehnat faxriylari, yoshlar, madaniyat va sanʼat namoyandalari, shuningdek, chet ellik mehmonlar ishtirok etdilar. Viloyat hokimi Joʻrabek Raximov jamoatchilik vakillari bilan birgalikda bayram munosabati bilan tashkil qilingan xalq amaliy sanʼati va milliy hunarmandchilik hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari koʻrgazmalari bilan tanishdi. Shahar va tumanlardan tashrif buyurgan folklor–etnografik jamoalarning badiiy chiqishlari, dorboz tomoshalari, milliy sport oʻyinlari, bahoriy taomlar barchaga bayramona kayfiyat bagʻishladi.

— Xorazmda oʻtkazilgan Navroʻz tantanalari millatlar oʻrtasidagi doʻstlik va hamjihatlikning yana bir ifodasi boʻldi, — deydi Respublika rus milliy madaniy markazi viloyat boʻlimi rahbari Tatyana Stepankova. — Bayram tadbirida viloyatda istiqomat qilayotgan turli millat vakillari oʻzlarining milliy sanʼati, urf-odatlari va qadriyatlarini namoyish etdilar.

Ulugʻ ayyom kunlarida yurtdoshlarimizning saxovatpeshalik va bir birovga mehr-muruvvat koʻrsatish kabi fazilatlari yaqqol namoyon boʻldi. Davlat va jamoat tashkilotlari, tadbirkorlar bayram munosabati bilan xayriya tadbirlarini amalga oshirdilar. Ehtiyojmand oilalar, yolgʻiz keksalar va nogironlar holidan xabar olinib, homiylar tomonidan moddiy yordamlar koʻrsatildi, Bir soʻz bilan aytganda hayit quvonchi, Navroʻz nashidasi har bir xonadonga kirib bordi.

Odilbek Odamboyev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер