Qozogʻiston bilan tibbiyot sohasida hamkorlik aloqalari yanada kengayadi
Avval xabar berganimizdek, shu kunlarda dunyoning 194 mamlakati sogʻliqni saqlash tizimi masʼullari, yetakchi xalqaro tashkilotlar, yirik korporatsiyalar va xalqaro jamgʻarmalarning vakillari Shveysariyaning Jeneva shahrida jam boʻlgan. Bu yerda oʻtkazilayotgan Jahon sogʻliqni saqlash assambleyasining 76-sessiyasida sayyoramiz aholisi salomatligini taʼminlash bilan bogʻliq qator global masalalar muhokama etilmoqda.
Ushbu tadbirdagi ishtiroki doirasida Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov boshchiligidagi delegatsiya Qozogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri Ajar Giniyat bilan muloqot oʻtkazdi.
Uchrashuvda qayd etilganidek, keyingi yillarda tibbiyot sohasi boʻyicha ikki tomonlama hamkorlik aloqalari izchil rivojlanmoqda. Xususan, 2018-yil Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili, 2019-yil esa Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili deb eʼlon qilinishi bu boradagi doʻstona munosabatlarga yangi surʼat, sifat va mazmun bagʻishladi.
Jumladan, shu munosabat bilan 2019-yilda mamlakatimizda oʻtkazilgan Qozogʻiston tibbiyoti kunlari sohadagi manfaatli aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash uchun asos boʻldi.
Ayni paytda tomonlar tibbiyot tizimini raqamlashtirish, tibbiy sugʻurta tizimini joriy qilish, sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni taʼminlash, farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish kabi qator yoʻnalishlarda yaqindan hamkorlik kelib kelmoqda.
Bundan tashqari, har yili ikki davlat tibbiyot sohasidagi oliy oʻquv yurtlari shifokorlari va talabalari uchun bir qator dasturlar amalga oshirib kelinyapti. Tajriba almashinuvlari, mahorat darslari tashkil etilmoqda.
Bu galgi muloqotda asosiy eʼtibor Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, jumladan, uning Yevropa mintaqaviy byurosi doirasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollariga qaratildi.
Taʼkidlanganidek, tashkilot tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2022-2025-yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlarida salomatlik va farovonlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “Yoʻl xaritasi” mintaqamizda sogʻliqni saqlash sohasi boʻyicha olib borilayotgan saʼy-harakatlarni birlashtirishga qaratilgan.
Xususan, mazkur hujjat Markaziy Osiyoda iqlim inqirozi, COVID-19 pandemiyasi asoratlari hamda sogʻliqni tizimi bilan bogʻliq muammolarni bartaraf etish, onalar va bolalar salomatligi koʻrsatkichlarini yanada yaxshilash, noinfeksion kasalliklarning oldini olishga doir qator muhim chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgani bilan ahamiyatlidir.
Qolaversa, mazkur ezgu tashabbus mintaqa aholisi salomatligi va farovonligi darajasini yuksaltirish uchun sarmoya va boshqa zarur resurslarni jalb qilish imkonini beradi.
Uchrashuvda ushbu “Yoʻl xaritasi”da belgilangan ustuvor maqsad va vazifalar ijrosini jadallashtirish masalasi koʻrib chiqildi. Shuningdek, sogʻliqni saqlash sohasidagi oʻzaro hamkorlikni yanada kengaytirish, birgalikda ilmiy-amaliy konferensiyalar, forumlar, seminar va koʻrgazmalar tashkil etishga kelishildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring