Qozondagi maktabga uyushtirilgan hujumning yangi tafsilotlari maʼlum qilindi. Qurbonlar soni 11 nafarga yetdi, Prezident voqea joyiga keldi

14:58 11 May 2021 Dunyo
1722 0

Bugun, 11-may kuni ertalab Qozon shahridagi maktablardan biriga hujum uyushtirildi. Favqulodda xizmatlar xabariga koʻra, Fayzi koʻchasida joylashgan 175-sonli taʼlim muassasasiga ikki nafar qurollangan shaxs bostirib kirib, u yerdagilarni oʻqqa tutgan.

Hujumda maktab oʻquvchilari va oʻqituvchi halok boʻldi

Hujum oqibatida 11 kishi halok boʻlgan. Ular orasida 7 nafar oʻquvchisi va bir nafar oʻqituvchi bor. Yana 20 kishi jarohatlangan. “REN TV” telekanali esa otishmada 13 kishi halok boʻlgani haqida xabar tarqatdi.

Hujum boshlangan vaqtda maktab koridorlarida oʻquvchilar boʻlmagan. Chunki darslar allaqachon boshlangan edi. “RIA Novosti” xabariga koʻra, maktabdagi otishmadan keyin portlash ham sodir boʻlgan.

Hodisa guvohi boʻlgan oʻquvchilardan biri jurnalistlarga Qozon maktabidagi dastlabki oʻqlar ovozi soat 9:40 da eshitilganini, bir kishi bino ichiga qurol olib kirib oʻq otishni boshlaganini aytgan.

“Hujum paytida men sinfdoshlarim bilan birga sinfda edim. Taxminan soat 9:40 da qandaydir portlash ovozi eshitildi. Bizga jim boʻling, deyishdi. Va keyin bizni olib chiqishdi”, deydi oʻquvchi.

Tatariston Prezidenti voqea joyiga yetib keldi

Tatariston Prezidenti Rustam Minnixanov ham favqulodda vaziyat sodir boʻlgan joyga yetib keldi. Shuningdek, voqea joyiga viloyat Sogʻliqni saqlash vazirligi rahbari Marat Sodiqov ham kelgan. Vazirlik taʼkidlashicha, maktabga 21 ta tez tibbiy yordam guruhi va Respublika tabiiy ofatlar tibbiyoti markazi shifokorlari yuborilgan.

Shifokorlar, politsiya va qutqaruvchilar shoshilinch ravishda maktabga yetib kelgan. Bolalar taʼlim muassasasidan evakuatsiya qilingan.

Hujumni 19 yoshli Rossiya fuqarosi uyushtirgan

“Baza” Telegram-kanalining xabar berishicha, 19 yoshli Ilnaz G. 175-sonli maktabda otishmani uyushtirgan. U hibsga olingan. Qoʻlga olish paytida u oʻzining yashash joyiga bomba qoʻyganini aytgan. Ilnaz G. oldin 175-sonli maktabda oʻqigan, oʻqituvchilar u haqida yaxshi fikr bildirmagan. Yigit xulq-atvori va yaxshi oʻqishi bilan ajralib turmagan. Maktabdan keyin u kollejga oʻqishga kirgan.

“Life Shot” Telegram-kanalida yozilishicha, hibsga olingandan soʻng Ilnaz G. huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan suhbatda ayrim fikrlarni aytib oʻtgan. U politsiyaga hammadan nafratlanishini va hamma uning “Xudo” ekanligini bilishini istashini aytgan. Shu bilan birga, u faqat taʼlim muassasasiga hujum uyushtirganligini taʼkidlagan. Bosqinchi Internetda joylashtirilgan materiallar orqali bomba yasashni oʻrganganini bildirgan.

Maktabga hujum qilgan shaxsning sherigi boʻlgan. U bino ichida olti-yetti kishini garovga olgan. Keyinchalik maxsus kuchlar maktabning toʻrtinchi qavatida uni yoʻq qilgan.

Shuningdek, Qozon huquqni muhofaza qilish idoralari 175-maktabda otishmani uyushtirgan yigitning sherigi hibsga olinganligi haqida xabar bergan. Hibsga olinganning ismi Ramil M. boʻlib, u 41 yoshda. Biroq, Milliy aksilterror qoʻmitasi (MAQ) tushga yaqin ushbu maʼlumotni rad etdi. MAQ maʼlumotlariga koʻra, otishma bir nafar qurollangan jinoyatchi tomonidan uyushtirilgan.

Putin otishmadan keyin fuqarolar foydalanishi mumkin boʻlgan qurol turlari boʻyicha reglament ishlab chiqishga koʻrsatma berdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qozon shahridagi maktabdagi otishmadan keyin koʻrsatmalar berdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot kotibi Dmitriy Peskov maʼlum qildi.

Federal xavfsizlik xizmati direktori Aleksandr Bortnikov Rossiya rahbariga taʼlim muassasasidagi vaziyat toʻgʻrisida axborot bergan.

Axborotdan keyin Putin Milliy Gvardiya rahbari Viktor Zolotovga fuqarolar foydalanishi mumkin boʻlgan qurol turlari boʻyicha yangi reglamentni ishlab chiqishni buyurgan. Shuningdek, prezident Qozonga ikki vazirni — Sogʻliqni saqlash vazirligi rahbari Mixail Murashko va Taʼlim vazirligi rahbari Sergey Kravsovni yubordi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?