Qurilishning qaldirgʻoch klasteri nafaqat samarali, balki oʻrnak ham boʻlishi kerak

17:15 24 Noyabr 2020 Klaster
5242 0

Keyingi yillarda Oʻzbekiston iqtisodiy infratuzilmasida jiddiy oʻzgarishlar roʻy bermoqda. Zero, bundan koʻzlangan asosiy maqsad — bitta. U ham boʻlsa, iqtisodiyot tarmoqlari samaradorligini keskin oshirish yoʻli bilan odamlarning hayot sifatini yaxshilash, el farovonligini taʼminlash.

Xususan, sanoatda amalga oshirilayotgan jiddiy islohotlar ayni shu ezgu maqsadga qaratilgani bilan nihoyatda ahamiyatlidir. Yoki qishloq xoʻjaligi sohasini olib koʻraylik. Bugungi kunda agrar tarmoqda faoliyatning mutlaqo boshqa, zamon hamda taraqqiyot talablariga javob beradigan shakliga oʻtilyapti. Va bu yoʻldagi odimlar tobora jadallashib boryapti.

Yagona markaziy nuqta

Xoʻsh, bunday pragmatik va konstruktiv yangilanish jarayonlarini yagona markaziy nuqtada birlashtirish mumkinmi? Albatta, mumkin.

Oʻzbekistonda qisqa muddat ichida aynan mana shunday mashaqqatli, ammo sharafli hamda masʼuliyatli vazifa ijrosini taʼminlash uchun poydevor yaratildi. Bunda ham bilimlarga asoslangan, ham amaliy jihatdan dunyoning ilgʻor davlatlarida ulkan samara berib kelayotgan bir tamoyil yoʻl koʻrsatuvchi mayoq sifatida tanlab olindi. Uni bugun koʻpchiligimiz klaster nomi bilan bilamiz. Shu asosda ilm-fan yangiliklari va ishlab chiqarish oʻzaro hamohanglik kasb etyapti, olimu talabalarning amaliyotchilar hamda tadbirkorlar bilan manfaatli hamkorligi yoʻlga qoʻyilmoqda. Bu boradagi tegishli huquqiy-tashkiliy institutlar takomillashtirilyapti. Nega?

Chunki Oʻzbekistonda iqtisodiyotni tashkil qilishning klaster modeliga oʻtilishi qator ijtimoiy muammolarni yengib oʻtish barobarida, yuqori koʻrsatkichli mahsuldorlikka erishishda qoʻl kelmoqda. Bu hayotda ham oʻz tasdigʻini topib ulgurdi.

Mana, masalan, paxtachilik klasterlarini olaylik. Aynan shu usul orqali bir paytlari oʻz rejasini bajara olmay, qishli-qirovli kunlarga qolib ketgan tumanlar bugun yetakchilar qatorida. Buni bu yil Toshkent viloyatidagi Quyi Chirchiq tumani misolida yaqqol koʻrishimiz mumkin.

Eng muhimi, klaster sharofati bilan nafaqat fermer va dehqonlarning, balki oʻsha hududda ish bilan taʼminlangan aholining ham daromadlari koʻtarilyapti, ishsizlik darajasi kamaymoqda.

Ikki xil yondashuv — bitta tasdiq

Shu nuqtayi nazardan kelib chiqilsa, yana bir savol tugʻiladi: “Klaster tizimini boshqa jabhalarga ham joriy etsa boʻladimi?”

Bunga bir soʻz bilan “shubhasiz, ha”, deb javob berish mumkin. Binobarin, bugungi kunda Oʻzbekiston ulkan bunyodkorlik maydoniga aylangani inobatga olinsa, aynan qurilish industriyasida klaster istiqbollari yorqin namoyon boʻladi. Erishilajak natijalar ham shunga yarasha salmoq kasb etishini esa anglash qiyin emas.

Eʼtiborlisi, mazkur yondashuvni masalaning boshqa tarafi ham tasdiqlaydi. Yaʼni qayerdaki ulkan hajmdagi qurilish ishlari ketayotgan boʻlsa, bu oʻsha joydagi iqtisodiy barqarorlikdan dalolat beradi. Zotan, qaysi mamlakatda imoratsozlik hajmi katta boʻlsa, ayniqsa, aholi uchun uy-joy barpo etish koʻlami kengaysa, demak, u barqaror rivojlanish yoʻlidan boryapti.

Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, joriy yilning yanvar — oktyabr oylarida Oʻzbekistonda jami 71 trillion 858,0 milliard soʻmlik qurilish ishlari bajarilib, 2019-yilning mos davridagiga nisbatan oʻsish surʼati 109,1 foizni tashkil etdi.

Davlat mulkchiligidagi tashkilotlar tomonidan jami 2 trillion 977,1 milliard soʻmlik, nodavlat mulkchiligidagi tashkilotlar tomonidan 68 trillion 880,9 milliard soʻmlik qurilish ishlari bajarildi. Ularning respublikadagi ulushi mos ravishda 4,1 va 95,9 foizga teng boʻldi. Boz ustiga, hududlarda boʻy choʻzib turgan ulkan “poʻlat jirafa”lar — kranlar hamda boshqa texnikalar ham sanoatning ahvoli qanday ekanligi haqida aniq tasavvur bera oladigan indikatorlardan biri hisoblanadi.

Sifat va innovatsiya uygʻunlashadi

Yuqoridagi raqamlar va omillarning oʻziyoq qurilish sohasi davlat taraqqiyoti, odamlar turmush darajasida naqadar katta oʻrin tutishini koʻrsatib turibdi.

Davlat rahbari ham shu yil oktyabr oyida Toshkent arxitektura-qurilish institutining yangi binosini borib koʻrganida, sohada klaster tashkil etish masalasiga alohida toʻxtalib oʻtgani bejiz emas. Bu bugungi shiddatli va keskin raqobat davr talablariga uygʻun keladigan dolzarb tashabbusdir. Boisi, bu taklif ijrosi nafaqat bunyodkorlik miqyosi, geografiyasi, surʼatlari va ayniqsa, sifatini oshiradi, balki innovatsion hamda texnologik yutuqlardan foydalanish imkoniyatlarini tubdan yaxshilaydi.

Demak, mamlakatda qurilish klasterlarining paydo boʻlishi har tomonlama oʻzini oqlashi barobarida, soha uchun malakali kadrlar tayyorlash tizimida uchrayotgan muammolarni bartaraf etish kafolatiga aylanadi.

Taʼlim amaliyotdan uzoqlashib ketdi

Bugungi kunda yurtimizda qurilish-arxitektura sohasida mutaxassislar tayyorlayotgan bir nechta oliy taʼlim muassasalari faoliyat olib boryapti. Ushbu dargohlarda arxitektorlar, quruvchi muhandislar va boshqa turdosh kasblar egalari yetishib chiqmoqda.

Ammo tan olish kerak, taʼlim jarayonlari innovatsion qurilish texnologiyalaridan yiroqlashib ketgan. Boshqacha aytganda, zamonaviy qurilish madaniyati ulargacha hamon yetib bormagan, desak, xato boʻlmaydi. Qolaversa, xorijiy tajribalarni qurilish jabhasiga integratsiya qilish juda sust bormoqda. Yanada achinarlisi, keyingi davrda toʻgʻri kelsa-kelmasa, hamma quruvchi boʻlib ketayotgandek. Kichik-kichik firmalar ham bunyodkorlik bilan shugʻullanayotir. Ularning soni besh yoki oʻnta emas, balki yuzlarni tashkil qiladi. Ularni boshqarayotganlarni, aslida esa oʻta masʼuliyatli ishlarni bajarayotganlarning barchasini ham quruvchilik kasbini chuqur egallagan, soha mutaxassisi, desak, qattiq yanglishamiz.

Keling, shu oʻrinda bir oz chekinish qilamiz. Bundan 30 — 40 yillar oldin respublikaning barcha hududida yirik qurilish tashkilotlari boʻlardi. Ularga gʻoyat jiddiy vazifalar berilardi. Samarqand misolida oladigan boʻlsak, viloyatda «Ximstroy», «Transstroy» kabi juda kuchli moddiy-texnik bazaga, qudratli texnikalarga ega qurilish tashkilotlari bor edi.

Nazarimda, ular yutuqlarining birinchi omili — mazkur tashkilotlarda tajribali, oʻz ishining haqiqiy ustalari ishlar edi. Va ushbu mutaxassislarning 70 — 80 foizini doimiy faoliyat yurituvchi xodimlar tashkil etardi. Oʻqigan, malakaga ega boʻlgan, toifalari (razryadlari) bor gʻisht teruvchi, montajchi, suvoqchi, boʻyoqchi kabilar shular jumlasidan. Yaʼni kerakli mutaxassislarning barchasi qurilish tashkilotining oʻzida muqim shakllangan edi.

Qurish dallollik qilish degani emas

Yuqorida “muqim” degan soʻz bejiz taʼkidlanayotgani yoʻq. Chunki hozir “yomgʻirdan keyin chiqqan qoʻziqorin”dek koʻpayib ketayotgan kichik qurilish tashkilotlarida barqarorlik yoʻq, boz ustiga ular asl maslak qolib, koʻproq oʻrtakashga oʻxshab qolayotgani ham ayni haqiqat. Sababi ular buyurtmachi topib, shartnoma tuzish bilan shugʻullanadi, xolos. Yaʼni buyurtmachi va koʻchadan olib kelinadigan mardikorlar oʻrtasida dallollikdan nariga oʻtmaydi, muqim ustalari yoʻq. Ayrimlari texnikani ham birovdan ijaraga oladi. Oʻzida yoʻq boʻlgandan keyin, ahvol shundan nariga oʻtmasligi ham rost.

Tenderlardagi tanish-bilishchilik, pullarni oʻzlashtirish haqida-ku gapirmasa ham boʻladi. Boz ustiga, shuncha yillar kollejlarda turli kasb egalarini tayyorlagan boʻlsak ham, bugun qurilish tashkilotlariga kelib yollanayotgan fuqarolarimizning juda koʻp qismining qoʻlida hunari yoʻq. Shuning uchun ular har xil ogʻir ishlarga jalb qilinyapti.

Toʻgʻri, ishsizlik va uni bartaraf etish toʻgʻrisida juda koʻp gapirilmoqda, uning oldini olish uchun zarur choralar koʻrilyapti. Masalan, hozir oʻzimizning Samarqand davlat universitetida ham qurilish ishlari olib borilmoqda. Ammo bevosita guvoh boʻlib, sezyapmizki, pudratchi tashkilotlarga yuqori malakali quruvchi ustalar yetishmaydi. Oddiy aytganda, pudratchilar koʻchadan kimnidir topib kelib ishlatmoqda. Koʻp hollarda bunday yollanma ishchilar yo “ustabuzarmon” boʻlib chiqadi yoki zimmasidagi vazifani vaqtida sifatli bajarishga yaramaydi yoxud sifatsiz ishlaydi, tajriba yetishmaydi.

Eng qisqa va samarali yoʻl

Aynan mana shu ogʻriqli jihatlar ham mamlakatda yirik ixtisoslashtirilgan qurilish tashkilotlarini koʻpaytirish kerak, degan xulosani beradi. Bunga olib boruvchi eng qisqa va samarali yoʻl esa jabhada klaster tizimiga oʻtishdir.

Bu borada esa hatto ikki yoki uch qutbli qurilish klasterini tashkil etish mumkin.

Uning bitta qutbidan, tabiiyki, taʼlim muassasalari joy oladi. Masalan, buni viloyatimizda Samarqand arxitektura-qurilish institutini yoki poytaxtda Toshkent arxitektura-qurilish institutini jalb etgan holda yoʻlga qoʻyish mumkin. Bu aynan bugungi kun talabi, desak, ayni haqiqat.

Boisi, yuqorida qayd etilganidek, afsuski, yurtimizdagi muhandislik, arxitektura yoʻnalishlaridagi oliy taʼlim muassasalarining ishlab chiqarish bilan integratsiyasi juda kuchsiz. Mutaxassislar ham, olimlar ham, demakki, oʻquv jarayonlari ham amaliyotdan muayyan darajada yiroqlashgan. Shu sabab ham ular bugungi kundagi qurilish texnologiyalarini shogirdlari, talabalariga yetkazib bera olmayapti. Bu borada jiddiy uzilishlar mavjud.

Ikkinchi tomondan esa qurilish tashkilotlarining oʻzlari ham ilm-fan yutuqlaridan ancha olisda.

Oliy taʼlim muassasalari bilan qurilish tashkilotlari negizida namunali klasterlar tashkil qilish esa mazkur masalaga yechim boʻla oladi. Buni yoʻlga qoʻyish uchun bugun sharoit ham, vaqt ham yetarli, deb oʻylayman.

Bunday klaster tarkibidan ixtisoslashtirilgan OTM, mustahkam moddiy-texnikaga ega koʻp tarmoqli qurilish tashkiloti, zamonaviy loyihalash muassasasi, qurilish industriyasining ayrim namunalari, tadqiqot laboratoriyalari joy oladi.

Eskicha qoliplardan voz kechish kerak

Bu borada agrar yoki samara keltirayotgan boshqa sohalardagi klasterlardan oʻrnak va namuna olish mumkin. Aynan shu yoʻl respublikadagi ikkita ixtisoslashtirilgan oliy oʻquv yurtini eskicha faoliyat hamda fikrlash qolipidan chiqarish, ularda saqlanib qolayotgan stereotiplarni buzgan holda, yangicha muhit yaratishga xizmat qiladi.

Buning uchun esa, eng avvalo, sohada oliy taʼlim muassasalari ishlab chiqarish tizimiga juda yaqin boʻlishi, taʼbir joiz boʻlsa, oʻzaro egiz tutinishi kerak. Yaʼni oʻquv dargohlari ishlab chiqarish bilan ham tashkiliy, ham mazmunan yonma-yon ishlasa, oʻzaro amaliy integratsion jarayon taʼminlanadi. Eng muhimi, ikkala tarmoqdagi biz bugun bilgan kamchiliklarni bartaraf etish tezlashadi. Yangiliklarga tashna samarali muhit paydo boʻladi.

Bundan anglashiladiki, klasterning ikkinchi qutbida yaxshi bazaga ega qurilish tashkiloti turadi. Uning tarkibidan qurilish materiallari va jihozlari tayyorlab beradigan korxonalar ham oʻrin olishi lozim. Shundagina ilm-fan hamda ishlab chiqarish bir-birini toʻldiruvchi, toʻyintiruvchi manbalarga aylanadi, oʻzaro chambarchas bogʻlanadi. Oliy oʻquv yurti mutaxassisi sohaga bemalol kirib ketish imkoniyatiga ega boʻladi, ayni vaziyatdan farqli ravishda oʻz kasbida ikkilanish boʻlmaydi, amaliy masʼuliyati oshadi, deb oʻylayman. Chunki barchasi bir tuzilma ostida birlashadi, goʻyoki ahil oilaga aylanadi. Oldingidan farqli ravishda taʼlim va ishlab chiqarish oʻzaro tortishuv kuchi, bir-birini ushlab turadigan qudratli ohanrabolar singari hayot maydoniga chiqadi.

Ayni paytda esa, yana bir bor taʼkidlash joiz, bugungi oliy muhandislik taʼlimi uchun amaliyot yetishmaydi, ishlab chiqarishdan ancha koʻcha berida yuribdi, deyish mumkin.

Savollar koʻp, javoblar haminqadar. Taklif ham bor

“U yerda nima boʻlyapti, ahvol qanaqa? Hozirgi meʼyoriy hujjatlar nimadan iborat? Qurilishning sifati qanday? Qilinayotgan ishlar toʻgʻrimi-yoʻqmi?” degan dolzarb savollarga ham javoblar haminqadar. Toʻgʻri, oliy oʻquv yurtlari amaliyotdan toʻliq uzilib qolgan, deyish balki notoʻgʻri boʻlar. Lekin bu yetarli ham, biz kutgan darajada ham emas. Ikkinchi tarafdan ishlab chiqarishda ilm-fan yutuqlarini qabul qilish, oʻzlashtirish darajasi hamon past.

Binobarin, institutlar negizida sinov tariqasida, tajriba orttirish maqsadida yaxshi oʻylangan qurilish klasterini tashkil qilish ayni muddaodir. Uning tarkibida oʻsha qurilish tashkiloti uchun ustalar, mutaxassislarni tayyorlab beradigan maktab ham boʻlishi kerak. Ular kollejlarga oʻxshab 2-3 yillik, yaʼni uzoq muddatli emas, balki 2 — 6 oylik boʻlishi darkor. Bu amalda oʻzini isbotlagan tajriba.

Gap shundaki, bir paytlari yirik qurilish tashkilotlari tarkibida oʻquv markazlari faoliyat yuritgan. Ularga maktabni bitirib, qurilish sohasida biror hunarni egallayman, degan yoshlar qabul qilinar, qurilish tashkiloti esa ularning taʼminotini toʻligʻicha oʻz zimmasiga olardi. Ular olti oy yoki bir yilga bormasdan yaxshi duradgor, yaxshi gʻisht teruvchi, montyor, payvandlovchi, elektrik boʻlib chiqardi. Chunki mazkur oʻquv markazlarida kechagi bakalavr emas, balki yuqori malakali ishlab chiqarish ustalari dars berar edi.

Boshqacha aytganda, asosiy muallimlar qoʻlida hunari, malakasi boʻlgan yuqori razryadli mutaxassislardan iborat edi. Tabiiyki, darslarda urgʻu, birinchi navbatda, nazariyaga emas, amaliy tajribani oʻrgatishga qaratilardi. Yakunda oʻrganuvchilarning koʻrsatkichlariga qarab toifa berilgan. Hayotda sinovdan oʻtgan mana shunday tajribalarni qayta tiklash va oʻzlashtirish esa zarar qilmaydi, deb hisoblayman.

Taʼlim va ishlab chiqarishni oʻzida mujassam etgan qurilish klasteri esa nafaqat oliy taʼlim muassasasi, balki uning tarkibidagi texnikumlar faoliyati samaradorligini oshirishda katta rol oʻynaydi. Shu asosda oʻrta boʻgʻin texnik xodimlari ham yetkazib beriladi.

Maktab esa bevosita qurilish tashkilotining qoshida boʻladi. Unda qurilish tashkiloti oʻzi uchun usta tayyorlaydi. Hozirgi kunda esa qurilish tashkilotlarining aksariyati koʻchadan, aniqroq aytganda, duch kelganni olib kelib ishlatmoqda. Oqibatda ishsiz deb hisoblangan yoshlar koʻp boʻlishiga qaramay qurilish tashkilotlari yuqori malakali ustalarga ehtiyoj sezayotgani ham bor gap.

Malakali ishchi birovga qaram boʻlmaydi

Nima uchun shunday? Nega hamon bizda ishsizlik koʻp deymiz?

Buning asosiy sabablaridan biri — oʻsha ishsiz deb hisoblangan odamlarga mehnat bozorida talabgir boʻlgan yuqori malakani berish tizimi kuchsiz, sayoz va nobopdir. Holbuki, bugungi kunda qurilish tizimining oʻzida qancha odamni band qilsa boʻladi.

Hozir bunyodkorlik ishlari ketmayotgan birorta shahar, tuman, hududning oʻzi yoʻq. Qolaversa, fuqarolarimiz samarali klaster tizimi yordamida yaxshi hunarni egallagandan keyin qaysi chet mamlakatga borsa ham, hunari bilan koʻchada qolmaydi — duch kelgan yumushni bajarmaydi. Kasbiga muvofiq yuqori toifadagi vazifalarni bajarib, yaxshi maosh oladi, birovga qaram boʻlmaydi.

Binobarin, mazkur dolzarb masalani koʻrib chiqish va unga yechim topish vaqti allaqachon yetib kelgan. Bunga esa qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik, togʻ-kon sanoati qatori qurilish industriyasida ham klaster tizimini yoʻlga qoʻyish orqali erishish mumkin. Shu asosda nafaqat mahalliy doirada raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, xorijning ilgʻor texnologiyalarini oʻrganish hamda oʻzlashtirish samaradorligi oshadi, balki ijtimoiy bandlik sifatli taʼminlanadi, jahon talablariga mos, innovatsion va uzoq muddat xalqqa xizmat qiladigan infratuzilmalar koʻpayadi. Yaʼni soha qaddini rostlab, yorqin istiqbol sari dadil kirib boradi.

Buning uchun esa yana bir bor taʼkidlash oʻrinli, dastlabki qadam sohaga ixtisoslashtirilgan oliy oʻquv yurtlarining biri negizida toʻliq davlat tasarrufidagi, namunaviy qurilish klasterini tashkil etish hisoblanadi. Mazkur qaldirgʻoch klaster esa nazariya va amaliyotni oʻzaro uygʻunlashtirgan zamonaviy qurilish madaniyatini shakllantirib, oliy texnik taʼlim turlari mazmun-mohiyatini ham tubdan yangilaydiki, toki yurtimizdagi boshqa qurilish tashkilotlari uning faoliyatidan oʻrnak olsin.

Rustam XOLMURODOV,
Samarqand davlat universiteti rektori,
senator.



Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер