Qozogʻiston bilan strategik sheriklik va ittifoqchilikni yanada mustahkamlashga qaratilgan salmoqli kelishuvlar toʻplami imzolandi

13:23 15 Noyabr 2025 Siyosat
129 0

Samarali muzokaralar yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Qoʻshma bayonot imzoladilar.

Shuningdek, davlat rahbarlari Oliy Davlatlararo kengashning geologiya, nodir yer metallarini qazib olish, transchegaraviy daryolar oqimini prognoz qilish boʻyicha ikki tomonlama ishchi guruhlarni tuzish hamda Oʻzbekiston va Qozogʻiston hududlari rahbarlarining kengashini tuzish toʻgʻrisidagi qarorlarni qabul qildilar.

Tashrif davomida yana bir qator hujjatlar imzolandi, jumladan:

– Transchegaraviy suv obyektlarini birgalikda boshqarish va ulardan oqilona foydalanish toʻgʻrisidagi bitim;

– Bojxona xizmati vakolatxonalarini ochish toʻgʻrisidagi bitim;

– Chegaraoldi hududlarda yerusti radio xizmatlari tomonidan fuqarolik maqsadlarida foydalaniladigan radiochastotalarni oʻzlashtirishni muvofiqlashtirish toʻgʻrisidagi bitim;

– Qoʻshma harbiy oʻquvlarni oʻtkazish toʻgʻrisidagi bitim;

– Qoʻshma investitsiya platformasini yaratish toʻgʻrisidagi hadli bitim;

– 2026-2027-yillarga moʻljallangan turizm sohasida hamkorlik boʻyicha qoʻshma harakatlar rejasi;

– Adliya vazirliklari oʻrtasida 2025-2026-yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi;

– Togʻ-kon sanoatida hamkorlikni rivojlantirish toʻgʻrisidagi memorandum;

– Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi va “Assambleya jastari” jamoat birlashmasi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum;

– Sogʻliqni saqlash vazirliklari oʻrtasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish sohasida oʻzaro anglashuv memorandumi;

– Tibbiy sugʻurta jamgʻarmalari oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi;

– Toshkent shahar hokimligi va Ostona shahar hokimligi oʻrtasida hamkorlik bitimi;

– “Oʻzbekneftgaz” va “Kazmunaygaz” aksiyadorlik jamiyatlari oʻrtasida hamkorlik bitimi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?