Qoʻshtirnoqdan ehtiyot boʻling!

Illyustrativ foto
Ijtimoiy tarmoqlarda ayrimlar til qoidalarini buzib boʻlsada, oʻquvchilarning eʼtiborini tortish uchun turli “yangilik”lardan foydalanmoqda. Kimdir koʻchaning chapani tilini “adabiy til” ga aylantirib olgan boʻlsa, boshqasi shevani. Yana birov oʻrinsiz holda va urgʻu berish maqsadida baʼzi soʻzlarni bosh harflarda bitmoqda. Yana qaysidir axborot ulashuvchilar vahimali ruknlarga zoʻr bermoqda, masalan, “DAHSHAT”.
Shu oʻrinda mulohaza. Hayotda, oʻzaro soʻzlashuvda har qanday noxush xabar ham odatda vazminlik bilan yetkaziladi, “Eshitdingizmi?” “Xabaringiz bormi?” kabi talqinda va natijada axborotni qabul qiluvchini birdaniga vahima bosmaydi, yurak-qon tomirmi, asab bilan bogʻliqmi, qoʻrquv yoki hayajon tufayli xavfli tus oladigan nimadir dardi boʻlsa, u qadar taʼsirlanmaydi. Demoqchimizki, xabarni uzatishda oʻquvchilar auditoriyasining ruhiyatini ham oʻylash kerak. Deylik, “ YTH oqibatida 2 kishi halok boʻldi”. Oʻz-oʻzidan maʼlumki, shu sarlavhaning oʻzi fojeani yaqqol anglatyapti. Unga yana “Dahshat” deb urgʻu berish shartmikan?! Qolaversa, ushbu noxush voqeada halok boʻlganlarning chuqur qaygʻuda qolgan yaqinlarini ham eʼtiborga olish lozim. Xalq tilida aytganda, yara qalblarga tuz sepmagan maʼqul.
Endi yana bir nozik jihat, qoʻshtirnoq belgisini qoʻllash haqida. Koʻp elementli ushbu chegaralovchi belgi bir necha holatlarda ishlatiladi. Shulardan biri piching, kesatiq, kinoyani anglatishda. Masalan, shu matndagi “yangilik” soʻzining qoʻshtirnoqqa olinishida kinoya bor. Lekin maʼnoga urgʻu berish uchun, deylik, dono soʻzini qoʻshtirnoqqa qamasak, nima boʻladi? Albatta, “nodon” soʻzi tushuniladi. Erkak soʻzini “erkak” shaklida yozsak, “erkak emas” maʼnosi kelib chiqadi-ku. Xullas, bu ajabtovur lugʻatni yana davom ettirish mumkin.
Muddao shuki, bitta tinish belgisi, jumladan, vergul gapni aslidan butunlay boshqa maʼnoga, hattoki ijobiydan salbiyga aylantirib yuborganidek, oʻz oʻrnida toʻgʻri qoʻllanilmasa, qoʻshtirnoq ham ayni holatni yuzaga keltirishi va bu xato inson shaʼni bilan bogʻliq boʻlsa, qaysidir koʻngilni ogʻritib qoʻyishi mumkin.
Shunday ekan, til qoidalariga rioya qilaylik, xususun, qoʻshtirnoqni ishlatish tartiblariga ham.
Ahmadali ShERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
- “100 milliondan ortiq gullar, modalar haftaligi hamda turfa taomlar taqdimoti”: Namanganda oʻtkazilayotgan 64-Xalqaro gullar festivalidan video va fotoreportaj
- Oʻzbekiston tarixida ilk bor mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan milliy terma jamoamiz Toshkentga qaytib keldi — Fotoreportaj
- Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil–Eron mojarosi yuzasidan bayonot berdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring