Qotillik bilan tugagan toʻyona mojarosi

13:22 16 Noyabr 2022 Jamiyat
850 0

Foto: Illustrativ surat

Toʻy qilib yurtga osh berish azaliy qadriyatlarimizdan. Biroq kishiga xursandchilik bagʻishlaydigan bu marosimning isrofgarchilik va ortiqcha oldi-berdilar harakatiga aylanib borayotgani gʻoyatda taassuflidir. Hoyu havasning ketidan quvish baʼzan dilxiraliklar, hatto oilalarning parokanda boʻlishiga olib kelayotgani ham haqiqat. Namangan viloyati Pop tumanida sodir etilgan mudhish jinoyat esa toʻyona qilingan gilam mojarosidan kelib chiqdi.

Poplik Baxtiyor Qodirov (ism-shariflar oʻzgartirilgan) bundan oʻn yil avval opasi Salima Qodirova oʻgʻlining toʻyiga toʻyona sifatida kattagina gilam olib borgan edi. Bu yil qishda Baxtiyor ham oʻgʻli Javlonni uylantiradigan boʻldi. Albatta, opa jiyanining toʻyiga quruq kelarmidi?! Biroq pochchasi Akmal Esonov koʻtarib kelgan chogʻroq gilamdan toʻyboshining koʻngli toʻlmay biroz gʻashi keldi. Ichiga tugib qoʻygan ekan chogʻi, oradan bir hafta oʻtmay “Sizlar mening toʻyimga kichik gilam olib keldingiz, men katta va qimmatidan bergan edim”, deb ichib olganicha opasining uyiga janjal koʻtarib bordi. U yerda pochchasi bilan boshlagan janjali mushtlashishgacha borib yetadi. Buni koʻrgan Akmal Esonovning oʻgʻli togʻasini doʻpposlab uyiga joʻnatib yuboradi. Shu bilan ikki oila oʻrtasida kelishmovchilik ildiz otadi.

Otasini oʻz jiyani kaltaklaganini eshitgan Javlon Yoʻldoshev ukasi va otasini olib, qassobchilikda foydalaniladigan bolta bilan ammasining uyiga yetib boradi. Darvoza eshigini qoʻlidagi bolta bilan bir necha bor urib, jiyani Shavkatni chaqiradi. Baqir-chaqir va toʻpolondan xabar topgan qoʻshnilar Javlonni tinchlantirishga urinib, uning qoʻlidagi boltani olib qoʻyishadi. Oʻzini esa mashinaga oʻtirgizib, uyiga joʻnatib yuborishga harakat qiladilar. Jahl chiqqanda aql qochadida... Fikru xayolini oʻch olish qamragan Javlon mashina salonidagi osh pichoqni olib, Shavkat bilan yana janjallashni davom ettirdi. Oxir-oqibatda esa oʻz jiyanining koʻksiga ikki marta pichoq uradi. Jabrlanuvchi Shavkat Esonov olgan tan jarohati sababli voqea joyida vafot etadi.

— Sud mazkur jinoyatning barcha tafsilotlarini oʻrganib, guvohlar fikrini tinglagach oʻz qarorini chiqardi, — deydi Namangan viloyat sudi sudyasi Ilyosjon Usmonov. — Unga koʻra, Javlon Yoʻldoshev Jinoyat kodeksining bir necha moddalari bilan ayblanib, umrining 16 yilini panjara ortida oʻtkazadigan boʻldi.

Aslida arzimagan toʻyona sabab yosh bir yigit juvonmarg boʻldi. Yana bir yigit umrining eng kuch-quvvatga toʻlgan yillarini qamoqda oʻtkazadi. Opa-uka, qarindosh-urugʻlar oʻrtasiga tushgan “muzlik”chi? Yillar oʻtib erirmikan? Bu endi vaqtning hukmiga havola.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?