“Qovun sayli” festivali gʻolib va sovrindorlari taqdirlandi

16:48 14 Avgust 2023 Jamiyat
622 0

Foto: Xalq soʻzi

Qadimiy va navqiron Xiva shahri har yili ayni pishiqchilik mavsumida oʻtkaziladigan “Qovun sayli” festivaliga mezbonlik qildi.

Festival davlatimiz rahbarining 2023-yil 26-apreldagi “Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qaroriga muvofiq oʻtkazildi.

Foto: Xalq soʻzi

Respublika Madaniyat vazirligi, Turizm qoʻmitasi hamda Xorazm viloyati hokimligi hamkorligida oʻtkazilgan ushbu festivalni oʻtkazishdan maqsad Xorazmning agroturizm salohiyati, qadimiy polizchilik tajribasi, xususan, qovun-tarvuz va bogʻdorchilik mahsulotlarining noyob tur va navlarini keng targʻib etishdan iborat. Sayilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlaring barcha shahar va tumanlari oʻzlariga ajratilgan pavilyonlarni bayramona bezatib, oʻz hududlarida yetishtirilgan shirin-shakar qovunlarning koʻrgazma savdosini tashkil qildilar.

— Maʼlumki, Xorazm vohasi azaldan tilimi tilni yoradigan qovunlari bilan dunyoga mashhur, — deydi sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy tadqiqot institutining Gurlan tumanidagi ilmiy tajriba stansiyasi rahbari Sanʼat Talantarov. — Tarixchilarning yozib qoldirishicha, bu zaminda yetishtirilgan qovunlar muz bilan oʻralgan qoʻrgʻoshin qoliplarda savdo karvonlari orqali dunyoning turli davlatlariga eksport qilingan. Manbalarda Xorazmda qovunning 400 dan ziyod navlari yetishtirilgani haqida maʼlumotlar bor.

Foto: Xalq soʻzi

Dehqonlar va amaliyotchi olimlar olib borgan izlanishlar natijasida soʻnggi yillarda viloyatda oʻrta pishar Koʻk gurvak”, “Oq novvot”, “Ichi qizil”, “Kichkintoy”, “Shakarpalak”, “Beshak”, “Chorjoʻy gulobi” kabi qadimiy navlar qayta tiklandi. Seleksioner olimlar tomonidan hosildorligi yuqori boʻlgan, noqulay ob-havo sharoitlari, ayniqsa, oqpalak kasalligiga chidamli, eksportbop “Gurlan”, “Amudaryo”, “Gulobi Xorazmi”, “Saxovat”, “Zargulobi” navlari yaratildi. Ayni kunlarda ilmiy tajriba stansiyasida qovun urugʻlarining 127 xil namunasi ekilib, genofond sifatida saqlanmoqda.

— Mashhur arab sayyohi Ibn Battuta, venger olimi Herman Vamberi oʻz asarlarida Xorazm qovunlarining mazasiga juda ajoyib taʼrif berishgan, — deydi Urganch davlat universitetida tashkil qilingan qovunchilik markazi rahbari Sanjar Saʼdullayev. — Demak, Xorazm qovunlari, ayniqsa, gurvak oʻsha vaqtlardayoq, hozirgi til bilan aytganda “Xorazm brendi”ga aylanib ulgurgan. Prezidentimizning tashabbusi bilan Xorazm qovunchilik maktabi dovrugʻini qayta tiklash, voha tuproq iqlim sharoitiga mos, eksportbop navlarini koʻpaytirish maqsadida Urganch davlat universiteti qoshida qovunchilik markazi tashkil etildi va polizchilik yoʻnalishida mutaxassislar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. Bugungi kunda qovunni issiqxona xamda ochiq dalalarda yetishtirish boʻyicha ilmiy klaster loyihasini tashkil qilish ustida ish olib borilyapti.

Foto: Xalq soʻzi

Festival davomida konsert dasturlari, tasviriy va amaliy sanʼat asarlari namoyishi, hunarmandchilik mahsulotlari va milliy liboslar koʻrgazmalari, dorboz oʻyinlari, teatrlashtirilgan sahna koʻrinishlari va qoʻgʻirchoq teatri tomoshalari, milliy taomlar va Xorazm nonlarini tayyorlash boʻyicha mahorat darslari, badiiy jamoalar va folklor guruhlarining jonli ijrodagi chiqishlari hamda boshqa madaniy tadbirlar boʻlib oʻtdi.

Festival gʻoliblarini taqdirlash marosimida Xorazm viloyati hokimi Joʻrabek Raximov, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov qatnashib, respublikamizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan ishtirokchilarga, chet ellik mehmonlarga minnatdorchilik bildirishdi.

Foto: Xalq soʻzi

Hakamlar hayʼati qaroriga koʻra, Xiva shahri festivalning oliy oʻrin sohibi deb topilib “Jentra” rusumli yengil avtomashina bilan taqdirlandi. Qoʻshkoʻpir tumani 1-oʻringa munosib koʻrilib “Neksiya-3», 2-oʻrinni egallagan Toshkent viloyati “Spark” hamda 3-oʻrin sohibi Yangibozor tumani “Damas” avtomobili bilan mukofotlandi. Shuningdek, qator nominatsiyalar gʻoliblari ham viloyat hokimligining qimmatbaho sovgʻalariga ega boʻldilar.

Festivalning yopilish marosimida Ozarbayjondan va poytaxtimizdan tashrif buyurgan taniqli sanʼat yulduzlari ishtirokidagi katta gala-konsert sayil qatnashchilariga bayramona kayfiyat ulashdi.

Odilbek ODAMBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер