Qozogʻiston Prezidenti Tanzila Narbayevani II darajali “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirladi

Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayevani II darajali “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirladi. Bu haqda Aqorda matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, bugun, 18-avgust kuni Prezident Qasim-Jomart Toqayev Qozogʻiston Parlamenti Senati raisi Maulen Ashimbayev taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan Ostona shahrida boʻlib turgan Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayevani qabul qilgan.
Uchrashuv davomida tomonlar Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi strategik hamkorlik va ittifoqchilikning dolzarb masalalarini, shuningdek, parlamentlararo aloqalarni yanada yaxshilash yoʻllarini muhokama qilgan.
Toqayev Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati raisini qutlar ekan, uning Ostonaga tashrifi Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi strategik munosabatlarning alohida xarakterga egaligining yorqin tasdigʻi ekanini taʼkidlagan. Qozogʻiston Prezidenti, shuningdek, Narbayevaning ikki xalq oʻrtasidagi doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlashdagi shaxsiy hissasini yuksak baholagan.
“Sizning tashrifingiz mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni mustahkamlash nuqtayi nazaridan nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi. Biz birodar Oʻzbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishga birlamchi eʼtibor qaratamiz. Bu esa Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlashning juda muhim omili, deb hisoblaymiz. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar qanchalik yaxshi, yaqin va samarali boʻlsa, mintaqadagi vaziyat shunchalik osoyishta boʻladi. Sizning tashrifingizga kelsak, uni haqiqatan ham parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash nuqtayi nazaridan juda muhim, deb hisoblayman. Chunki ular davlatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarning juda muhim tarkibiy qismidir”, degan Qozogʻiston Prezidenti.
Shundan soʻng Tanzila Narbayeva koʻrsatgan mehmondoʻstligi uchun Qozogʻiston Prezidentiga minnatdorlik bildirib, unga Oʻzbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyevning salomini yetkazgan.
“Prezidentimiz Sizga samimiy salomini yoʻllab, qoʻyilgan vazifalarning muvaffaqiyatli amalga oshishiga tilak bildirdi. Erishilgan kelishuvlarning barchasi shaxsiy nazoratida ekanini taʼkidladi. Biz – Prezidentning butun jamoasi, jumladan Parlament ham ularni amalga oshirish va aniq natijalarga erishish uchun tinmay mehnat qilamiz. Oʻzingiz aytganingizdek, Oʻzbekiston va Qozogʻiston – bir-biriga eng yaqin va ishonchli hamkorlardir”, degan Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati raisi.
Qayd etilishicha, Qasim-Jomart Toqayev va Tanzila Narbayeva parlamentlararo diplomatiyani, shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qilgan. Madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilgan.
“Davlat rahbari qulay fursatdan foydalanib, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy tilaklarini yoʻlladi”, deyiladi Aqorda xabarida.
Uchrashuvda Prezident Qasim-Jomart Toqayev ikki tomonlama strategik hamkorlikni chuqurlashtirishga qoʻshgan hissasi uchun Tanzila Narbayevani II darajali “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlagan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring