Qotillikning ildizi qayerda?
Saminjon HUSANOV. / “Xalq soʻzi”. Andijon viloyatida sodir etilgan ikki qotillik keng jamoatchilikning eʼtiborini tortibgina qolmasdan, qalblarni larzaga soldi.
Xoʻjaobod tumanida yashovchi fuqaro mast holda turmush oʻrtogʻiga pichoq oʻqtaldi. Yakunda esa ish yuzasidan vaziyatga aralashgan hudud profilaktika inspektorini pichoqlab qoʻydi. Ikkinchi holatda esa Andijon shahrida yashovchi erkak turmush oʻrtogʻining umriga zomin boʻldi. Boisi, ayol maktabda farroshlik qilar, er esa uning ishlashiga qarshi edi. Roʻzgʻordagi yetishmovchilik er-xotin oʻrtasidagi ziddiyatga sabab boʻldi.
Har ikkala fojiani tahlil qiladigan boʻlsak, fikrlar bir joyda toʻqnashadi: oila ichidagi muammolarning yechimsiz qolishi. Er-xotin oʻrtasidagi tushunmovchilik, feʼllar bir-biriga mos kelmasligi, ichkilik, ishsizlik, turmush bosimi, muloqotning yoʻqligi — bularning barchasi, garchi oiladagi oʻzaro muammo, tashvishga oʻxshaydiyu, lekin natijasi jamiyatga soya solmoqda.
– Biz bor tajribamizni ishga solib, farzandlarimizga nafaqat, taʼlim, balki tarbiya ham beryapmiz, —deydi andijonlik oʻqituvchi Fotimaxon Fayziyeva. —Biroq, baʼzi oilalardagi muhit yigit-qizlarning ruhiyatiga salbiy taʼsir qilmoqda. Oilada muhabbat, oʻzaro hurmat boʻlmasa, oʻsha farzand qanday qilib hayotga tayyorlanadi? Biz kattalar avval oʻzimizni tarbiya qilishimiz kerak.
Andijon shahrida yashovchi ruhshunos Gulbahor Ibodullayeva esa oʻz faoliyati davomida bu kabi holatlarga koʻp duch kelayotganini aytadi:
– Oilaviy mojarolar haqida fikr yuritar ekanmiz, har doim ayol sukut saqlashi, erdan bir pogʻona pastda turishi kerakligini uqtiramiz. Biroq, bugungi kunda bu har doim ham ijobiy natija bermayapti. Ayolning sukut saqlashi, er oʻzini haq deb bilishi fojianing boshlanishiga olib kelmoqda. Sukunat tushkunlik belgisi boʻlmasligi kerak, u erga nisbatan hurmat ifodasi boʻlsagina natijasi samara beradi. Biz oilalarga oʻzaro tinglashni, tushunishni, hamdard boʻlishni oʻrgatishimiz kerak. Ayolning mehnati nafaqat zarurat, balki oilani saqlab qolish uchun qilingan kurash, deb qabul qilishimiz darkor. Bunday paytda uni qoʻllab-quvvatlash lozim.
Toʻgʻri, mutaxassis sifatida voqeaga baho berish birmuncha osonroq. Biroq, ana shu muhitda yashash qiyin. Shuning uchun aybdorni izlagandan koʻra sabablarni tahlil qilgan afzalroq.
Ikkala fojia ham bizdan savol soʻrayapti: xoʻsh, biz oilaviy munosabatlarga qay darajada eʼtibor qaratyapmiz? Oilalarning mustahkamligi faqat nikoh yoki qon-qardoshlik bilan emas, balki munosabatlar madaniyati bilan belgilanishi kerak emasmi? Bu kabi holatlarning oldini olish uchun nima qilish kerak?
Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, bugungi kunga kelib mahallada oilalar bilan ishlaydigan maxsus psixologik maslahat guruhlari faoliyatini shakllantirish kerak. Bunda nuroniylar, otinoyilar tajribasidan foydalanish mumkin. Mojarolar sudga yetib bormasdan, shaxsiy maslahat orqali hal qilinishini darkor. Ichkilikbozlikka qarshi mahalliy kengashlar va imom-xatiblar orqali qatʼiy targʻibot olib borilishi zarur. Oilalarda ayollar mehnatiga boʻlgan munosabatni oʻzgartirish shart.
Har qanday jinoyatni jazo emas, uning oldini olish hal qiladi. Har bir erkak va ayol oila qurishni nafaqat baxt, balki masʼuliyat deb bilishi kerak. Farzandlar tarbiyasida nafaqat gap, balki feʼl-atvor, muhit va sevgi muhim. Qotillik — oxirgi nuqta. Lekin unutish kerak emas: uning boshlanishi har kuni bir-birimizni tushunmasligimizdan, notoʻgʻri munosabatimizdan kelib chiqadi. Maqsad aybdor qidirishdangina iborat boʻlib qolmasligi kerak.
Muhimi, undan saboq chiqarishimiz kerak. Agar saboq olmasak, yana qaysidir xonadonda ertangi kun fojiasi uchun sharoit yaratib bergan boʻlamiz, shunday emasmi? Xulosa esa sizdan aziz zamondosh!
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- Isroil zarbalari oqibatida Gʻazoda 90 dan ortiq kishi halok boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring