“Qoʻshkoʻprik” va “Uchkoʻprik”da suv bilan taʼminlanganlik darajasi 100 foizga yetkaziladi

16:37 12 Avgust 2024 Jamiyat
251 0

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Andijon viloyatida hududlarni suvlashtirish, aholiga toza ichimlik suvi yetkazib berish borasidagi ishlar yanada jadallashgan. Jumladan, Oltinkoʻl tumanidagi “Qoʻshkoʻprik” mahallasida 1 ta yangi suv qudugʻini oʻrnatish va 3,1 km masofaga quvur tortish ishlari olib borilmoqda.

— Ushbu manzilda uchta suv qudugʻi mavjud boʻlsada, suvlashganlik darajasi 70 foizni tashkil etgan edi, — deydi “Andijon suv taʼminoti” AJ bosh muhandisi Xumoyun Alimov. — Bunga mahalla hududining kengayishi va aholi sonining ortishi sabab boʻlmoqda. Hozirda mavjud 5 ta koʻchadagi har bir xonadonga suv joʻmraklarini olib kirish orqali 5200 nafar aholining toza ichimlik suvi taʼminoti bilan bogʻliq muammolari ijobiy yechim topmoqda.

Ana shunday bunyodkorlik ishlari Ulugʻnor tumanidagi “Uchkoʻprik” mahallasida ham davom etmoqda. Bu yerda “Sapfir sadaf” MCHJ tomonidan 9,4 km masofaga quvur tortish, 2 ta mavjud suv qudugʻini taʼmirlash, 1 tadan yangi suv qudugʻi va inshootini oʻrnatish ishlari olib borilmoqda.

— Ichimlik suvi taʼminotida kamchiliklar bor edi, — deydi mahalla faoli Rahmatillo Toshpoʻlatov. — 1990-yilda hududimizga yangi suv qudugʻi oʻrnatildi. Oradan oʻtgan vaqt mobaynida ichimlik suviga boʻlgan talab ortdi. Natijada suvni maʼlum masofadan tashib kelishga toʻgʻri keldi. Bugun mahallamizdagi qurilish ishlari tashvishlarimizga barham bermoqda. Quvonarlisi, suv joʻmraklari har bir xonadonga suv hisoblash uskunasi bilan oʻrnatib berilmoqda. Dastlabki hisob-kitobga koʻra, suv hisoblash uskunasi oʻrnatilgach, isteʼmolchilarning foydalanilgan toza ichimlik suvi uchun toʻlovi 5 barobarga iqtisod qilinmoqda.

Har ikkala mahallada olib borilayotgan suv bunyodkorligi ishlari respublikamiz mustaqilligining 33-yillik bayrami arafasida toʻliq foydalanishga topshiriladi. Natijada hududlarni suv bilan taxminlash 100 foizga yetadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?