“Qovun tushirgan” Bayden, Eronda saylov va Isroil tahdidi (+video)
Assalomu alaykum, xalqaro maydonda yuz berayotgan voqea va hodisalarning qisqacha sharhi “Xalq soʻzi” va “Народное слово” gazetalarining tahliliy-informatsion dasturida
Isroil Livanni “tosh davri”ga qaytarish bilan tahdid qildi
Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant Vashingtonda jurnalistlar bilan boʻlgan uchrashuvda Livanga katta zarar yetkazishi mumkinligidan ogohlantirdi.
“Biz urushni xohlamaymiz, lekin har bir ssenariyga tayyorlanyapmiz. «Hizbulloh” agar urush boshlansa, Livanga katta zarar yetkazishimiz mumkinligini juda yaxshi tushunadi. Isroil Livanni tosh davriga qaytarishga qodir, lekin biz buni xohlamaymiz», degan Gallant.
Bosh vazir Benyamin Netanyahu Livan bilan chegarada keskin operatsiyaga tayyorlanayotganini maʼlum qilib kelmoqda. Oʻz navbatida “Hizbulloh” rahbari Hasan Nasrulloh ham agar Isroil keng koʻlamli urush boshlasa, hech qanday cheklovlarga qarab oʻtirmasligini taʼkidlagan.
Amerika Qoʻshma Shtatlari Mudofaa vaziri Lloyd Ostin seshanba kuni Gallantga “Hizbulloh” bilan urush Yaqin Sharq uchun dahshatli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini aytib, diplomatik yechim topishga chaqirdi.
“Jo, sen bizning mamlakatimizni oʻldirding” — Tramp va Bayden debati qanday oʻtdi?
Qoʻshma Shtatlarning amaldagi va sobiq prezidenti Jo Bayden hamda Donald Tramp oʻrtasida saylovoldi teledebatlar boʻlib oʻtdi.
Bir yarim soatlik suhbat boshlanishidan oldin Demokrat Bayden va Respublikachi Tramp qoʻl berib koʻrishishdan bosh tortishgan. Muhokama qilingan asosiy mavzulardan biri Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin siyosati haqida boʻlgan. Tramp Putinning Ukrainadagi urushini tugatish boʻyicha qabul qilib boʻlmaydigan shartlar eʼlon qilganini maʼlum qildi “Lenta.ru” nashri. Sobiq prezidentning fikricha, Kreml Ukrainaning butun hududini bosib olishga qodir va Rossiya Tramp davrida hech qanday harbiy operatsiyalar boshlamagan.
Bayden Moskvaning Ukrainadagi yurishidan soʻng Belarusga tahdid qilishiga ishonch bildirgan.
“Moskva Ukrainadan keyin ham toʻxtamaydi. Polsha bilan nima boʻladi? Belorussiyaga nima boʻlyapti? Sizningcha, NATO mamlakatlari bilan nima sodir boʻladi? Vladimir Putin Sovet imperiyasining qismlarini qayta tiklamoqchi”, — degan Bayden.
Jami hisob-kitoblarga koʻra, ikkala nomzod ham Rossiya rahbarining ismini yetti marta tilga olgan.
Siyosatchilar bahsi 20 daqiqa shaxsiy haqoratsiz oʻtgan, xolos. 81 yoshli Bayden 78 yoshli Trampni bir necha bor “magʻlub” deb atagan. Sobiq prezident buning uchun kechirim soʻrashga undagan boʻlsada Bayden buni rad etgan.
Oʻz navbatida Tramp ham Baydenni “jinoyatchi” deb atadi. Uning fikricha, amaldagi rahbar prezidentlikdan ketishi bilan sudga tortilishi kerak. Bundan tashqari u Bayden oʻgʻlining sudlanish jarayonini eslatgan.
Donald Tramp Jo Baydenning muzokara vaqtidagi nutqiga eʼtibor qaratar ekan, immigratsiya haqidagi soʻzlarini toʻlaligicha ifodalab bera olmaganini qoʻshimcha qilgan.
“Rostini aytsam u gapining oxirida nima deganini bilmayman. Menimcha, uning oʻzi ham nima deganini bilmaydi”, — dedi sobiq prezident.
Siyosatchilar debat davomida bir-birlarining ismini aytmaslikni afzal koʻrgan. Faqatgina bir marta Tramp Baydenga “Jo, sen bizning mamlakatimizni oʻldirding” degan.
AQSH Demokratik partiyasi vakillari prezident Jo Bayden uchun muvaffaqiyatsiz debatlardan soʻng uning nomzodini almashtirish masalasini muhokama qila boshlagan.
“Demokratlar prezident Jo Baydenning omadsiz chiqishidan soʻng shunchalik vahimaga tushdiki, baʼzilar bir paytlar gapirib boʻlmaydigan narsani: uni almashtirish haqida faol bahslashmoqda”, deyiladi “Politico” nashrida.
Eronda saylov boshlandi
May oyida Eron prezidenti Ibrohim Raisiy aviahalokatda vafot etganidan soʻng oʻtkazilayotgan prezidentlik saylovlari bugun ertalab boshlandi.
Qayd etilishicha, konstitutsiyaning 131-moddasiga koʻra, prezident vafot etgan yoki mehnatga layoqatsiz deb eʼlon qilingach, uning vazifalari birinchi vitse-prezidentga oʻtkaziladi. Shundan soʻng 50 kun ichida saylov amalga oshirilishi kerak. Shu sababli ham hozirda davlat rahbari lavozimini vitse-prezident Muhammad Moxber egallab turibdi.
Prezidentlik uchun kurashda sobiq ichki ishlar vaziri Mustafo Purmuhammadiy, Eron oliy rahbarining Milliy xavfsizlik oliy kengashidagi vakili Said Jaliliy, parlamentning amaldagi spikeri Muhammad Bagʻyer Gʻolibaf va sobiq sogʻliqni saqlash va tibbiyot taʼlimi vaziri Masud Pezeshkiyan ishtirok etmoqda.
Ovoz berishning birinchi natijalari 29-iyun kuni tushdan oldin eʼlon qilinadi.
Ukraina urush choʻzilishini istamaydi
“Ukraina «urushni choʻzish”ni istamayapti, ittifoqchilar bilan birgalikda ishlab chiqilayotgan tinchlik rejasi bir necha oy ichida tayyor boʻlishi kerak», degan Zelenskiy Bryusseldagi konferensiyada.
“Bizning vaqtimiz koʻp emas, bizda jang va tinch aholi orasida yaralanganlar va halok boʻlganlar koʻp. Shu sababli urush yillar davomida davom etishini xohlamaymiz”, degan Ukraina rahbari.
Aytilishicha, ikkinchi tinchlik yigʻilishi 2024-yil oxirigacha oʻtkaziladi va unga Rossiya ham taklif etiladi.
Isroil va “Hizbulloh” munosabati taranglashuvi fonida AQSH Oʻrta yer dengizi sharqiga harbiy kema joʻnatdi
AQSH Livanning janubiy chegarasida vaziyat keskinlashayotgan bir paytda Isroil va Livanning “Hizbulloh” harakati oʻrtasidagi ziddiyatni toʻxtatish uchun Oʻrta yer dengizi sharqiy qismiga amfibiya hujum kemasini joʻnatgan. Bu haqda “ABC News” telekanali uch amerikalik rasmiyga tayanib xabar tarqatdi.
Avvalroq, “ABC News” manbalarga tayanib, AQSH Qurolli kuchlari Isroil va “Hizbulloh” oʻrtasidagi qarama-qarshilik kuchaygan taqdirda oʻz fuqarolarini evakuatsiya qilish uchun oʻz kuchlarini Livan va Isroilga yaqinlashtirayotgani haqida xabar bergan edi.
Rasmiylarning telekanalga maʼlum qilishicha, bortida 2200 dengiz piyodasi boʻlgan kemaning Oʻrta yer dengizi sharqiy qismiga tranziti AQSH Amerika fuqarolarini Livandan olib chiqishni rejalashtirayotganidan dalolat bermaydi. Ularga koʻra, bu jilovlash maqsadida amalga oshirilmoqda. Yaʼni bu HAMAS va Isroil oʻrtasidagi urush kengroq mintaqaviy mojaroga aylanib ketishining oldini olishga qaratilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring